O‘zbekiston harbiy sudi hukmiga ko‘ra sobiq mahbus, Sirdaryo viloyatining Shirin shahrida yashovchi O‘rmonali Qurbonaliyevga u qamoqda o‘tirgan yillardagi pensiya puli to‘liq to‘lanadigan bo‘ldi. Bu faqat O‘zbekistondagi emas, dunyoning deyarli hamma mamlakatlaridagi eng og‘ir jinoyatlardan biri – josuslikda ayblangan Qurbonaliyevni oqlash yo‘lidagi navbatdagi sud hukmidir. Oldinroq u bu modda bo‘yicha jinoyat qilmagani isbotlanib, sudda oqlangandi. Bungacha esa u 3 yilu 10 kun davomida qamoqda o‘tirgandi. Lekin O‘rmonali Qurbonaliyevning o‘zi haligacha kuchda qolgan yana bir jinoiy modda – davlat chegarasini buzib o‘tish bo‘yicha ham oqlanganidan keyingina adolat to‘liq qaror topishini aytmoqda.

Yetti uxlab tushga kirmaydigan ayblov

2015-yilning dekabr oyi. Ko‘chaga bir yumush bilan chiqqan Qurbonaliyev uyiga qaytib kelmadi. Unga Shirindagi militsiya bo‘limiga kirib o‘tishni aytishdi. U yerda undan fuqaro kiyimidagi kishilar nimalarnidir so‘ragan bo‘ldilar-da, Xovosga olib ketishdi.

O‘rmonali kelavermagach, uning indamasdan qayergadir ketib qolish odati yo‘qligini bilgan oila a’zolari xavotirga tushishdi. Ustiga oldinroq ham militsiya xodimlari Qurbonaliyevni hech bir ogohlantirishsiz olib ketib, bir necha oy daraksiz ketganini, uni qidirmagan joylari qolmaganini hali unutishgani yo‘q edi.

– So‘rab-surishtirib, izlab-izlab bolalarimning dadasini Xovosdan topdik. Lekin hech kim u kishi nega qamab qo‘yilganini aytmadi, – dedi O‘rmonalining turmush o‘rtog‘i Salomat.

O‘rmonalining o‘zi ham nega hibsga olishganini bilmasdi. Dastlabki tergov davomida esa uni qo‘shni mamlakat foydasiga josuslik qilishda ayblay boshlashdi. O‘rmonali yetti uxlab tushiga kirmagan bu aybni tan olmadi. Do‘q qilishdi, qo‘rqitishdi, qiynoqqa solishdi, lekin tergovchilar istagan qog‘ozga qo‘l qo‘ymadi. Viloyat markazi – Gulistonga olib ketishib, so‘roqlar davom ettirilganda ham o‘ziga qo‘yilgan biron-bir aybni tan olmadi.

– Ayting, qilmagan, hatto o‘ylamagan ishni qanday tan olish mumkin? Hammasi g‘irt tuhmat, uyushtirilgan narsalar edi. Guvohlik berganlarning o‘zlari ham meni ko‘rganda bu odamni tanimayman deyishdi. Lekin ularni tashqariga olib chiqib, «haqini berishgandan keyin» taniymanga o‘tishdi, – deydi Qurbonaliyev.

Unga ko‘ra o‘zini josus deb aytayotgan kishilarni hayotida birinchi marta ko‘rib turgan. Xovosga, hibsxonaga olib borishgandan keyin ular bilan yuzlashtirishgan.

«G‘irt tuhmat deb aytayotganingiz, josuslikda ayblash qayerdan kelib chiqdi?», – so‘rayman Qurbonaliyevdan. U o‘sha paytda kurakda turmaydigan bu ayblovga o‘zi ham hayron bo‘lganini aytadi.

Qurbonaliyev tergovda ham, sudda ham o‘ziga qo‘yilayotgan ayblarni tan olmaydi. Lekin avvaliga uni tanimagan, keyin «tanigan» guvohlarning gaplariga asoslanib, josuslik, chegarani buzishda ayblashadi va 13 yilga ozodlikdan mahrum etishadi. Suddan so‘ng hech qancha vaqt o‘tmay Qurbonaliyevni Qoraqalpog‘istondagi Jasliq qamoqxonasiga olib ketishadi.

