Shveysariya bosh prokuraturasi Gulnora Karimova ishi bo‘yicha tergov davomida musodara qilingan pullarning 130 mln franki (133 mln dollar) O‘zbekistonga qaytarilishini aytgan.

Xabarga ko‘ra prokuratura O‘zbekiston bozoriga kirish va faoliyat olib borishni istagan kompaniyalardan katta miqdordagi pulning noqonuniy olinish sxemasini fosh qiluvchi dalillarni topgan. Ular asosan xorij kompaniyalaridir.

"Chet elga chiqarib yuborilgan bu pullarning asosiy qismi Shveysariyadaligi aniqlandi. O‘tkazilgan tergov natijalariga ko‘ra muzlatilgan pullarning 130 mln franki O‘zbekistonga qaytariladi", – deyiladi prokuratura bayonotida.

Kecha Gulnora Karimovaning qizi Imon Karimova Instagram sahifasida onasining o‘zbek xalqidan kechirim so‘ragan murojaatini e’lon qilgandi. Xatda Gulnora Karimova undan olingan pullar allaqachon O‘zbekiston manfaatlariga xizmat qilayotganini yozgan.

Foto: Instagram

Gulnora Karimova 5-mart kuni uy qamog‘idan umumiy koloniyaga o‘tkazilgandi. U xorijdagi noqonuniy boyliklarini mamlakatga qaytarishga faol qarshilik qilgani aytilgan.

  • Gulnora Karimova jinoiy yo‘l bilan orttirilgan pullarni hamda davlatga yetkazilgan zararni qaytarish majburiyatini o‘z zimmasiga olgan. Buning evaziga uning 2017-yilda belgilangan 10 yilga ozodlikdan mahrum etish jazosi 5 yilga ozodlikni cheklash jazosiga (uy qamog‘iga) almashtirilgan.
  • Lekin uy qamog‘ida o‘tirgan Gulnora Karimova O‘zbekistonga yetkazilgan zararni qoplashga faol qarshilik qilgan. U shuningdek turarjoyni tark etmaslik, aloqa vositalari va internetdan foydalanmaslik kabi cheklovlarni ham buzgan.
  • Jazoni o‘tash davrida sud tomonidan belgilangan cheklovlarni tizimli ravishda buzib, majburiyatlarini bajarmay kelgan.

Gulnora Karimova mashmashasi qizi Imon Karimova 5-martda o‘zining «Instagram»dagi sahifasida onasini prokuratura xodimlari uyidan olib ketganini aytgandan so‘ng yana ko‘tarilgan.

  • Shveysariya 2012-yili Jeneva va Syurixdagi banklarda Gulnora Karimovaga qarashli ekani gumonlanaëtgan 800 million frankni muzlatib qo‘ygan. Shveysariya prokuraturasi bu pulning 686,7 millionini musodara qilish va O‘zbekistonga qaytarish to‘g‘risida qaror chiqargan. Biroq hozircha bu pullarni O‘zbekistonga qaytarish muddati aniq emas.
  • Gulnora Karimova O‘zbekiston bosh prokuraturasi tomonidan trillionlab so‘m daromadni soliqdan yashirganlik, o‘zgalarning trillionlab so‘mlik mulkini tovlamachilik bilan tortib olish va qariyb 2 milliard AQSh dollarini xorijda berkitish kabi jinoyatlarda ayblanmoqda.