"O‘zbekiston adabiyoti va san’ati" gazetasi bosh muharriri O‘ktam Mirzayor ishdan olinibdi. Minbar manbasiga ko‘ra, O‘ktam Mirzayor gazetaning yangi sonida yozuvchi Murod Muhammad Do‘st bilan suhbatni chop qilgani uchun lavozimidan bo‘shatilgan.

Suhbatda Murod Muhammad Do‘st Islom Karimov davrini eslagan, o‘zining amaldorlik yillarida qilgan ishlarini gapirib bergan.

O‘ktam Mirzayor "O‘zbekiston adabiyoti va san’ati" gazetasi bosh muharrirligiga 2018-yilning aprel oyida tayinlangan. Ungacha "Hurriyat" gazetasida bosh muharrir vazifasini bajargan.

Taxmin qilinishicha, ushbu holatga Murod Muhammad Do‘stning yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuv bo‘lgan sitilar haqidagi maqolasi sabab bo‘lishi ham mumkin.

"Sanoqsiz sitilar, yilda bir marta majlis o‘tadigan hashamatli binolar, zo‘rlab tiqishtirilayotgan turli "namunali" uylar, boylarga atalgan, lekin haligacha xaridor topilmay bo‘m-bo‘sh turgan qasrnamo uylar uzra buyuk bir pufak shishib kelmoqdaki, bir-ikki yil ichida paq etib yorilib ketishi muqarrar. Pufakni va shu bahona hamyonni shishirayotgan muttahamlar chetga qochadi, aldangan el qoladi, bo‘g‘zigacha qarzga botgan mamlakat qoladi. Keyin nima bo‘lishini o‘ylashga yuragim betlamaydi", – degan Murod Muhammad Do‘st.

Murod Muhammad Do‘stga qarshi informatsion kampaniyaga Kanadada yashovchi jurnalist Ismat Xushev ham chorshanba kuni qo‘shilgan. Hukumatdagi ba’zi guruhlarga yaqinligini ro‘kach qilishni xush ko‘radigan Xushev jonli efirda Islom Karimovning sobiq matbuot kotibini "snos"lar masalasida odamlarni tinchlantirish o‘rniga noroziligini kuchaytirishda aybladi.