Bugun, 22-iyun kuni Toshkent shahridagi Anhor sayilgohida ilk bor rasmiy ravishda rep san’ati festivali bo‘ladi.

O‘zligimiz kushandasidan o‘xshashi yo‘q diyor kuychisiga aylantirilayotgan rep janri O‘zbekistonda bugungacha norasmiy taqiqda bo‘lgan. Mafkurachilar oldinlari repni faol taqiqlamasa ham, bu va rokka o‘xshash janrlarga xayrixoh ham bo‘lmagan. Rep festifallari faollarning tashabbusi bilan norasmiy o‘tkazilgan.

RAP – “Rhythmical African poetry”, ya’ni “Ritmli Afrika poeziyasi (she’riyati)” so‘zlarining qisqartma shakli hisoblanadi.

Vaziyat va repga munosabat may oyida o‘zgardi. Musiqa sohasini mafkuraviy nazorat qiladigan “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi rep va shu kabi yo‘nalishlarda ijod qiluvchi yoshlar bilan "samarali hamkorlik qilish, ularni qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor" qaratishni boshladi.

Repperlar bilan hamkorlikdan maqsad ham aniq-tiniq belgilangan.

"Xalq so‘zi"ning yozishicha, rep yo‘nalishida ijod qilayotgan ko‘pchilik yoshlarga nisbatan salbiy qarashlar mavjudligi, shu bois bu yo‘nalishda ijod qilayotganlar borasida turli fikrlar yuzaga kelgani ham sir emas. Mana shu sabablarni bartaraf etish, bu yo‘nalishda tarbiyaviy ahamiyatga ega ijod namunalarini ko‘paytirish orqali uning foydali tomonlarini ko‘rsatib berish, shuningdek, bu sohada ijod qilayotgan aksariyat yoshlar faoliyatida talabchanlik va mas’uliyat, ijtimoiy jarayonlarga daxldorlik tuyg‘usini oshirishga ham (may oyidagi) uchrashuvda ahamiyat qaratildi.

Shuning uchun ham bugungi rep festivali ilk bor davlat xayrixohligida tashkil qilinmoqda.

Shu yilning 16 – 18-avgust kunlari Toshkent shahrida rep va dijeylarning xalqaro festivalini o‘tkazish ham rejalashtirilgan.

Repni xonakilashtirish harakatlari muvaffaqiyatli bo‘ladimi, repperlar o‘zligimiz kushandasidan o‘xshashi yo‘q diyor kuychisiga aylanadimi, vaqt ko‘rsatadi.

Markaziy Osiyoda dunyoga mashhur repperlar ham yo‘q emas. Shulardan biri Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovdir. Yaqinda Gurbanguli Berdimuhamedov nevarasi Karimguli bilan birga sevimli ayg‘iri Rovoch haqida rep o‘qigan.