«Borsakelmas»da ham qaysarlik qilarmikansan?»

Qo‘li gul mahbuslar ijodi. Foto: BBC Uzbek

Asli kasbi muallimlik, o‘zbek tili va adabiyoti o‘qituvchisi bo‘lgan O‘rmonali Qurbonaliyev na Jasliq, na boshqa qamoqxonalar haqida bilmasdi. U o‘zi ishlagan Shirindagi energetika va maishiy xizmat kolleji talabalariga o‘zbek adabiyotini o‘rgatish, ular qalbida kitobga mehr-muhabbat uyg‘otish uchun intilar, o‘zbek tili boyliklarini uqtirib, ona tilini yaxshi egallashga chorlardi. Buning uchun bor bilimini, kuch-g‘ayratini sarflardi. U pensiyaga chiqayotganda shogirdlari ham, hamkasblari ham malakali, o‘z fanini mukammal biladigan, savodi kuchli muallim ketayotganiga afsuslanib qolishgandi.

Lekin Jasliqqa jo‘natmaslaridan avvalroq unga u qamoqxona haqida yaxshigina ma’lumot berib bo‘lishdi. «Sen ketayotgan qamoqxonani "borsakelmas" deb qo‘yishibdi, ko‘ramiz u do‘zaxda ham qaysarlik qilarmikansan?». Bu gapni tergovchi qo‘yib, militsioner, unisi qo‘yib, bunisi qulog‘iga quyardi.

– Aslida hech bir bandasi faqat Jasliqqa emas, eng yaxshi sharoit yaratilgan turmaga ham tushmasin. Lekin odam ko‘nikib borar ekan. Jasliqda yaxshigina kutubxona bor ekan. Men ko‘p vaqtimni kitob o‘qishga sarflay boshladim.

Erkin Vohidov she’rining kuchi

Lekin baribir turma hayotiga butunlay aralashmasdan yashab bo‘lmaydi. Bir kuni uch-to‘rtta notanish mahbus O‘rmonali bilan hazillasha boshlashadi. O‘zini mazaxlanayotganday sezgan, hazilga hazil bilan javob berishni istamagan O‘rmonalining negadir she’r o‘qigisi keladi. U Erkin Vohidovning she’rini o‘qiydi. Birpas oraga jimlik cho‘kadi. Shunda o‘sha notanish mahbuslardan kelishgan qomatli, ko‘zlari do‘stona boqib turgan yigit «Kimning she’ri bu?», – deb so‘raydi. O‘rmonali unga she’r muallifini eslatib qo‘ygisi keladi: «Mening eng sevimli shoirim Erkin Vohidovning she’ri!». U yigit Erkin Vohidovning boshqa she’rlarini ham yoddan bilish-bilmasligini so‘raydi. «Erkin akaning qaysi she’rlarini o‘qiy?». U yigit o‘ziga dadil qarab turgan O‘rmonaliga boqqancha Erkin Vohidovdan she’r o‘qishga tutinadi. U ozgina nafas rostlayotganda O‘rmonali u she’rni davom ettiradi…

«Mahbuslar ӯzlarini odam deya his qila boshlashdi»

– Ustimga yopadigan biron yopinchiq yo‘q edi. O‘sha kuni kameraga qaytsam, o‘rnimda yangi ko‘rpa paydo bo‘libdi. Keyinroq uni haligi yigit berib yuborganini bildim. U Erkin Vohidovning kuyovi, mashhur akademikning o‘g‘li, asli tadbirkor inson Hadyatullo ekan. U ham menga o‘xshab hech bir gunohsiz turmaga tashlangan ekan. Karimov davri tugagach, yurtda esgan yoqimli shabadalar Jasliqqa ham yetib keldi. 2017-yil dekabr oyi oxirlarida Hadyatullo oqlanib, ozod etilganini eshitib, xuddi o‘zim yorug‘likka chiqqandayin quvondim, – dedi O‘rmonali Qurbonaliyev.

