Juma kunigacha havo ancha salqinlaydi, shanba–yakshanbadan havo yana isishni boshlaydi. «O‘zgidromet» o‘tayotgan haftaning batafsil ob-havo prognozini e’lon qildi.

Bugun O‘zbekistonda yog‘ingarchilik bo‘lmaydi. Havo harorati 33-38 daraja bo‘ladi.

«Ertaga, 13-avgust kuni, shimoliy tumanlarga, keyingi kunlari esa respublikaning butun hududiga Volgabo‘yidan salqin havo massasi kirib kelishi kutilayapti.

Antitsiklon ta’sirida O‘zbekiston bo‘yicha havo salqinlashadi, faqat tog‘li hududlardagina qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ib, momaqaldiroq kuzatilishi mumkin. Havo harorati kechasi 15-18 darajagacha, kunduzi 25-28 darajagacha tushadi, bu ko‘p yillik o‘rtacha ko‘rsatkichdan 5-8 daraja pastdir», – deb ma’lumot bergan sinoptiklar.

13 – 15-avgust kunlari ayrim joylarda shamol tezligi 15-20 metr/sekundgacha yetishi mumkin. Shunday salqin ob-havo juma kuni, 16-avgustgacha saqlanib turadi.

Dam olish kunlari, antitsiklon chekingach, harorat kechasi 18-20 darajaga, kunduzi 32-35 darajaga chiqishi mumkin.