Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida 140 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. Bu yerda 500 kishidan iborat bo‘lgan “Iyegova shohidlari” diniy tashkiloti faoliyat olib boradi. Ushbu oqim a’zolari O‘zbekistonning boshqa biror bir shahrida ro‘yxatdan o‘ta olishmagan, shu sababli mamlakat bo‘ylab ularning umumiy soni qancha ekanligi haqida ma’lumot yo‘q.

*Mazkur material Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi diniy xilma-xillik bilan o‘quvchilarni tanishtirishga bag‘ishlangan maqolalar seriyasi doirasida chop etildi. Maqola mualliflari u yoki bu diniy konfessiyani targ‘ibot qilish maqsadini ko‘zlashmagan.

Chirchiqda oddiygina qilib qurulgan “Podsholik zali” binosi joylashgan, bu Iyegova shohidlarining mamlakatdagi yagona ibodatxonasidir.

Iyegova shohidlari vakili Nikolay Korolyovning aytishicha, ushbu oqim izdoshlari O‘zbekiston hududida 1950-yillardan beri yashab kelishmoqda. Sovetlar davrida ular o‘z faoliyatini yashirincha olib borishgan. 1957 yilda Farg‘onalik ilk dindorlar Serafim Yakushen va Yekaterina Kobzar hibsga olinib, qamoq jazosiga hukm qilingan.

1960 yildan 1990 yillarga qadar Iyegova shohidlari jamoalari Angren, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Qo‘qon, Farg‘ona, Chirchiq, Navoiy, Zarafshon, Uchquduq, Qarshi va Bekobod shaharlarida paydo bo‘lgan. Korolevning aytishicha, Sovetlar davrida shohidlar “ezgu xabar”ni norasmiy tarzda qo‘shnilariga, qarindoshlariga va ishdagi hamkasblariga ulashishgan.

Faqat 1994 yilga kelibgina Iyegova shohidlari diniy tashkilot sifatida Chirchiqda rasman ro‘yxatdan o‘tgan. Biroq, Nikolayning ta’kidlashicha, rasmiy maqom dindorlarga hech qanday himoya taqdim etmagan.

O‘zbekiston huquq-tartibot organlari oldinlari ko‘p marotaba Iyegova shohidlarini qo‘lga olib, mahalliy aholini o‘z safiga noqonuniy jalb etish va mamlakatning turli hududlarida yashirincha yig‘ilishlar tashkillashtirishda ayblagan. Qonun bo‘yicha shohidlar faqat “Podsholik zali”da to‘planishlari mumkin, diniy targ‘ibotni amalga oshirish esa taqiqlangan. O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, mazkur qoidani buzganlar ma’muriy javobgarlikka tortilib, eng kam ish haqining 100 baravari miqdorida jarima to‘lashadi.

– Diniy ozchiliklar bilan bog‘liq bo‘lgan vaziyatni biz faqat o‘zimizga nisbatan bo‘layotgan munosabat bo‘yicha baholashimiz mumkin. Avvallari bir oyda 15 ga yaqin tarafdorlarimizni ushlashardi, hozir bu raqam kamaygan, ba’zi hududlarda esa qo‘lga olishlar butunlay yo‘qolgan. Ushbu o‘zgarishlar hozirgi hukumat fuqaroviy jamiyat qurish yo‘lini tanlagani bilan bog‘liq. Ozchiliklarga ehtirom ko‘rsatmay, bu maqsadga erishib bo‘lmaydi. Ammo qonunchilik darajasidagi o‘zgarishlarni ko‘rmayapmiz.

Iyegova shohidlari hozircha O‘zbekistonning boshqa shaharlarida ro‘yxatdan o‘ta olishmayapti. Ro‘yxatdan o‘tish uchun avval mahalla qo‘mitasidan yuridik manzil haqida ma’lumotnoma olish, keyin qolgan hujjatlarni tayyorlab, Adliya vazirligiga topshirish lozim. Muammo shundaki, mahalladan ma’lumotnoma olish o‘tib bo‘lmaydigan to‘siqqa aylangan.

Adliya vazirligi va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita buni mahalla mustaqil organ ekanligi va ularning ishiga aralasha olmasligi bilan izohlaydi. Mahalla qo‘mitasi esa xalq bunga qarshi, deya asoslaydi. Farg‘ona vodiysida qo‘mitadagilar Iyegova shohidlari radikal tashkilot, deb javob berishdi. Biz ularni sudga berdik, yaqinda to‘rtinchi sud majlisi bo‘lib o‘tadi. Buxoro va Qashqadaryoda murojaatimizga javoban sizlarda bitta ibodatxona bor-ku, yana nima kerak, deb yozishdi. O‘rganchda esa fuqarolar yig‘ini rad javobini berdi, deyishdi.

Biz ariza topshirgan yetti viloyatning birortasidan asosli javob olomadik. Yaqinda Nukus shahrida 100 kishidan iborat bo‘lgan tashabbuskor guruhimiz ro‘yxatdan o‘tish uchun ariza topshirdi. Biz Qoraqalpog‘istonga borib, fuqarolar yig‘ini a’zolari bilan uchrashdik. Ammo u yerda ham vaziyat mojarosiz yakunlanmadi.

