Shavkat Mirziyoyev prezident bo‘lganidan beri o‘ziga atalgan bir necha she’rlarni o‘qigan chiqar, balki unga atalgan qo‘shiqlar ham qulog‘iga chalingandir.

Bu maqtov, olqishlar va madhlarni yaqin kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketgan bir she’r, lof bo‘lsa ham, "ezib" qo‘ydi.

Aslida adabiyot yo san’at qoliplariga solinsa prezident Mirziyoyev yoki marhum Karimovga atalgan she’rlaru qo‘shiqlarning qadri...

Ammo nishonlik opaxonning she’ri bir muxlis ta’biricha, hozirgacha yozilgan bag‘ishlovu madhiyalarni "jirtib tayladi".

Mana o‘sha she’r:

Xalq g‘amini o‘ylab turg‘an
Uyingizdan oylanay.
Sportivkalar bir jorashqan
Bo‘yingizdan oylanay.

Qo‘lingizdagi kapkirni beringdagin kelinga
Bizning Nishon tumaniga bir qidirib keling-da.
Umidadan sariq taksi minib keling, og‘ajon.
Qarshi gres yo‘llaridan yurib keling, og‘ajon,
G‘adir-budir jo‘limizni ko‘rib keling, og‘ajon.

Faqatgina kelganingiz hokim bova bilmasin.
Jo‘lingizga gullar ekib, bayroqlardi ilmasin.
Byudjetchilar chiqib supur-sidir qilmasin.
Shu issiqda jo‘l chetida ovoralar bo‘lmasin.

Yoningizda sherik bo‘lib sehrgarlar yurmasin.
O‘tga emas bo‘tga deb, sizni jo‘ldan urmasin.
Ha, oytqanday vertolyotdan turib bizga qoramang.
Charchab qolgan asabimiz vertushkadan toramang.

Nuriston bor bu cho‘llarda peshonasi terlagan.
Necha yillar intiq qilib biror podsho kelmagan.
Odamlari zamonaviy sovetskiy qishloqmiz.
Krilovning ertagidan tushib qolgan pishloqmiz.

Moda bo‘lgan tatuajlar momoda bor, qizda bor.
O‘rta Osiyoda bitta IES degan bizda bor.

Nega sizni taklif qildim?
Muammo bor, og‘ajon.
Almisoqdan qolgan bizda bittagina bog‘cha bor.

Devorlari ko‘nab qolgan ayvonchasi juda tor.
Bolangni qo‘yay desang ming birinchi navbat ol.
Hokim bova muammong hal, qabulimdan qoch deydi.
Bankdan kredit ola solib uydan bog‘cha och deydi.
SSSRding kottejida bog‘cha ochib bo‘lama?
Davlat bog‘cha qurib bersa kasod bo‘lib qolama?

Mayli, bizding Nuristonga turk aktyori kelmasin,
Kaltafahm biror ayol orqasidan jilmasin.
Mayli, bizding ullarimiz Dubaylarga uchmasin,
Mayli, bizding kuyovlardi Habib kelib quchmasin.

Men ham yozg‘an she’rim uchun ta’magirlik qilmayman,
Boz ustiga moshinani haydashni ham bilmayman.
Faqatgina bolajonlar bog‘chalarda o‘ynasin,
Cho‘limizding issig‘ida ko‘cha sang‘ib jurmasin.

Eh, erkinlikka zo‘r ishonib,
oytib qo‘ydim she’rimdi,
Esenbelar choqirtirib,
qo‘rqqizmasda erimdi.

BBC Uzbek o‘z ijtimoiy tarmoqlarida bu she’rni baham ko‘rishi bilan yuzlab izohlar ostida qoldi.

Ayrim izohlar

Meriem Xabibullox:

– Ex okkungil shoira singlim-a. Dardingizni yozganingizni uzingizdek xalk ukiydi. Bir amalga minganlar marifatli bulib, she’r ukiy bilsalar, bu kunlarga kolarmidingiz.

Raxmon Xojimuradov:

– Menda bitta anik taklif bor. Janoba MALIKA MAYYA xoxlagan bankingizdan x/r ochsangiz she’ringizga tan berganlar va muammongizni xal bulishiga xayrixoxlar ximmati, ixtiyeriga karab baxoli kudrat to prezident borguncha pul tashlab tursak. Moboda yurtboshimiz boraman deguncha bitta zamonaviy bogchaning kurilishiga yetarli mablag tuplansa. Shart! Kemasangiz xam buladi, ish bitdi, bogcha kurildi "Prezident ogajon" deb minatdorlik she’rini yezardingiz, inshollox. Prezidentning ishi kup vakt topolmasligi mumkin. Shunda dolzarb xakkoniy she’ringizning xakikiy ishtimoyi kuch kudratini kurardik. Men Nishon va nishonliklarni, mard Kashkadare xalkni, yurtdoshlarimizni yaxshi bilaman, ular karab utirishmaydi. Bu she’rning, adabiyetning kuch kudratini namoyish etish imkoniyati kuldan boy bermaylik.

Mavlyuda Asatullayeva:

– Raxmon Xojimuradov, Mayli ochishsin x/r kulimizdan kelgancha yordam kilaylik.

Sukhrob Makhmudov:

– Xamma joyda tarkalsa tochno prezidentgacha yetib boradi. Va usha kishlokda Bogcha siti kuriladi...Yurakni tilka pora kildi uziyam... Tasanno 👏👏👏

Adolatxon Boboyeva:

– Oddiy xalkning ichida kanaka talantlarimiz bor-a! Yashang!

Hamidullo Kodirov:

– Xalkni dardini bitibsizku OPAM👍👍👍👍👍👍

Mirolim Isajonov:

– Sherda kishlok dardini aks ettiribdi. Ishkilib xozir shoira opamiz uyidamikin🤔🤔🤔

Nodira Xamrayeva:

– Ofarin! Kichkina sherga shuncha muammoni Zur kilib joylabsiz!!!!

Rostan ham bitta she’rga muammolarning deyarli barchasi sig‘dirilgan.

Taniqli jurnalistlardan biri Sardor Salim ham bu she’rning muvaffaqiyatiga aynan "xalq dardini aytgani sabab bo‘lgan" deydi.

Ammo she’r yoqmaganlar ham bor. Topdik. Hozircha bittagina.

Muxiddinov Xayriddin:

– Bu yaxshi ish yemas, kir kidirish, man paxta kuymok niyatim yok , yaxshi gumonda bulaylik, dushmanlaga aybimizni kursatmilik, nima prezidentni niyati yomonmi, yelkadosh bulish kere utirvolib giybat kilib maza kilish oson, yertaga yaxshi bulish uchun xarakat kilishimiz kere...

Bu she’r nimani o‘zgartirdi?

Sodda, shevada yozilgan va o‘qilgan birgina bu she’r tom ma’noda millionlab odamlarga lahzalar ichida yetib borgani tayin.

Muallif tilga olgan muammolarni yechish uchun balki bunaqa she’rlardan hali o‘nlab, yuzlab yozilishi kerakdir...

Ammo ...millionlab muxlislar ochiqchasiga qarsak chala boshladi.

Bu gal shoiraga atalgan qarsaklarning televizorda ko‘rsatiladigan qarsaklardan farqi bor edi.

Farq shuki, millionlab muxlislar bu gal "kattakonlar"ni nishonga olgan o‘zbek ayolini haq so‘zi uchun olqishlayotgandilar.

Qarsaklar davom etmoqda.