O‘zbekiston iqtisodi qanday rivojlanmoqda? Nega yirik davlat korxonalari xususiylashtirilmadi? Inflyasiya yana qancha o‘sishda davom etadi? Nega xalqaro investorlarning O‘zbekistonga kelishi sust? O‘zbekiston Gruziyadan nimani o‘rganishi mumkin? Rossiyadagi faol privatizatsiya amallaridan-chi?

Bi-bi-si jurnalisti Ibrat Safo shu va boshqa savollarni Yevropa Taraqqiyot va Tiklanish bankining Markaziy Osiyo direktori Bruno Balvaneraga berdi.

Dunyodagi eng nufuzli investitsiya banklaridan hisoblanmish Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot banki (YeTTB) marhum prezident Islom Karimovning inson huquqlari borasidagi siyosatini qoralashi ortidan O‘zbekistondan chiqib ketishga majbur bo‘lgandi.

Ammo Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat tepasiga kelishi bilan, bank O‘zbekistonga qaytdi. Toshkentda qayta ochilgan vakolatxonasi ortidan u endilikda Andijonda ikkinchi vakolatxonasini ochishni rejalamoqda.

1991-yilda tashkil qilingan YeTTB rivojlanayotgan davlatlarda bozor iqtisodini qurish yo‘lida investitsiya kiritishga ixtisoslashgan. Bankning O‘zbekistonda moliyalayotgan 72 ta loyihasi portfoliosi hozirda 694 million yevroga teng.

YeBBTning O‘zbekiston bo‘yicha ishlab chiqqan strategiyasi uch masalani ustivor deya belgilagan:

– iqtisodda xususiy sektorning rolini kuchaytirish bilan raqobatni oshirish;
– barcha sohalarda yashil energiyani targ‘ib qilish;
– o‘sib borayotgan mintaqaviy va xalqaro hamkorlik va integratsiyani qo‘llab-quvvatlash.

"Biz tez xususiylashtirishdan farq qiladigan boshqacha modelni taklif qilyapmiz. Balki shuning uchun ham jarayon sekin ketayotgandir. Bir narsani nazardan qochirmaylik, O‘zbekistonda hali o‘sha davlat kompaniyalarini sotib olish uchun yetarli boylar yo‘q. Odamlar badavlat emas. Balki ba’zilari boydir, lekin davlat mulkini sotib oladigan darajada emas. Xorijiy investorlar esa O‘zbekistondagi jarayonni kuzatib turibdilar va hali kirishga tayyor emaslar", - deydi janob Balvanera.