Jurnalist qandaydir hodisa yuzasidan surishtiruv o‘tkazganda albatta tomonlardan biri bo‘lmish davlat idoralariga ham sim qoqadi. Ularning munosabatini so‘raydi. Shu paytgacha davlat idoralari o‘zining indamasligi bilan tanilib bo‘lgan edi. Ular indamaydi, natijada OAVda boshqa tomonlarning munosabati ko‘proq yoritiladi.

OAV masalasida davlat to‘liq monopol bo‘lgan sharoitda davlat idoralarining bu tarzda indamas bo‘lishi o‘zini oqlaydi. Chunki jurnalistlar shundoq ham ming chig‘iriqdan o‘tgan xabarlarni e’lon qiladi. Ammo bu monopoliya avvalgidek qudratli emas. Nodavlat OAVning nufuzi ham, ta’siri ham ortib borayapti. Indamas idoralar avvalgi taktikani davom ettirsa, bu idoralar haqida faqat salbiy axborot tarqaydi, xolos.

Davlat idoralarini axborot makonida tarqaladigan xabarlarga munosabatiga qarab uch guruhga ajratish mumkin: javob beruvchi, indamas, qo‘rqituvchi.

Ular kimlar?

Javob beruvchilar. Bu idoralar odatda ta’siri o‘rtacha bo‘ladi, tepasida nisbatan zamonaviy, ochiq fikrlovchi rahbarlar o‘tiradi. Bular o‘zlari haqidagi xabarlarga bee’tibor emas. Tanqidlar, turli mishmishlar tarqalganda raddiya beradi, munosabatini bildiradi. Hozir Adliya vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Bosh prokuraturada shunday kayfiyat bor.

Indamaslar. Bu guruhga mansublarni ikkiga ajratish mumkin. Ta’siri o‘ta kuchli tashkilotlar, deylik, kuch ishlatar tizimlar yoki hech kimning ishi yo‘q, borligi ham, yo‘qligi ham noma’lum turli idoralar. Bularning tepasida odatda avtoritar fikrlovi rahbarlar yoki umuman axborot ahamiyatini tushunmaydiganlar bo‘ladi. Bular mensimaganidan yoki tushunmaganidan indamay o‘tiradi.

Qo‘rqituvchilar. Bular kuchli tashkilotlar hisoblanadi. Axborotning ahamiyatini yaxshi tushunadi. Ular o‘zlari haqida aytilayotgan gaplarga befarq emas. Biroq ularning "javob beruvchilar"dan farqi OAVga, jurnalistlarga munosabatidadir.

Qo‘rqituvchilar axborotga raddiya bermaydi, balki uni chiqargan axborot vositasiga po‘pisa qiladi, e’lon qilingan materialni oldirib tashlashga urinadi.

Agar bu ish bermasa, o‘sha OAV yoki jurnalistga qarshi kampaniya boshlanadi. Deylik, uning o‘zi toza emasligi, buzg‘unchiligi «fosh qilinadi». Bunda o‘sha tashkilotga xizmat qiluvchi OAV, jurnalist, blogerlar yordamga keladi.

O‘zbekistondagi barcha davlat boshqaruv idoralari axborot xizmatlarini mana shu uch toifaga bo‘lish mumkin. Ammo ularning nima uchun shunday bo‘lib qolganini izohlash qiyin. Shunga qaramay ayrim sabablarni keltirsa bo‘ladi.

Sabablar

Byurokratiya. Tashkilotlarning axborot xizmatlari o‘sha tashkilotdagi byurokratiyaning qurboni bo‘lishadi. Tashkilot nihoyatda katta, uning bo‘lim va boshqarmalari o‘rtasida axborot almashinuvi sekin. Axborot parallel shaklda quyidan markazga oqadi. Ya’ni, bo‘limlar gorizontal shaklda axborot almashmaydi, balki hammasi vertikal ketadi.

Tashkilotning axborot xizmati esa bo‘limlardan biri bo‘lgani uchun axborot ularga kelmaydi. Ular shunchaki bo‘limlardan biri, xolos.

