Hokimlarga tadbirkorlarni o‘zlarining asosiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlar va tadbirlarga jalb etish taqiqlandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 14-avgustda tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan farmonni imzoladi.

Hujjatda aytilishicha, mansabdor shaxslar davlat himoyasida bo‘lgan xususiy mulkning daxlsiz ekanini, har qanday vaj bilan xususiy mulkni olib qo‘yish, asosli zaruratsiz mulkni buzib yuborish g‘ayrihuquqiyligini anglab yetmayapti hamda yer uchastkalarini ajratishda o‘zboshimchaliklarga yo‘l qo‘ymoqda. Bu esa mulkdorlarning konstitutsiyaviy huquqlarini himoyalash kafolatlarini kuchaytirish va bunday huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ygani uchun ushbu mas’ul shaxslarning javobgarligini oshirishni taqozo etmoqda.

Endi Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar hokimliklariga quyidagilar taqiqlanadi:

  • tadbirkorlik subyektlarini o‘zlarining asosiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga, shu jumladan, homiylik va xayriya yordami ko‘rsatish ishlariga, hududlarni obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlarini olib borish, temir-tersak va makulatura yig‘ish hamda boshqa ishlarga majburiy jalb qilish;
  • tadbirkorlarni har qanday shaklda qishloq xo‘jaligidagi mavsumiy ishlarga (ekish va yig‘ib olish ishlariga) va mehnat resurslari, pul va boshqa moddiy boyliklarni yo‘naltirish bilan bog‘liq boshqa tadbirlarga jalb qilish;
  • tadbirkorlar ishtirokida majburiy tartibda, shu jumladan, ularga nisbatan ma’muriy va boshqa choralarni qo‘llash tahdidi ostida yig‘ilishlar va boshqa tadbirlarni o‘tkazish.

Ahvol qanday: O‘zbekistonda tadbirkorlarni asosiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga, besamar va soatlab davom etadigan tadbirlarga jalb qilish tizimli tus olgan. Vaziyat ba’zan absurdgacha boradi. Masalan, Qashqadaryo soliq inspeksiyasi xodimlari tadbirkorlarni Jizzax viloyatining Forish tumanidagi obodonlashtirish ishlariga pul o‘tkazishga majburlashi mumkin.