O‘zbekistonda askilemlash kayfiyatlari o‘smoqda. Shu bilan birga oddiy emlash orqali nazorat qilish mumkin bo‘lgan infeksiyalar ham avjiga chiqmoqda. Jahon emlash haftaligi doirasida Sog‘liqni saqlash vazirligi Sanitariya-epidemiologiya nazorati bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Dilorom Tursunova "Minbar"ga keyingi paytda kattalar ham “bolalar” kasalligiga chalinishi ko‘paygani haqida gapirib berdi.

1Kattalarga emlash nega kerak

Bunga bir necha sabab bor:

  • Qizamiq, qizilcha, bo‘g‘ma kabi yuqumli kasalliklarni ko‘pchilik yosh bolalar kasalligi deb o‘ylaydi. Ommaviy emlash doimiy tus olgunga qadar bu kasalliklarga chalingan bolalar yo o‘lib qolardi, yoki kasallikka qarshi bir umrlik immunitet hosil qilardi. Shuning uchun ham aksar kattalar bunaqa kasalliklarga chalinmagan. Ammo keyingi paytda kattalar ham “bolalar” kasalligiga chalinishi ko‘paygan.
  • Hamma vaksinalar ham bir umrga yetadigan immunitetni hosil qilmaydi. Ayrim vaksinalarni qayta olish kerak. Bolalar profilaktik emlash milliy kalendari asosida bepul emlanadi.
  • Ba’zi kasalliklarga qarshi faqat qariyalar yoki xatar guruhiga kiradiganlar (masalan, kashandalar, nogironlar) emlanishi kerak.
  • Kattalar favqulodda holatlarda, epidemiya tarqalish ehtimoli katta bo‘lganda hukumat qarori bilan majburiy emlanishi mumkin.
  • Homila nuqsonsiz tug‘ilishi uchun ota-ona bo‘lishni rejalashtirganlar homiladorlikdan oldin, ayollar esa homiladorlik vaqtida ham emlanishi kerak.
  • Sayohatga (chetda ishlashga) chiqmoqchi bo‘lganlar ham emlanishi shart.

O‘zbekistonda emlash bo‘yicha ikki kalendar mavjud:

  • Profilaktik emlash milliy kalendari. 18 yoshgacha bo‘lganlar 13 turgacha kasallikka qarshi emlanadi. 1992-yilgacha 6 ta kasallikka qarshi emlangan. Ushbu kalendar asosida emlash bepul.
  • Epidemik vaziyatlarda umummilliy miqyosda emlash. Favqulodda epidemiya tarqalganda O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirligi kasallikka qarshi vaksina olishga tavsiya berishi mumkin.

2Qaysi kasallikka qarshi vaksinani olish kerak

Ko‘pchilik bolaligida u yoki bu kasallikka qarshi emlangan. Shunday bo‘lsa ham, muayyan yuqumli kasallikka qarshi tanangizda antitanalar bor yoki yo‘qligini aniqlash mumkin. Antitana organizmga tushgan zararli bakteriya yoki virusni yo‘q qiluvchi oqsildir.

Virusli B gepatiti, bo‘g‘ma, qoqshol, poliomiyelit, qizamiq, qizilcha, epidemik parotit, ko‘kyo‘talga qarshi antitanalarni tekshirish, tekshiruv natijalarini infeksionistga ko‘rsatib, qaysi kasallikka qarshi immunitetingiz zaifligini aniqlab, vaksina olishingiz mumkin.

Bolalikda emlangan bo‘lsangiz ham ayrim kasalliklarga qarshi hosil bo‘lgan immunitet bir umrga kifoya qilmasligi mumkin. Yangi chiqqan, nisbatan takomillashgan vaksinalar yaxshi o‘zlashadi, sizni ishonchliroq himoya qiladi.

3Xorijga sayohat qiluvchilar o‘zlarini emlatishlari shart

O‘zbekiston hududida qaysidir kasallikning mutlaqo mavjudmasligi vaksina olmaslik uchun bahona bo‘lolmaydi. Ayniqsa xorijiy mamlakatlarga sayohat qiluvchilar o‘zlarini barcha yuqumli kasalliklarga qarshi emlatishlari kerak. Bunday vaziyatda emlatmaganlar kasallikni nafaqat o‘ziga yuqtiradi, balki qaytib kelib, kasallikka qarshi emlanmagan boshqalarga ham yuqtiradi.

  • Turkiya, Ispaniya, Kipr, Misr kabi nisbatan issiq davlatlarga sayohat qiluvchilar A gepatitiga qarshi;
  • Afrikaning, Hindistonning shimoliy qismlari va ularga chegaradosh mamlakatlar, O‘rta Osiyo mamlakatlariga boruvchilar ichterlamaga qarshi;
  • Tayland, Hindiston, Xitoy, Vetnamga boruvchilar quturishga qarshi;
  • Rossiya va Ukrainaga boruvchilar bosh miya yalig‘lanishi – ensefalitga qarshi;
  • Afrikaga boruvchilar sariq bezgakka qarshi;
  • hajga boruvchilar meningokokka qarshi emlanishi lozim.

