“Ijod” fondi direktori Sherzod Irzoyev “Soliq plyus” gazetasi muxbiriga o‘zbek tilidagi adabiy kontentni ko‘paytirish uchun fond qanday ishlarni bajarayotgani haqida intervyu bergan. Irzoyev tash­kil etilganiga 10 yil bo‘lgan Ijod fondi tomonidan “o‘n yil davomi­da bajarilgan ishlarni birma-bir sanab o‘tish uchun juda ko‘p sahifa­larni to‘ldirish kerak bo‘lishini” aytgan.

“O‘tgan o‘n yil davomida 72 nafar yosh ijodkorlarning “Birin­chi kitobim” loyihasida 1 480,0 ming nusxada, 3 ta yoshlar bayozi to‘plami 60 ming nusxada chop etildi. Bayramlar arafasida adabiyoti­miz rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayot­gan uyushma a’zolariga hamda O‘zbekiston ada­biyoti va san’ati rivo­ji yo‘lida xizmat qilib, katta ma’naviy meros qoldirgan marhum adib­larning oilalariga mun­tazam ravishda moddiy yordam ajratilmoqda. “Ijod” jamoat fondi tomonidan bajarilgan ishlarning hammasini sanab o‘tish uchun obraz­li aytganda “yetti kechayu yetti kunduz” vaqt kerak bo‘ladi”, degan fond direktori.

Irzoyev, shuningdek, Yozuvchilar uyushmasida bo‘ladigan tadbirlarning tashkiliy-iqti­sodiy xarajatlarini ham u rahbarlik qilayotgan fond qoplashini aytgan. Bundan tashqari, Alisher Navoiy asar­larining 10 jildligi, Navoiy g‘azallarining rus, ingliz, tojik tilla­ridagi nashrlari, Abdurahmon Jomiyning “Muhabbat mahzani” devoni o‘zbek tili­da, “Boburnoma” nemis tilida, Abdulla Qodi­riyning “O‘tkan kunlar” romani ingliz, tojik tillarida nashr etilishi ham fond mablag‘lari hisobidan bo‘lgan.

Jurnalist 2018 yil shoir Rauf Parfining 75 yilligi munosabati bilan tashkil etil­moqchi bo‘lgan tadbir noma’lum sabablarga ko‘ra qoldirilganiga izoh so‘ragan.

“Fondga yuklatilgan vazifalar qatorida o‘zbek adabiyotida kat­ta maktab yaratgan ustoz ijodkorlarning yubiley sanalarini respublika miqyosida yuksak saviyada o‘tkazishga bog‘liq xarajatlarni muntazam ra­vishda moliyalashtirib kelmoqda. Lekin fond ijodkorlarning ijodiy kechalarini o‘tkazish yoki o‘tkazmaslikni belgilash vakolatiga ega emas. To‘g‘rirog‘i ijodiy masalalarning moliyaviy to­monigina “Ijod” jamoat fondiga ko‘proq daxldor hisoblanadi”, degan fond direktori.

Irzoyev internetda o‘z­bek adabiyoti konten­ti yetarli emas, ba’zi shaxsiy saytlardan tashqari doimiy ishlaydigan adabiy saytlar yo‘qligi xususida ham fikr bildirgan.

“O‘zbekiston Yozuvchi­lar uyushmasining “Badiiy adabiyot” nomli sayti bor. Media-markaz xo­dimlari ushbu saytni yuritadi. Kelajakda bu boradagi rejalarimiz ko‘p. Istiqbolli ijodiy loyihalar, albatta, mo­liyalashtiriladi”, degan fond direktori. Lekin bu nomda sayt mavjud emas.

Irzoyev dunyoda mashhur bo‘lgan badiiy asar­larning o‘zbek tiliga tarjima qilinishi, tarjimonlar­ni moliyalashtirish, masalasiga ham to‘xtalgan:

“Ijod” jamoat fon­di bu – jamg‘arma, ma’­lum miqdorda jamg‘a­rilgan mablag‘larning zaxirasi degani. Fond tavsiya qilingan loyihalarni “Ijod” ja­moat fondi Vasiylik kengashi tomonidan tasdiqlangan sarf-xa­rajatlar smetasi doi­rasida moliyalashtira­di. Tarjima asarlarni albatta moliyalashtira­miz. Mana, “Rus adabi­yoti durdonalari” loyihasida 100 jildlik asarlar nashrga tayyorlanmoqda. Bu loyihani amalga oshirishda “Ijod” jamoat fondi ham o‘z hissasini qo‘sha­di, albatta. Yaqindagi­na Belarus yozuvchisi Ales Karlyukevichning bolalarga bag‘ishlan­gan “Shuburshun va uning do‘stlari” nomli kitobi o‘zbek tiliga tarji­ma qilinib, nashrdan chiqarildi”.

Eslatib o‘tamiz, respublikadagi barcha nashriyot va matbaa korxonalari har oy daromadlaridan 1 foizini Yozuvchilar uyushmasi huzuridagi “Ijod” fondiga o‘tkazadi.