Qozog‘istonning hukmron "Nur-Otan" partiyasi iyunda o‘tuvchi prezidentlik saylovida muvaqqat prezident Qosimjo‘mart To‘qayev nomzodini ilgari surdi.

"Nur-Otan"ning raisi, Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev partiyadoshlaridan Qosimjo‘mart To‘qayev nomzodini qo‘llab-quvvatlashlarini so‘ragan. Prezident saylovi 9-iyunga belgilangan.

Shu bilan anchadan beri Nazarboyevning qizi Darig‘a Nazarboyevaning prezidentlikka da’vosi bilan bog‘liq mavhumlik o‘z yechimini topgandek bo‘ldi.

Ayrim tahlilchilar senat raisi Darig‘a Nazarboyevani ehtimoliy merosxo‘r sifatida ko‘rayotgan edilar. Nazariyada bu hali ham imkonsiz emas.

  • Lekin buning uchun "Nur-Otan" partiyasi a’zosi bo‘lmish Darig‘a Nazarboyeva nomzodini boshqa qaysidir jamoat tashkiloti qo‘llab-quvvatlashi kerak.
  • Darig‘a Nazarboyeva nomzodini ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan tashkilotlardan biri Qozog‘iston xalqlari assambleyasining yig‘ilishi 29-aprelda bo‘lishi rejalashtirilgan.
  • Saylov qonunchiligiga ko‘ra, jamoat tashkilotlari prezidentlikka o‘z nomzodini 28-aprelgacha e’lon qilishi mumkin.

Qosimjo‘mart To‘qayev allaqachon o‘z hujjatlarini Markaziy saylov komissiyasiga topshirdi.

78 yashar Nazarboyev 2019-yilning mart oyida iste’fo berishi ortidan senatning 65 yoshli raisi Qosimjo‘mart To‘qayev mamlakatning muvaqqat prezidentiga aylangan edi. Belgilangan qonunga ko‘ra u mamlakatni 2020-yilning apreliga qadar boshqarishi lozim edi. Biroq shu oy boshida To‘qayev mamlakatda muddatidan avval prezident saylovi o‘tkazilishini e’lon qilgan.