Jimo (seks)ning ham ruhiy, ham jismoniy foydasi haqidagi ro‘yxatning keti ko‘rinmaydi. Nasl qoldirish yoki lazzat berishdan tashqari jimo insonning ish faoliyati, oilaviy baxti, jismoniy va aqliy salomatligi uchun ham jiddiy ijobiy ta’sirga ega.

«Manejment» jurnalida e’lon qilingan tadqiqotga ko‘ra, oiladagi jinsiy qoniqish va sog‘lom jinsiy hayot ishdan qoniqishga ham ko‘mak beradi.

«Psychological Science» jurnalida chiqqan tadqiqot xulosasida esa jimo oilaning baxtli va mustahkam bo‘lishi uchun muhim rol o‘ynashi tasdiqlangan.

Shunday qilib jimo:

11. Immunitetni yaxshilaydi

Haftasiga kamida ikki marta jimo bilan shug‘ullanish immunitetni yaxshilash uchun optimal hisoblanadi.

Olimlar inson organizmidagi immunoglobulin A (IgA) antitanalari miqdorini tekshirib, immunitetning qay ahvoldaligini baholashlari mumkin. Pensilvaniya Uilkes universitetidan tadqiqotchilar Karl Chanetski va Frenk Brennanning aniqlashicha, haftasiga ikki marta jinsiy aloqa bilan shug‘ullanganlarda IgA miqdori 30 foiz ko‘payar ekan.

Kaliforniya San-Fransisko universitetidan immunolog Klifford Lauellning aytishicha, jinsiy faol insonlar turli infeksiyalarga ko‘proq yo‘liqadi. Shu bois ularda immun tizimi «IgA»ni ko‘paytirish orqali infeksiyaga javob qaytaradi. Va bu, o‘z navbatida, ularning shamollash, gripp kabi kasalliklarga qarshi immunitetini ancha toblaydi.

22. Yurakni baquvvat qiladi

Har qanday jismoniy mashqlar kabi jimo ham yurakka ijobiy ta’sir qiladi. Zero, jimoning o‘zi ham bir jismoniy mashq.

Jinsiy qo‘zg‘alish yurak urishini tezlashtiradi. Bu borada ayniqsa erkaklar ko‘proq naf ko‘radi. «American Journal of Cardiology» e’lon qilgan tadqiqotga ko‘ra yoshi ellikdan oshgan jinsiy faol erkaklarda yurak kasalligiga chalinish ehtimoli 45 foiz kamayar ekan.

Amerika yurak assotsiatsiyasi yurak kasalliklari jinsiy munosabatlarni to‘xtatib qo‘yishga sabab bo‘lmasligi kerakligini ta’kidlaydi. Infarkt, ko‘krakdagi og‘riqlar kamdan-kam holatlarda jinsiy aloqa vaqtida bo‘lishi mumkin. Yurakdagi kasallik barqarorlashganda jimo qilish xavfli emas.

«European Heart Journal»ga ko‘ra jimo vaqtida yurakka tushadigan og‘irlik kundalik hayotda yengil biror ish qilishda tushadigan og‘irlik bilan barobar. Agar siz uyning ikkinchi qavatiga yurakda og‘riq sezmay chiqib tusha olsangiz, bilingki, jimo siz uchun xavfsiz.

33. Qon bosimini pasaytiradi

Michigan shtati universitetida o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra yosh o‘tganda jimo bilan shug‘ullanish qon bosimi bilan bog‘liq muammolar paydo bo‘lish ehtimolini kamaytiradi. Bu ayniqsa ayollarda ko‘proq seziladi.

Tadqiqotda qatnashgan 57-85 yoshli ayollar orasida faol jinsiy hayot kechiruvchilarda qon bosimi ko‘tarilishi boshqalarnikidan ozligi aniqlangan.

«Behavioral Medicine» jurnalida e’lon qilingan maqolada tadqiqotchilar quchoqlashish me’yoridagi qon bosimini saqlashi tasdiqlangan.

44. Og‘riqni yengillatadi

Bosh og‘rig‘i jimo bilan shug‘ulanmaslik uchun bahona bo‘ladi ba’zida. Ammo neyrologlar jinsiy aloqa bosh og‘rig‘ini, ayniqsа u migren bilan bog‘liq bo‘lsa, yengillatishini aniqlashgan.

Germaniyadagi Munster universiteti tadqiqotchilarining izohlashicha, og‘riq kamayishining asosiy sababi jinsiy aloqa vaqtida ajralib chiqadigan endorfin gormonidir. Endorfin tabiiy og‘riq yengillatuvchi gormondir.