Iyegova shohidlarining erkin faoliyat olib borishlariga to‘sqinlik qilayotgan yana bir muammo bor. O‘zbekistonda missionerlik va prozelitizm taqiqlangani bois, biz mana o‘n yildirki o‘z diniy adabiyotimizni olib kelolmayapmiz. Faqat elektron jurnallardan foydalanishimizga to‘g‘ri kelayapti.

Nigora, 26 yosh:

– Iqtisodiyot universitetida talaba bo‘lgan yillarimda men o‘zimni cho‘qintirishga qaror qildim. Ota-onam meni o‘qishini tashlab ketadi, turmushga chiqolmaydi va jamiyatdan ajralib qoladi, deb qo‘rqishdi. Ular Iyegova shohidlari kim ekanligi va bu din qanday din ekanligini bilishmasdi.

Meni Din ishlari bo‘yicha qo‘mitada ham tushunishmadi. Men ularning oldiga suhbatga borganimda, menga musulmon ekanligim va Quro’on o‘qishim kerakligi haqida gapirishdi. Bo‘lim boshlig‘i esa otamga meni uyga qamab qo‘yishni maslahat bergan.

Bir kuni Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari meni oliygohda diplom ishimni himoya qilayotgan paytimda o‘zlari bilan olib ketishdi. Ular meni jinoyatchini tutgandek so‘roq qilishdi. Hech qanday noqonuniy ish bilan shug‘ullanmaganim aniqlangach, uzr so‘rab, qo‘yib yuborishdi. Lekin baribir ko‘nglimda dog‘ qoldi. Kursdoshlarim va o‘qituvchilarim oldida ham noqulay bo‘ldi.

Vijdonan yashash

Nikolay Korolyovning aytishicha, Podsholik zali bugun xayr-ehson evaziga kun ko‘radi. Uchrashuvlarda Iyegova shohidlari maxsus qutilarga o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda pul tashlashadi. Yig‘ilgan ushbu pullarni tashkilot kommunal xizmatlarga, soliqlarga va binoni ta’mirlashga sarflaydi.

Bu yerda hech kimga oylik haqi to‘lanmaydi, ko‘ngilli ishchilar oziq-ovqat olishadi va ularning yo‘l xarajatlari qoplanadi.

19 yoshli Malika Iyegova shohidlari safiga o‘n besh yoshida qo‘shilgan:

– Men 5-6 yoshda edim. Oyim jamoa vakillari safida Injilni o‘rganardilar. Albatta, oyimning yo‘li mening yo‘lim emasligi tushunardim. Men o‘z savollarimga Injildan javob qidira boshladim va javoblarni topdim.

Shundan so‘ng men Iyegova shohidi bo‘lishga qaror qildim. Otam avvaliga qarshi chiqdi, qarindoshlarim to‘g‘ri tushunishmadi, maktabda ham meni mazax qilishdi. Men bibliya qonunlari bilan yashaganim uchun, ba’zi bayramlarni nishonlamasdim. Shunday paytlari sinfdoshlarim meni “riyokor” deb atashardi. Menimcha, bu beg‘araz hazil emas.

Biz haftasiga bir marta Podsholik zaliga uchrashuvlarga va yig‘ilishlarga boramiz. Men kollejni tamomladim, shuning uchun bo‘sh vaqtlarimda qarovchilik qilib pul topayapman va ingliz tilini o‘rganayapman. Otam Injil mening hayotimni qanchalik yaxshi tomonga o‘zgartirib yuborganini ko‘rib turibdi. Men baxtli insonman, o‘z hayotimdan mamnunman.

Iyegova shohidlari bugun davlat tashkilotlarida, qurilish kompaniyalarida, shifoxonalarda, maktablarda ishlashmoqda, oliygohlarda o‘qishmoqda yoki nafaqa olishmoqda. Shohidlar uchramaydigan yagona soha – bu harbiy ish. Ushbu dinda harbiy amaliyotlarda qatnashish taqiqlangan. Tajovuzkor urushmi, mudofaa janglarimi – buni ahamiyati yo‘q. Ya’ni armiyaga borish, agar bu alternativ xizmat bo‘lmasa, mumkin emas.

Nikolay Korolyovning ta’kidlashicha, ushbu masala bo‘yicha Iyegova shohidlari va hukumat o‘rtasida keskin ziddiyatlar yo‘q:

– Bizning izdoshlarimiz hech qanday muammosiz o‘z e’tiqodlarini sabab qilib qo‘rsatib, harbiy xizmatdan bosh tortishlari mumkin. Markazimiz tomonidan diniy ta’lim to‘g‘risida berilgan guvohnoma ko‘rsatilgach, harbiy komissiya bizni armiyadan ozod qiladi.

Ko‘plar bizning jamoamizni obro‘sizlantirishga urunishadi. Bizni hukumatga qarshi, deb o‘ylashadi. Lekin bu yolg‘on. Iyegova shohidlari O‘zbekistonda neytralitet saqlashadi. Vatanparvarlik – bu “men O‘zbekistonni sevaman”, deb ko‘krak kerish emas.

Ushbu mokolaning asl nusxasi CABAR.asia analitik platformasining veb-saytida nashr etildi.