4Kattalar aynan qaysi vaksinalarni olishi kerak

  • Bo‘g‘ma, qoqshol va ko‘kyo‘tal (vaksina ADS-m). Bu kasalliklarga qarshi har 10 yilda bir marta emlanish kerak. Ayniqsa homiladorlarni ko‘kyo‘talga qarshi emlash bolani himoya qilish uchun muhim. It qopgan, biror joyi jiddiy jarohat olganlar o‘zlarini qoqsholga qarshi emlatishlari lozim.
  • Qizamiq, qizilcha, parotit. Qizamiqqa qarshi bir marta emlanadi. Ya’ni bolalikda emlangan bo‘langiz, shu yetarli. Ammo qizilcha, parotitga qarshi har 10 yilda bir marta vaksina olish kerak. Ayniqsa homiladorlarni qizilchaga qarshi emlash muhim. Chunki ayolning ushbu kasallikka chalinishi bolani nobud qilishi mumkin.
  • Suvchechak. Agar bu kasallik bilan og‘rimagan bo‘lsangiz, vaksina olish kerak. Kattalarda suvchechak juda og‘ir o‘tadi va asorat qoldiradi. Emlangandan keyin immunitet 30 yilgacha saqlanadi. 50 yoshdan keyin yana bir marta olish tavsiya qilinadi. Chunki yosh o‘tgan sari bu kasallikka chalinish ehtimoli ortadi. Shuningdek, suvchechakka chalingan bemor bilan muloqot qilgan odam ham 72 soat ichida em olishi tavsiya qilinadi.
  • Xib infeksiyasi, pnevmokokk. Yoshi 65 dan oshganlar, yosh bolalar bilan ishlovchilar, jigar, nafas yo‘llarining surunkali kasalliklariga chalinganlar, qandli diabeti borlar va immunitet zaifligidan doimiy aziyat chekadiganlar ushbu infeksiyaga chalinish ehtimoli katta. Shu bois ayni shu toifadagi insonlar bu vaksinani olganlari ma’qul.
  • Poliomiyelit. Yoshligida bu kasallikka qarshi emlanmaganlar olishlari kerak.
  • Odam papillomasi virusi. Bu infeksiyaga chalinmagan 9-26 yosh oralig‘idagi qizlar olishlari kerak. Ayniqsa, birinchi jinsiy aloqaga qadar emlanish muhim. Vaksinani 45 yoshgacha olish mumkin. Bu virus ayollar uchun ayniqsa xavflidir – bachadon bo‘yni saratoniga sabab bo‘ladi. Ammo bu ushbu infeksiyaga qarshi faqat ayollar emlanishi kerakligini anglatmaydi. Erkaklarda ham bu virus oz uchrasa-da, saratonga sabab bo‘ladi. Eng ko‘p oqibati jinsiy a’zolarda so‘gallarning paydo bo‘lishidir. Eng asosiysi bu virus bilan kasallangan erkak kasallik tashuvchi bo‘ladi. Va o‘zi aloqada bo‘lgan ayollarning sog‘lig‘i va hayotiga xavf soladi. 100 dan ortiq davlatda odam papillomasi virusiga qarshi umumiy emlash mavjud. O‘zbekistonda bunga qarshi emlash 2019-yilning oktyabr oyidan boshlanishi rejalangan.
  • A gepatiti. A gepatiti virusi insondan insonga oson yuqadi. Suv, ovqat, virus tekkan istalgan narsani ushlash, yuvilmagan qo‘l orqali o‘tadi, jigarni jiddiy kasal qiladi. A gepatitiga qarshi vaksina 6 oy oralatib ikki marta olinadi.
  • B gepatiti. Bu kasallikka HBV virusi sabab bo‘ladi. O‘ta qattol kasalliklardan biridir. Kasallik asosan qon va jinsiy yo‘l bilan o‘tsa-da, bir marta yuqishi surunkali gepatit va sirrozga sabab bo‘lishi mumkin. Bu virusga qarshi vaksina kamida 5 yilgacha himoya qiladi.
  • Meningokokk. Meningit juda og‘ir kasalliklardan biri. Bolalar ham, kattalar ham chalinishi mumkin. Meningitga qarshi 9 oylikdan 55 yoshgacha vaksina olish mumkin. Bu kasallikka qarshi vaksinani shifokor bilan maslahatlashib, keyin olish kerak. O‘zbekistonda hajga boruvchilar meningokokka qarshi emlanadi.
  • Quturish. Quturishga qarshi ayniqsa hayvonlarga qarovchilar emlanishi kerak. It qopgan, mushuk yumdalaganlar jarohatning holatidan qat’i nazar, o‘zlarini quturishga qarshi emlatishlari zarur.
  • Gripp. Bu kasallik mavsumiy emlashni talab qiladi. Ya’ni gripp virusi har yili o‘zgarib turgani bois tarqalish ehtimoli bor gripp viruslariga qarshi kasallik mavsumi boshlangunga qadar emlash kerak.