Yana bir tadqiqot xulosasiga ko‘ra vaginal stimulyasiya orqali ayollarda og‘riq sezuvchanlik kamayadi, og‘riqqa chidamlilik ortadi.

55. Prostata saratoni ehtimolini kamaytiradi

Jinsiy faol erkaklar prostata saratonidan yaxshiroq himoyalanadi. Haftasiga uch marta jinsiy aloqa bilan shug‘ullanadigan va tugata oladigan erkaklarda prostata saratoni bo‘lishi ehtimoli 19 foiz kamayar ekan.

Jimo nima sababdan prostata saratonining oldini olishi haqida bir necha nazariya bor. Biriga ko‘ra jinsiy aloqa vaqtida prostatadan karsinogenlar (saratonga sabab bo‘luvchi moddalar) chiqib ketadi. Ikkinchisiga ko‘ra prostatada suyuqlikning tez-tez almashinib turishi unda kalsiy, tuzlar yig‘ilishini (microcalcification) kamaytiradi.

66. Uyquni yaxshilaydi

Uyqusi maromida bo‘lmaganlarga jinsiy aloqa yordam berishi mumkin.

Uyqusizlik sababli millionlab odamlar aziyat chekadi. Jimo kunlik 7-9 soat me’yorida uxlashga ko‘mak beradi.

Jinsiy aloqa va orgazm vaqtida bosh miyada oksitoksin, dopamin va endorfinning ajralib chiqishi ko‘payadi. Oksitoksin homilador ayollarning tug‘ishini osonlashtiradi. Bola emizadigan ayollarda ko‘krakka sut kelishiga yordam beradi. Erkaklarda testosteron ishlab chiqarilishida rol o‘ynaydi. Jinsiy aloqadan so‘ng ko‘paygan oksitoksin prolaktin gormoni bilan qo‘shilib, insonda uyqu paydo qiladi.

77. Stressni yengillashtiradi

«Psychosomatic Medicine»da e’lon qilingan maqolada aytilishicha, jismiy va hissiy yaqinlik stress darajasini kamaytiradi.

Stress sababli qon bosimining ko‘tarilishi jinsiy faol kishilarda kamroq uchraydi. Odamning tinchlanishi, stressning yengillashuvi jimo vaqtida ko‘payadigan oksitoksin va dopamin gormonlari bilan ham bog‘liqdir.

88. Bosh miya ishini yaxshilaydi

«Archives of Sexual Behavior»da e’lon qilingan tadqiqotga ko‘ra jinsiy faol ayollarda xotira yaxshilanadi. Tadqiqotchilarning taxminicha, jimo miyaning xotira bilan bog‘liq qismi – hippokampusda yangi neyronlar paydo bo‘lishiga turtki berish orqali xotirani yaxshilaydi.

Amsterdam universitetida o‘tkazilgan tadqiqotga binoan sevgi yoki jinsiy aloqa haqida o‘ylashning o‘zi miyaga turlicha ta’sir o‘tkazadi. Masalan, ijodiy va tahliliy fikrlashni yaxshilaydi.

99. Umrni uzaytiradi

45-59 yoshlardagi qariyb 1000 nafar erkak 10 yil davomida kuzatilganda, tez-tez orgazm oladigan erkaklarda o‘lim xavfi 50 foiz kamligi ma’lum bo‘lgan. Boshqa yana bir tadqiqot ham shu xulosani tasdiqlagan. «The Gerontologist» jurnali e’lon qilgan ushbu maqolada 25 yillik ilmiy izlanish xulosasi aks etgan. Unga ko‘ra xoh erkak, xoh ayol bo‘lsin, jinsiy faollar sog‘lomroq va uzoqroq yashaydi.

1010. O‘ziga ishonchni mustahkamlaydi

Jismoniy foydasidan tashqari jinsiy aloqaning ruhiy foydasi ham bor. «Social Psychology and Personality Science» jurnalida e’lon qilingan tadqiqotda aniqlanishicha, jinsiy aloqa bilan shug‘ullanadigan kollej o‘quvchilarida umuman shug‘ullanmaydiganlarga nisbatan o‘ziga ishonch baland ekan.

Boshqa tomondan o‘ziga ishonadigan ayollar qoniqarli jinsiy hayot kechiradi.

Oxirida eslatib qo‘ymoqchimiz: jimoning foydasi o‘z yo‘liga. Jinsiy yo‘l bilan yuqadigan kasalliklardan ehtiyot bo‘ling.