22–24-iyulda bo‘lib o‘tgan Prezident maktablarining yakuniy imtihonlari natijasi ma’lum bo‘ldi. Javoblar Cambridge Assessment International Education tashkilotining saytida e’lon qilindi.

11426 nafar nomzoddan 576 nafari (har bir hududdan 144 nafardan) Prezident maktablariga o‘qishga qabul qilindi.

Natijalarni onlayn tekshirish uchun:

1) Cambridge Assessment International Education tashkiloti veb-saytiga kirasiz.
2) Talabgor topshirgan hudud (Toshkent, Namangan, Xorazm va Qoraqalpog‘iston Respublikasi)ni tanlaysiz!
3) So‘ngra Prezident maktablariga topshirgan sinfi (5-, 6-, 7-, 8-, 9-, 10-sinf)ni tanlaysiz.
4) Nomzodning natijasini bilish uchun qidirish tugmasini (CTRL+F) bosib, cizga taqdim etilgan 11 raqamlik maxsus identifikatsiya raqami orqali nomzodning natijasini bilasiz. Yakuniy bosqich imtihonlariga o‘tgan nomzodlar – jadvalning yuqori qismida ko‘k rangda belgilangan bo‘ladi. Yakuniy bosqich imtihonlariga o‘ta olmagan nomzodlar esa – oq rang bilan belgilangan bo‘ladi.

Prezident maktablarining 6-sinfida o‘qish uchun hujjat topshirgan o‘quvchilarning natijalari (Toshkent shahri)
Prezident maktablari sinovida bir xil natija ko‘rsatganlar qanday tanlanadi?

Prezident maktablari va Cambridge Assessment International Education jamoasining eslatishicha, 5- va 6-sinflar uchun muammoni yechish va tanqidiy fikrlash bo‘yicha umumiy 40 ballik savollar jami to‘plangan balning 80 foizi hamda ingliz tilidan umumiy 50 ballik savollar jami to‘plangan balning 20 foizini tashkil etadi.

Masalan, 5-sinf nomzodi tanqidiy fikrlash bo‘yicha umumiy 40 ballik savollardan 21 tasiga to‘g‘ri javob bergan va ingliz tilidan umumiy 50 ballik savolardan 39 tasiga to‘g‘ri javob bergan bo‘lsin. Bunda nomzodning jami to‘plagan bali quyidagicha hisoblanadi:

(21/40)*80 + (39/50)*20 = 57,6

Ushbu misolda nomzod muammoni yechish va tanqidiy fikrlash bo‘yicha umumiy 42 ball va ingliz tilidan umumiy 15,6 ball to‘plagan, natijada nomzodning jami to‘plagan bali 57,6 ga teng bo‘ladi.
7-, 8-, 9- va 10-sinflar uchun muammoni yechish va tanqidiy fikrlash bo‘yicha umumiy 40 ballik savollar jami to‘plangan balning 60 foizi va ingliz tilidan umumiy 55 ballik savollar jami to‘plangan balning 40 foizini tashkil etadi.

Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 25-iyundagi 526-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Prezident maktablari to‘g‘risidagi” nizomning 41-bandiga asosan Prezident maktablariga kirish imtihonlari natijalarini tekshirish va talabgorlarning javoblari natijalarini baholash ta’lim sohasida faoliyat yurituvchi xorijiy tashkilot – Cambridge Assessment International Education tomonidan amalga oshiriladi. Natijalar anonim tarzda e’lon qilinadi. Nomzodning shaxsiy ma’lumotlari ko‘rsatilmaydi.

Shuningdek, Prezident maktablari nomzodlariga qo‘yiladigan talablar va qabul qilish tartibi bo‘yicha ma’lumotlarni rasmiy veb-sayt orqali olishingiz mumkin.

Ekspert: "Prezident maktablari imtihonlarining javoblari Britaniyada tekshiriladi, ularni soxtalashtirib bo‘lmaydi"

5- va 7-sinflar kesimida yuqori ball olgan o‘quvchilar boshqa ixtisoslashgan maktablarga imtihonsiz qabul qilinishi rejalashtirilgan.

Prezident maktabiga qabul qilingan o‘quvchilarning ota-onalari uchun uchrashuv tashkil etilib, maktabga hujjatlarni rasmiylashtirish va ta’limga oid boshqa ma’lumotlar beriladi. Uchrashuv o‘tkaziladigan sana va manzil Xalq ta’limi vazirligi rasmiy sayti orqali e’lon qilinadi.