Yurtimizning serquyoshligini madhiyamizni o‘qimaganlar ham biladi. Yer yuzi bo‘ylab global isish ta’sirida iqlim o‘zgarayotgan bir paytda bizning yozimiz ham tobora jazirama bo‘lib borayotganday. Bu ayniqsa shaharlarda yaqqol seziladi. Ilgari shunday damlarda sersoya daraxtlar, xiyobonlar jonimizga ora kirar edi. Lekin nimagadir keyingi yillarda tuppa-tuzuk soya berib turgan daraxtlar kesib tashlanmoqda. Mayli, bu boshqa masala.

"O‘zgidromet" bu yilgi iyul oyida sillani quritadigan issiq havo kuzatilishidan bir necha bor ogohlantirgan. Keling, jaziramada jon saqlash, issiq urishidan saqlanish borasidagi yo‘l-yo‘riqlarni yodga olamiz.

1Suv iching (me’yorida albatta)

Suv organizmga har qanday ob-havoda yordam beradi – qon aylanishini yaxshilaydi, hujayralarga oziq moddalarni yetkazadi, ortiqchasini chiqarib yuboradi. Issiqda biz terlab, ko‘p suyuqlik yo‘qotamiz, bu organizmni sovutishning tabiiy mexanizmidir. Shunday ekan, tez-tez suv ichib turish foydadan xoli emas.

Qancha suv ichish kerak degan savolga hozircha aniq javob yo‘q. O‘zingiz bilasiz.

2Kamroq yeng

Jaziramada organizm bor quvvatini termoregulyasiyani ta’minlashga yo‘naltiradi, shuning uchun uni qo‘y go‘shtidan qilingan kabobni hazm qilishga majburlab zo‘riqtirmaslik kerak. Lekin bo‘sh qop tik turmaydi degan gap bor. Yozda kechki salqin tushganda ko‘pchilikning ishtahasi ochilib ketadi. Kechqurun ovqatga tarmashmaslik uchun nonushta va tushligingiz me’yorida bo‘lgani ma’qul.

Suyuqlikka boy mahsulotlarni iste’mol qiling: ko‘katlarda, ayniqsa ismaloqda vitaminlar va foydali moddalardan tashqari suv ham ko‘p bo‘ladi. Bodring va tarvuzgacha bo‘lgan bir qator meva va sabzavotlar, shakar qo‘shilmagan tabiiy yogurt shu jihatdan yaxshi.
Jaziramada odatda hazmi yengil taomlar iste’mol qilinadi.

3Ochiq-sochiq kiyinishga shoshilmang

Jaziramada hamma yengil kiyinishga intiladi, lekin bu yaxshi emas (uyda bo‘lmasangiz albatta). Badanni yopib turuvchi hilpillagan kiyim terini quyoshdan himoya qiladi; u parnik effektini hosil qilmaydi va teridagi terning bug‘lanib ketishiga imkon beradi – termoregulyasiya aynan shunday kechadi. Lekin kiyimning qanday matodan tikilgani muhim ahamiyatga ega: mato tabiiy bo‘lishi va qalin bo‘lmasligi lozim. Ya’ni sun’iy matodan tikilgan futbolkadan paxtali ko‘ylak avlo.

Kun qizdirganda boshkiyim kiyib yurishni unutmang. Oyoqkiyimingiz ham yengil va havo o‘tkazadigan bo‘lsin.

4Konditsionerdan ehtiyot bo‘ling

Insonni uncha-munchaga issiq urmaydi, ammo uning alomatlarini sezmay qolishingiz mumkin, shuning uchun har-har zamon salqinlab turing. Lekin konditsionerdan foydalanganda ehtiyot bo‘lish kerak. Sovqotish asosiy muammo emas (hamkasblaringiz yoki yaqinlaringiz siz uchun noqulay bo‘lgan haroratni ma’qul ko‘rishsa albatta). Biz ko‘pincha konditsionerlar ham ifloslanishini e’tibordan qochiramiz, bu esa burun bitishi, bosh og‘rig‘iga, hatto astmaning kuchayishiga olib kelishi mumkin. Ilgari bu «kasal bino» alomatlari deb atalgan.

Agar konditsioner namlik va kondensatni yaxshi chiqarmasa unda asta-sekin bakteriya va zamburug‘lar to‘planib, xona shamollatilmaguncha unda aylanib yuradi. Bu havo-tomchi yo‘li bilan yuqadigan xastaliklardan birontasi yuqtirish ehtimolini oshiradi. Shu bois shifokorlar konditsioner filtrini o‘z vaqtida almashtirishni tavsiya qilishadi.