Foto: BBC Uzbek

Sobiq mahbusning aytishicha, Mirziyoyev davrida Jasliqdagi sharoit butunlay o‘zgargan. Mahbuslar o‘zlarini odam deya his qila boshlashgan. Ayniqsa, nazoratchilar, ularning buyruqlarini bajarishga tayyor ayrim mahbuslar tomonidan haqoratlangan, xo‘rlangan, ekstremizmda ayblanganlar, boshqacha aytganda, diniy ayblovlar bilan qamalganlar. Nazoratchilarning mahkumlarga, mahbuslarning bir-birlariga munosabatlari o‘zgargan. Nuqul yaxshi tarafga.

«Bo‘lar ekan-ku!»

– Biz faqat Jasliqda emas, butun mamlakatda yaxshi o‘zgarishlar bo‘layotganini eshitib xursand bo‘lardik. Ozodlikdagi odamlar bunga unchalik e’tibor bermasliklari mumkin: men qamoqdaligimda mamlakatda kitobga munosabat, odamlarning kitob o‘qishga jalb etilishi, xalqimiz orasida qori, qoriyalar musobaqasi o‘tkazilishini eshitib, sevingancha ikki so‘zni takrorlardik: «Bo‘lar ekan-ku!». Eng yaxshi kitobxonga mashina, eng kuchli qoriga mashina, qoriyalardan uch nafariga Ka’batullohni tavof qilish uchun imkoniyat – tekin yo‘llanma…

O‘rmonali Qurbonaliyev bu so‘zlarni aytar ekan, entikib oladi. Uning aytishicha, Jasliqda ham kitob o‘qishga sharoit kuchaytiriladi.

– Jasliqning kitobxonasi anchagina boy. Baxtim bor ekan, u yerda kitobsevarlar jamiyati boshlig‘i bo‘ldim. Ana shu narsa menga qo‘l keldi. Xohlagan kitobimni olib o‘qiy olardim. Mening eng yaqin sirdoshim, do‘stim kitob ekanini xudo bildi... O‘sha yerdayam menga imkoniyat yaratdi. Kitobxonadagi kitoblarni bir chekkadan o‘qiyverdim.

Kitob bilan vaqt o‘tkazgan yaxshi. Lekin hech bir aybsiz qamoqxonada umr o‘tkazish ham har qanday kishiga alam qiladi. O‘rmonali uyiga, farzandlariga yuborgan xatida yangi yozgan she’rlarini yuborar va o‘zining aybsizligini aytardi.

Mirziyoyevning Karimov davridan farqli va adolatli siyosatini ko‘rayotgan Qurbonaliyevlar oila boshlig‘ining aybsizligini isbotlash uchun tegishli tashkilotlarga murojaat eta boshladilar. Ayniqsa, Qurbonaliyevning turmush o‘rtog‘i Salomat tinib-tinchimadi. «Siz dekabristkasiz», – dedi o‘sha kunlarda unga asli kavkazlik qo‘shnisi.

O‘rmonalini Jasliqdan Toshturmaga o‘tkazishar ekan, Salomatda ham, farzandlarida ham umid kuchaydi…

Uch yilu o‘n kunga cho‘zilgan adolat tantanasi

Foto: Google Map

2018-yil noyabr-dekabr oylarida qayta sud bo‘ldi. Tergov, oldingi sud jarayonida Qurbonaliyevga asossiz ayblar qo‘yilgani isbotlandi. Yollangan guvohlar O‘rmonaliga tuhmat qilganlarini, uning qamalishi tashkilotchilari nimalarni o‘rgatishgan bo‘lsa, shularni aytishganini tan olishdi. Soxta guvohlarning ikkitasi – bir erkak va bir ayol Shirin shahridan, bittasi Bekoboddan edi. Ayollardan biri agar Qurbonaliyevga qarshi guvohlik bermasa, MXX xodimlari ikkita o‘g‘lingni o‘yla, ikkovining ham umrini qamoqda chiritamiz deyishganidan so‘ng nochor qolganini aytdi. Yig‘lab-yig‘lab…

Mamlakat konstitutsiyasining 25 yilligi arafasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2700 nafar mahbusni ozod etish haqidagi farmonni imzolagandi. O‘shanda qilgan chiqishida Mirziyoyev «ko‘p-ko‘p odamlarning adolatsiz qamalgani» va hanuz qamoqda o‘tirganini aytgandi.

