Avtomobil modellarida o‘tkazilgan tajriba bir-biri bilan signal almashuvchi, boshqacha aytganda, “gaplasha oluvchi” mashinalar yo‘lda tirbandlikni 35 foizgacha kamaytirishini ko‘rsatdi.

Kembrij universiteti tadqiqotchilari 16 ta mustaqil boshqariluvchi avtomobilning ikki bo‘lakli yo‘ldagi harakatini o‘rganishgan. Harakat jarayonida bitta avtomobil yo‘l o‘rtasida to‘xtab qolganda boshqa avtomobillar o‘zini qanday tutishi kuzatilgan. Avtomobillarning o‘zaro axborot almashinuvi yoqilmagan paytda tirbandlik paydo bo‘lgan.

Ammo axborot almashinuvi yoqib qo‘yilganda avtomobillar kerakli joyda sekinlagan yoki tezlikni oshirgan yoki bir-biriga yo‘l bera boshlagan.

Model mashinalar Wi-Fi orqali o‘zaro aloqa qilgan.

Mashinalardan bittasini odam pult orqali tartibsiz boshqara boshlaganda ham boshqa mashinalar unga turtinib ketishdan qochishga harakat qilgan.

Tadqiqotchilardan biri Kembrij talabasi Maykl Hening aytishicha, “o‘zini o‘zi boshqaruvchi mashinalar shaharlardagi yo‘l harakatida turli muammolarni hal qilishi mumkin. Faqat ular o‘zaro aloqa qilishi kerak”.

Bu tadqiqot nimasi bilan muhim?

Bu avtomobillarni shunchaki haydovchisiz mashinalar bilan aynanlashtirmaslik kerak. Ular nafaqat o‘zini-o‘zi boshqaradi, balki bir-biri bilan aloqaga kirishib, qanday tezlikda ketayotgani, sekinlashadimi-tezlashadimi, xabar uzatadi. Natijada boshqa mashinalar ham shunga muvofiq harakat qiladi. Masofa saqlash kabi muammolar bo‘lmaydi. Avtomobil sensorlari, shuningdek, yo‘ldagi svetoforlarning yonib-o‘chishi haqida ham ma’lumot oladi, bu esa inson omili sababli vujudga keladigan avariyalarning oldini olishi mumkin.

Mashinalarni algoritm boshqaradi. Agar mashina bir polosadan ikkinchisiga o‘tmoqchi bo‘lsa, sensorlar avval yon-atrofdagi mashinalar, ularning tezligi haqida ma’lumot oladi. Algoritm esa mashina polosani o‘zgartirishi mumkin yoki mumkinmasligini hal qiladi. Bu esa xavfli burilishlar, kesib chiqishlarning oldini oladi.

Yana bir ahamiyatli tomoni mashina avtomatik tarzda boshqarilganda uning sensorlari boshqa avtomobillarniki bilan bir xil ishlaydi. Avtomobil egasining boy yoki kambag‘alligining farqi qolmaydi.

Bu tizimning muammoli jihatlari nimada?

O‘zaro bog‘langan haydovchisiz mashinalar samarali harakatlanishi uchun shaharlardagi aksar mashinalar shunday bo‘lishi kerak. Avtomobil ishlab chiqaruvchi barcha kompaniyalar o‘z mahsulotlarining axborot almashuvchi dasturiy ta’minotlarini standartlashtirishlari kerak bo‘ladi. O‘zaro muvofiq kelmaydigan aloqa tizimiga ega avtomobillar bir-birini tushunmaydi. Boshqaruv izdan chiqishi mumkin.

Avtomobillardan birining aloqa tizimi ishdan chiqishi muammolarga sabab bo‘lishi mumkin. Ammo tadqiqotda ko‘rsatilganidek, boshqa avtomobillar betartib harakatlanayotgan mashinadan chetlashishni boshlaydi. Bu “bebosh” mashina zararini kamaytirsa-da, to‘qnashuv xavfini butunlay yo‘qotmaydi. Ammo inson boshqaruvchi avtomobillarda har bir inson “bebosh” haydovchi bo‘lish ehtimolini hisobga olsak, bu unchalik jiddiy muammo bo‘lmasligi mumkin.