300 ming folloverga ega Insta-blogerning telefon va akkauntini olib qo‘ygan soliqchilar ishdan bo‘shatildi.

«Voqeani o‘rganish asnosida ma’lum bo‘lishicha, Ashurboyev bilan bog‘liq vaziyatda Mirobod soliq inspeksiyasining xodimlari O.Ziyayev va Sh.Hasanov o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilib, soliq organlari xodimining axloq normalarini buzishgan.

Ashurboyev qilgan huquqbuzarlik uchun u bilan profilaktik suhbat o‘tkazishning o‘zi yetarli edi, shaxsiy telefonini musodara qilish shart emas edi», – deyladi Davlat soliq inspeksiyasi 15 iyunda tarqatgan bayonotda.

O‘zi nima gap: «Instagram»da 300 minglik auditoriyaga ega sahifa egasi bloger Aziz Ashurboyev 8-iyun kuni kanalida reklama joylashtirish bo‘yicha uchrashuvga borgan. Reklama beruvchi sifatida o‘zini tanishtirgan soliqchilar Ashurboyevning sahifasida reklama joylashtirish uchun 400 ming so‘mni berayotgan paytda telefonini olib qo‘yishgan. Ular shuningdek Ashurboyevning «Instagram»dagi sahifasining parollarini o‘zgartirib, sahifasini egallab olishgan, ijtimoiy tarmoqdagi boshqa sahifalaridagi yozishmalarini ham kuzatishgan.

  • Bloger bu haqida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga shikoyat qilgan.
  • 13-iyun kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiya agentligi direktori Komil Allamjonov o‘zining tvitterdagi sahifasida Davlat soliq qo‘mitasiga murojaat qilib, bloger Aziz Ashurboyev bilan bog‘liq holat o‘rganib chiqilib, inspektorning xatti-harakati qonunga zidligi aniqlansa unga nisbatan chora ko‘rilishini so‘radi.
  • 14-iyunda bu voqeaga Bosh prokuratura ham o‘z munosabatini bildirdi Bosh prokuror o‘rinbosari Erkin Yo‘ldoshev ushbu holat Bosh prokuraturaning alohida nazoratiga olingani, bugungi kunda departament tomonidan davlat idoralari xodimlarining bloger Aziz Ashurboyevga nisbatan sodir etgan xatti-harakatlariga huquqiy baho berish maqsadida tergovga qadar tekshiruv tayinlangani haqida ma’lumot berdi.
  • Davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev blogerdan uzr so‘radi.