Adolat kech bo‘lsa ham qaror topdi. Uch yilu o‘n kundan keyin. Qurbonaliyev o‘zini nega qamashgani sababini haligacha yaxshi bilmaydi. Lekin tahlilchilarning aytishlaricha, u Karimov davridagi O‘zbekiston va Tojikiston orasidagi sovuq munosabatlar qurboni bo‘lgan.

– Sovuq urush natijasida oddiy odamlar jabrlanishdi. Ular josuslikda, chegara buzishda, giyohvand moddalar tashishda ayblandilar. O‘zbekistonda ham, Tojikistonda ham anchagina odam josuslik, vatanga xiyonatda ayblanib, uzoq muddatlarga ozodlikdan mahrum etildilar. Men O‘rmonali Qurbonaliyev ham ana shu sovuq urushning qurbonlaridan biri bo‘lgan deb hisoblayman, – dedi mahalliy tahlilchilardan biri. – Buni uning aslida qayerda tug‘ilib-o‘sganidan ham bilsa bo‘ladi.

O‘rmonali Qurbonaliyev aslida Tojikistonning Devashtich (sobiq G‘onchi) tumanidagi Yaxtan qishlog‘ida dunyoga kelgan. U sobiq Leninobod davlat pedagogika institutini o‘zbek tili va adabiyoti o‘qituvchisi ixtisosi bo‘yicha tugallagan. U bilan birga o‘qigan hamsaboqlari, u bilan birga ishlagan hamkasblari Qurbonaliyevning o‘z sohasining bilimdoni, o‘ta savodli mutaxassis ekanini aytishadi.

SSSR parchalanib ketgach, o‘tgan asrning 90-yillarida Qurbonaliyev turmush taqozosi bilan Tojikistondan qo‘shni O‘zbekistonga ko‘chib o‘tadi. Shirin shahridagi energetika va maishiy xizmat kollejida dars berar ekan, hamkasblari, o‘quvchilari, ularning ota-onalari uning kuchli bilim egasi, yuqori malakali mutaxassis bo‘lishi bilan birga vijdonli, oqko‘ngil, halol inson, mehribon do‘st ekanligini aytishardi. Ayni shu xislatlarini yaxshi bilganliklari uchun na hamkasblari, na Shirin shahrida uni tanigan-bilganlarning birontasi Qurbonaliyevga qarshi guvohlik bermadi.

Qamoqdan ozod bo‘lib qaytgach esa pensiya yoshida bo‘lishiga qaramasdan tajribali muallimni kollejga ishga taklif etishdi.

– Men na hamkasblarim, na shogirdlarimdan birontasida menga nisbatan zig‘ircha shubha, gumonsirash, hadiksirash, o‘zini chetga tortishni sezmadim. Qaytaga hammasi qadrdonlarcha munosabatda bo‘lishmoqda. Avvallari qanday bo‘lsa, shunday.

Qurbonaliyev shunday deya biz u bilan suhbatlashayotgan paytdan ikki soatgina oldin bo‘lgan voqeani aytib berdi:

– Kollejda sobiq o‘quvchimni ko‘rib qoldim. Familiyasi esimda yo‘q, ismi Dildora. Yig‘lagancha oldimga chopib kelib, ko‘rishdi. Yuzimdan o‘par ekan, sizni otamdayin yaxshi ko‘raman dedi. Yigitlar ham uyga ko‘rgani kelishdi. Shunday lahzalarda qirq yil o‘qituvchilik qilganim uchun xursandchiligim ichimga sig‘maydi.

«Kitob birovga sotmaydi»

Foto: President.uz

Inson irodasini sindirmoqchi bo‘ladilar. Uni har ko‘ylarga soladilar. Jisman mahv etishlari ham mumkin. Lekin irodali inson egilmaydi, bukilmaydi va sinmaydi ham!

Bu gaplarni shogirdlariga takrorlashni yaxshi ko‘radigan O‘rmonali Qurbonaliyev Jasliqda irodasi bo‘shlarga o‘xshab o‘y-xayolga berilmadi. Qaytaga u yerdagi imkoniyatlardan foydalandi. Bir nechta doston, o‘nlab she’rlar yozdi.