Axborot xizmati boshqa biror bo‘limdan biror ma’lumotni olishi juda qiyin. Hatto shunday holatlar ham borki, matbuot kotibi boshqa bo‘lim, boshqarma yoki bo‘ysunuvchi idoraga xat bilan chiqishi kerak. Bu esa vaqtni oladi.

Tasavvur qiling, jurnalist axborot xizmatiga bog‘lanib, undan ma’lumot so‘raydi. Ammo axborot xizmatida jurnalist so‘ragan ma’lumot yo‘q. Bunday vaziyatda axborot xizmati uning savoliga javob berolmaydi. Tegishli bo‘lim bilan bog‘lanish, undan ma’lumot olish kerak.

Tashkilot qancha katta bo‘lsa, axborot xizmatining samarali ishlashi shuncha qiyin kechadi.

Bunday vaziyatda matbuot kotiblarini faqat birinchi rahbarga bo‘ysunadigan qilish, axborot xizmatiga esa butun tashkilotdan axborot o‘zi oqib keladigan bir tizim yaratish kerak bo‘ladi.

Matbuot kotiblari maqomining pastligi. Shunday tashkilotlar borki, ularga zamonaviy fikrlovchi, OAVni yaxshi tushunadigan matbuot kotibini olib kelib qo‘ysangiz ham biror o‘zgarish bo‘lishi qiyin. Matbuot kotiblari tashkilotda yuz berayotgan o‘zgarishlardan eng oxirida xabar topadi. Ularga vaqtida axborot berilmaydi.

Matbuot kotibi qancha ochiq bo‘lsa, unga shuncha kam ishoniladi. Ko‘p narsa sir saqlanadi. Faqat matbuotga chiqarish mumkin bo‘lgan ma’lumotlargina beriladi.

Vaholanki, matbuot kotiblari xoh chiqariladigan, xoh chiqarilmaydigan bo‘lsin, o‘zi xizmat qilayotgan tashkilotning ahvolidan chuqur xabardor bo‘lishi kerak. Aks holda kutilmagan tanqidlar, mishmishlar chiqqanda matbuotga nima deb izoh berishni bilmay qoladi.

Tashkilotning yopiqligi. Bu avtoritar ish uslubidan to‘la voz kechmagan barcha davlatlardagi eng katta muammo. Yuqoridagi ikki kamchilikni tuzatish mumkin. Ammo bunisini tuzatish oson emas.

Tashkilotning yopiq yoki yarim yopiq bo‘lishi an’ana tusini olgan yoki ongli tarzda ichki buyruqlar bilan mustahkamlangan bo‘ladi. Bunday tashkilotlar "indamaslar" yoki "qo‘rqituvchilar" hisoblanadi.

Matbuot kotiblari yopiq tashkilotlarda nomigagina ishlaydi. Birinchi rahbar ruxsat bergan ayrim ma’lumotlarnigina chiqarib turadi. Har bir xabarni faqat birinchi rahbarning ruxsati bilangina chiqaradi. Ya’ni, matbuot kotibi biror narsani o‘zgartira olmaydi.

O‘zbekistondagi boshqaruv idoralari axborot xizmatlari ishini yaxshilash o‘ta murakkab, oson bo‘lmagan ish; kuchli siyosiy iroda kerak bo‘ladi. E’tirof etish joiz, axborot xizmatlari yomon ishlayotganining tan olinishi – ijobiy o‘zgarish. Buni faqat olqishlash kerak.

Ammo bu yetarli emas.

Keyingi qadam nafaqat axborot xizmatlari, balki boshqaruv idoralarining o‘zida shakllangan boshqaruv tizimi, madaniyati ham ochiqlikka tayyor emasligini tan olishdir. Axborot xizmatining qanday ishlashi, uning OAVga qanchalik ochiqligi kasallikning isitmasi, xolos. Vazirliklar, turfa tashkilotlarning o‘zlari tayyormi ochiqlikka? Ana shu hal qiladi hammasini.