Xalq ta’lim vazirligi kelajak madaniy elitasini parvarishlash maqsadida "ijod maktablari"ni isloh qilmoqchi.

Respublikadagi oltita ijod maktabining faoliyati takomillashtiriladi:

  • atoqli adiblar nomi bilan atalgan, ayrim fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlarni ilovaga muvofiq qayta tashkil etgan holda rasman “ijod maktabi” maqomi beriladi;
  • yozuvchi va shoirlar bolalarning ijodiy qobiliyatini rivojlantirishga yo‘naltirilgan fanlardan dars o‘tadi, har bir maktabga 10 tadan taniqli shoir, yozuvchi va adabiyotshunos biriktiriladi.
  • 10-11-sinflarida a’lo baholarga o‘qiyotgan o‘quvchilar orasida Davlat test markazi imtihon o‘tkazadi. Eng ko‘p ball to‘plagan o‘ttiz foiz o‘quvchiga universitetlarga kirish imtihonlarida ona tili va adabiyot (qoraqalpoq tili va adabiyoti) fanidan maksimal ball beriladi.
  • Madaniyat va san’at arboblari maktabda ijodiy uchrashuvlar, mahorat saboqlarini o‘tkazadi.
  • Bolalar, maktabning ixtisosligidan kelib chiqib, alohida o‘quv rejasi asosida ta’lim oladi.
  • Sinflardagi o‘quvchilar soni 25-30 tadan oshmaydi, pedagoglar qo‘shimcha rag‘batlantiriladi, maktab tez internet va elektron ta’lim milliy tarmog‘iga ulanadi, maktab kutubxonalari munosib jihozlanadi.

Hozirgi kunda jami oltita ijod maktabi bor:

  • Namangan viloyatida Ishoqxon Ibrat,
  • Jizzax viloyatida Hamid Olimjon va Zulfiya,
  • Qoraqalpog‘istonda Ibroyim Yusupov,
  • Qashqadaryo viloyatida Abdulla Oripov,
  • Farg‘ona viloyatida Erkin Vohidov,
  • Andijon viloyatida Muhammad Yusuf nomidagi ona tili va adabiyot hamda chet tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar.

2019/2020-o‘quv yilidan Xiva shahrida Muhammad Rizo Erniyozbek o‘g‘li Ogahiy, Guliston shahrida Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktablari ish boshlaydi.

Hujjat loyihasining muhokamasi 23-iyul kuniga qadar davom etadi, unga o‘z taklif-mulohazalaringizni bildirishingiz mumkin.