15-iyulda Toshkentda sobiq bosh prokuror va DXX raisi Ixtiyor Abdullayev ustidan sud jarayoni boshlangan. "Fergana" va Uzmetronom xabariga ko‘ra, ishda o‘ta maxfiy ma’lumotlar borligi uchun harbiy sudda yopiq tarzda ko‘rilayapti.

Jami 24 kishi sudlanmoqda, shularning yarmi tergov izolyatoridan sudga olib kelingan bo‘lsa, qolganlari garov va manzilini tark etmaslik haqidagi tilxat asosida ochiqda qolgan.

Sud Umid Shokirov raisligida o‘tmoqda. OAV Ixtiyor Abdullayev advokat xizmatidan voz kechganini, ishda faqat davlat advokatlari ishtirok etishi haqida xabar bermoqda.

Ixtiyor Abdullayev 2019-yil fevralida o‘z xohishiga ko‘ra DXX raisligidan ketgan edi. Dastlabki xabarlarda uning ishdan ketishiga keyingi bir yil davomida bo‘yin va bel umurtqa pog‘onasida ikki marta og‘ir jarrohlik amaliyotini o‘tkazgani, shuningdek, ko‘zi ham operatsiya qilingani sabab qilib ko‘rsatilgan.

Iyunda esa Ixtiyor Abdullayevga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bosh prokuratura vakillarining ma’lumotiga ko‘ra, Abdullayev va yana o‘nga yaqin boshqa mansabdorga mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish, poraxo‘rlik bilan bog‘liq jinoyatlar yuzasidan ish qo‘zg‘atilgan.

21-iyunda Oliy Majlis Senatida nutq so‘zlagan Shavkat Mirziyoyev "Abdullayevi ham, boshqasi ham katta srok oladi hali", degan edi.