– Endi shu qamoqda yotgandan keyin odam dardini kimgadir aytishi kerak-ku. Qamoqda eng yaqin sirdosh ham kitob bo‘larkan. Dardingizni tinglaydigan, birovga sotmaydigan, aytmaydigan kitob. Ko‘p kitob o‘qirdim. Lekin bu ham qanoatlantirmadi. Yuragimda kimgadir aytishim kerak bo‘lgan dard, fikrlar paydo bo‘ldi. Mirziyoyev sharofati bilan qamoqxonada sharoit paydo bo‘ldi, yozishni boshlab yubordim. Avval Spitamen haqida, so‘ng uning xotini Odatida haqida. Surxondaryoning Denov tumanidan hokim bor edi. Abdusamad aka degan. Bir yil hokim bo‘lib, qamalib ketgan. Shu odam bir voqeani hikoya qilib bergandi. Shu ertak asosida Xitoy bosqiniga aloqador qilib, «Surxon afsonasi» degan doston yozdim. Ming yildan ham oldingi voqealar… Hikmat, hasad haqida bir-ikki narsalar yozdim.

Shundan keyin turmada o‘tirgan mahbus Imom Buxoriy haqida doston yaratadi. Toshturmaga ko‘chirishgandan keyin esa Forobiy haqida yana bir doston yozdi. «Qarang, biz o‘z tariximizni yaxshi bilib boraversak, ko‘nglimizda ajdodlarimiz haqida faxr hissi paydo bo‘larkan. Bir manbada o‘qib qoldim. Forobiy oltmishtadan ortiq til bilar ekan. Bunday poliglotlar oldin ham, hozir ham barmoq bilan sanarli. Agar Arastuni muallimi avval deyishgan bo‘lishsa, Forobiyni muallimi soniy deya atashgan. Forobiyning bunchalik ulug‘ odam ekanligini bilgandan keyin uni boshqatdan o‘rgandim. Falsafada Kampanella asarlari qanday o‘rganilsa, Forobiyning «Fozil odamlar shahri» ham shunday o‘rganiladi. Buyuk olim zamonidan ming yil oldin o‘tib ketgan. Hozirgi zamon talab qiladigan davlatchilik siyosatini u ming yil oldin ko‘rsatib bergan ekan. Bu narsalarni o‘qib-bilgandan keyin endi Forobiy haqida yozmasam turolmasligimni sezdim», – deydi O‘rmonali Qurbonaliyev.

Azobli kunlar unutilarmikan?

Foto: BBC uzbek

O‘rmonali Qurbonaliyev boshiga tushgan ko‘rgilikni eslashdan ko‘ra O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi munosabatlarning yaxshilangani haqida gapirishni yaxshi ko‘radi. Viza tartibi bekor qilinganidan buyon borish-kelish boshlangani, ikki mamlakat shaharlari orasida avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yilgani, Tojikiston oliy o‘quv yurtlarida o‘zbekistonliklar ta’lim olishayotganini quvonib gapiradi.

– Biz O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston prezidenti Emomali Rahmondan behad minnatdormiz. Shundaygina Bekoboddan o‘tsak, yarim soatda Yaxtanga yetib boramiz. Bir o‘g‘limiz biz bilan Shirinda yashasa, yana bir o‘g‘limiz va ikki qizimiz Yaxtanda yashashadi, – deydi O‘rmonalining ayoli Salomat.

– Men Yaxtandagi obodonchilik ishlarini ko‘rib, boshim ko‘kka yetdi. Men o‘qigan maktab ham ta’mirlanib, butunlay yangi, zamonaviy qiyofa olayapti, – deydi O‘rmonali. – Oybekdan o‘tib kelar ekanman, tojikistonlik haydovchilarning mashinalarida Toshkentga sayr qilish uchun ketayotganlarini ko‘rdim. Ular O‘zbekistonga mashinada o‘tish haqi yigirma baravar arzonlashganini aytishdi.

– Endi shu fuqaroligi yo‘q odamlarga ham viza yo‘q qilinsa, yaxshi bo‘lardi. Mana biz Tojikistonga vizasiz borib-kelayapmiz. Dadasi viza olishga majbur. Buning ustiga Oybekdan aylanib keladi, – deydi Salomat.