Vazirlar Mahkamasi huzurida Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 9-sentyabr kuni bu haqda maxsus farmon va qarorni imzolagan.

Prezident farmoniga ko‘ra, quyidagilar Agentlikning idoraviy bo‘ysunuviga o‘tkazilgan:

– Prezident maktablari;

– ijod maktablari;

– Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab;

– Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internati;

– Abu Ali ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab-internati.

Yangi tashkil etilgan agentlik Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda yoshlarni aniqlash, tanlash, o‘qitish va tarbiyalash sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi. Agentlikka Bosh vazir taqdimnomasiga ko‘ra Prezident tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan direktor rahbarlik qiladi. Agentlik direktori mehnatga haq to‘lash, tibbiy va transport ta’minoti shartlariga ko‘ra vazirga, uning birinchi o‘rinbosari – vazirning birinchi o‘rinbosariga, o‘rinbosarlari – tegishli ravishda vazir o‘rinbosarlariga tenglashtiriladi.

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar uchun o‘rnatiladigan davlat ta’lim standartlari agentlik tomonidan tasdiqlanadi. Agentlik ushbu maktablar bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olishni davom ettirishlari uchun, shu jumladan, ixtisoslashtirilgan oliy ta’lim tizimining faoliyat yuritishi orqali kerakli sharoitlar yaratiladi.

Agentlik Prezident maktabi bitiruvchilarining kamida 20 foizini xalqaro tan olingan tashkilotlar reytingida dastlabki 1 000 ta pog‘onani egallagan yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishlarini ta’minlashga, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar bitiruvchilariga davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, respublika ahamiyatiga ega boshqa tashkilotlar, diplomatik vakolatxonalar, yirik kompaniya va birlashmalarga ishga joylashishda ko‘maklashishga mas’uldir.