Moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isoqov «Amerika ovozi» muxbiri bilan suhbatda byudjetdagi shaffoflik xususida gapirgan.

«Moliya vazirligi oshkoralik uchun katta qadamlar qo‘ymoqda. Masalan, bizda byudjetning shaffofligi to‘g‘risida ishlar olib borilayapti. 2018-yili o‘zbek va rus tillarida “Fuqarolar uchun byudjet” degan katta qo‘llanma chiqdi. Unda fuqarolarga byudjet nima ekani, pul qayerdan kelib qayerga ketayotgani sodda tilda tushuntirib berilgan. Rejamiz shuki, byudjetga kelayotgan va byudjetdan ketayotgan pulni ochiqdan-ochiq ko‘rish imkoniyati paydo bo‘ladi. Masalan, uyda o‘tirib onlayn ravishda mahallamizdagi maktabga qancha pul ketayotgani yoki shifoxonaga qancha pul sarflanayotgani, biz to‘layotgan pullar qayerga ishlatilayotganini ochiq ko‘rish mumkin bo‘ladi», – degan vazir o‘rinbosari.

Odilbek Isoqov 28 yil davomida hukumat xalqaro reytinglar yoki boshqa ko‘plab xalqaro indekslarga e’tibor bermaganini ta’kidlaydi.

«Mirziyoyev ochiqlik siyosatini yuritayapti. Shu ochiqlik tufayli ancha yillardan beri bizni tanqid qilib kelgan tashkilotlarning fikrlari ham eshitilayapti. Bu pragmatik siyosat. Ya’ni respublikaga investitsiyalarni jalb qilish uchun investorlar nimalarga qarashiga ahamiyat beriladi. Siyosiy va huquqiy reytinglar iqtisodiy reytinglarning asosini tashkil qiladi», – degan Isoqov.

Vazir o‘rinbosariga ko‘ra, 24 ta xalqaro indeksda O‘zbekiston o‘z o‘rnini egallashi kerak, moliya tizimidagi shaffoflik investorlar uchun ham muhim.

«Oddiy odamning tasavvurini o‘zgartirish qiyin bo‘lganidek, xorijiy investorlarning tasavvurini o‘zgartirish ikki barobar qiyin. Tizimli o‘zgarishlarni ko‘rish uchun ular faktlarga qarashadi, faktlar nimadan dalolat berayotganini o‘rganishadi. O‘zbekistonga investorlarning kirib kelishi yaxshilanayapti. Kreditlar oqimi ko‘payayapti», – deb hisoblaydi vazir o‘rinbosari.

Odilbek Isoqov soliq islohoti xususida ham to‘xtalgan: «Soliq islohoti diqqat markazida turibdi. Soliqni iloji boricha kamaytirish, odamlarga tushuntirish va soliq ma’murchiligini yaxshilash reja qilinayapti. Rivojlangan mamlakatlarning tajribasiga qarasak, soliq to‘lamaslik jinoyatdir. Ularda soliq to‘lash madaniyati yuqori. Lekin soliqlar adolatli bo‘lishi kerak, sarf-xarajat esa shaffof bo‘lishi lozim».

Vazir o‘rinbosarining fikricha, O‘zbekiston hozirgi va oldingi taraqqiyoti, biznes muhitini saqlab qolgan holda yopiq siyosat bilan ma’lum bir yutuqlarga erishishi mumkin. Lekin hozirgi siyosat boshqacha: xalq ko‘payib borayapti, mamlakatda resurslar cheklangan, jumladan, suv resurslari ham.

«Xorijiy investorlarni jalb qila olsak, bu O‘zbekistonda xususiy sektorga yo‘l ochib berganini ko‘rsatadi, islohotlar davomiy bo‘lishini ta’minlaydi. Hozirgi hukumat xorijiy investorlarning talablarini to‘la bajara oladigan tizim yaratishi lozim», – degan vazir o‘rinbosari.