“Ichki ishlar organlari to‘g‘risida"gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra ichki ishlar organlari tergov bo‘linmalari xodimlari daxlsizlik huquqiga ega bo‘ldi, ularga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atishning alohida tartibi belgilandi.

  • Ichki ishlar bo‘limining tergov bo‘linmalari rahbarlari, tergovchilari va surishtiruvchilariga nisbatan faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar prokurorlari jinoiy ish qo‘zg‘ata oladi.
  • Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti rahbari, bo‘linmalari rahbarlari va tergovchilari ustidan faqat bosh prokuror yoki uning o‘rinbosarlari ish qo‘zg‘ay oladi.

O‘zbekistonda bunday huquq deputatlar, senatorlar, sudyalar hamda prokuratura xodimlari, DXX xizmatchilari va advokatlarda bor.

Ushbu qonunga boshqa o‘zgartirishlar ham kiritilgan:

  • ichki ishlar bo‘limlariga ishga olish shartlari og‘irlashtirildi. Davlat tashkilotlaridan o‘z aybi bilan bo‘shatilganlar, qanday jazo olgani yoki sudlanganligi olib tashlangan yoki amnistiyaga tushganidan qat’i nazar, barcha sudlanganlar ishga mutlaqo olinmaydi.

Polkovnik darajasigacha unvonga ega bo‘lgan ofitserlarning xizmat muddati 55 yoshgacha uzaytirildi. Avval 50 yosh bo‘lgan. Ayollarning ham xizmat muddati, maxsus unvonidan qat’i nazar, 45 yoshdan 50 yoshgacha uzaytirildi.