Jaziramadan saqlanish uchun boshqa usulni ham qo‘llash mumkin. Hamma biladigani – eshik va derazalarni ochib xonani shamollatish. Xona to‘g‘ri shamollatilsa kishi yelvizakdan kasal bo‘lmaydi. Vaqti-vaqti bilan uyni shamollatib turish kerak, chunki hatto xonadagi elektr uskunalar ham o‘zidan issiqlik chiqaradi.

5Teringizga qarab yuring

Terini parvarishlash – bodilik emas, zaruratdir, u har faslda har xil parvarishni talab qiladi. Masalan, yozda terini spirtsiz yumshoq vositalar bilan yaxshilab tozalash kerak. Oftobda qolgan teriga ko‘proq namlik zarur bo‘ladi, lekin bu har 20 daqiqada yuzni ma’danli suv bilan yuvish shart degani emas. Aynan shundan ehtiyot bo‘lish lozim: suvni ko‘chada purkasangiz, u yuzdagi chang bilan qorishib ketadi. Shuning uchun dermatologlar ogohlantiradiki, ma’danli suvga ruju qo‘yish bilan teringizni «quritib» qo‘yishingiz mumkin.

Namlovchi loson yoki tarkibida suvni saqlovchi unsurlar ko‘p bo‘lgan zardobdan foydalaning, ustidan esa yupqa qilib krem yo gel surting. Yodda tutingki, ularni cho‘milgandan so‘ng besh daqiqa ichida surtish kerak. Teringiz qanday turga kirishini bilib oling, bo‘lmasa unga to‘g‘ri keladigan mahsulotlarni tanlay olmaysiz. Sochini qirib oldiradiganlar bosh terisini oftobdan himoyalovchi vositalardan foydalanishi mumkin.

To‘g‘ri tanlangan dezodorant yoki antiperspirant ham issiqdan saqlanishga yordam beradi: birinchisi hidni yo‘qotadi, ikkinchisi terlashning oldini oladi.

6Oftobdan himoyalovchi vositalarni sotib oling

Quyoshli kunlarda uzoq vaqt toblanib, D vitaminining yillik zaxirasini yig‘ib olishga harakat qilmang. Oq-sariqdan kelganlarning aksariyatiga D vitaminini me’yorida saqlab turish uchun haftasiga uch marta quyoshda 10-15 daqiqa yurish kifoya. Oftobda toblanishga kelsak, esda tuting: bu melanin ishlab chiqarishdir, ya’ni teri ultrabinafsha nurlardan zararlanmaslik uchun ushbu pigmentni ishlab chiqaradi. Lovullagan oftob tagida ko‘p yurish terining quruqshashiga, erta qarishiga, qayishqoqligini yo‘qotishiga, hatto saratonning ba’zi turlariga chalinish xavfining oshishiga olib keladi.

Allaqachon toblanishni boshlagan bo‘lsangiz, buni ertalab yo kun botishidan oldin qilganingiz ma’qul: nurlanish eng kuchli bo‘lgan soat 10 dan 16 gacha quyoshda yurish tavsiya etilmaydi. Ko‘pchilik plyajdan tashqarida quyoshdan himoyalovchi vositalarga shubha bilan qaraydi va noto‘g‘ri qiladi. Baxtimizga yuz va badan uchun chiqariladigan ko‘p kremlarda SPF (inglizcha Sun Protection Factor) bo‘ladi (ishlab chiqaruvchilar doim uni ko‘rinarli joyga yozib qo‘yishadi). Abbreviatura yonidagi raqam terining kuyishga chidamliligini bildiradi, masalan SPF 30 SPF 15 ga nisbatan yaxshiroq himoya qiladi, biroq harholda ikki barobar emas.

Dermatologlar himoyani har ikki soatda, shunda ham cho‘milgandan so‘ng almashtirishni (yo‘riqnomada bunday qilish mumkin emas deb ko‘rsatilmagan bo‘lsa) tavsiya qilishadi. Buning ustiga bulutli kunlarda ham himoyadan foydalansa bo‘ladi. Yana bir gap: quyoshdan saqlovchi yaxshi ko‘zoynak uchun pulni qizg‘anmang, oyna o‘rniga qoraytirilgan plastik o‘rnatilgan ko‘zoynak ultrabinafsha nurlardan himoya qilmaydi, himoyalanganlik hissini uyg‘otadi xolos.