Smartgov Consulting byurosi ijrochi direktori Aziza Umarovaning «bizda charter reyslar va mahalliy muqobil aviakompaniyalar yo‘q» degan fikrini izohlay turib, Uzbekistan Airways respublikada mahalliy aviakompaniyalar tashkil etish o‘zining vakolatlari doirasiga kirmasligini ta’kidlaydi, ammo mamlakat ichidagi yo‘nalishlarda yagona aviamonopol ekanini tan oladi va odamlar uchishga qurbi yetmasa, vilayatlararo avtomashinada qatnashi mumkinligiga ishora qiladi.

"Agar kimdir mamlakat ichida avitashuvlarni amalga oshirish taklifi bilan chiqsa, MAK bu jarayonga to‘sqinlik qila olmaydi. Shu bilan birga fuqarolar ayni vaqtda MAK raqobat qilayotgan yerusti transportidan foydalanish imkoniyatiga egadir".

Charter reyslar

Uzbekistan Airways charter reyslar mavjud emasligi borasidagi tanqidga ham e’tibor qaratgan.

Charter reyslarga «sayyohlik mavsumida turoperatorlar tomonidan tashkil etiladigan reyslar» deya izoh bergan Uzbekistan Airways charter reyslar o‘laroq iddao qilingan parvozlar narxining qimmat ekaniga o‘zi javobgar emasligini ma’lum qiladi.

«Yozgi mavsumda sayyohlik agentliklari MAKka charter reyslar buyurtmasi bilan murojaat etadilar. Aviakompaniya majburiyatlariga uchuvchilar tarkibi bilan samolyotni taqdim etish va xavfsizlikni ta’minlash kiradi. Yo‘lovchilar uchun yakuniy aviatashuv narxi masalasi bilan faqat sayyohlik agentliklari shug‘ullanadi».

Smartgov Consulting byurosi ijrochi direktori Aziza Umarovaning «o‘zbekistonliklarning 95 foizi hayotida dengizni ko‘rmay o‘tishi» va bunga «O‘zbekiston havo yo‘llari»ning monopoliyasi sababchi ekani borasidagi fikrlari shov-shuvlarga sabab bo‘lgan edi.

Dengiz ko‘rmay o‘tayotgan odamlar

Umarova xonimning so‘zlariga ko‘ra, MDH hududida yashovchi oddiy ishchidan tortib biznesmenga qadar yozgi ta’tilni asosan Turkiyada o‘tkazadi. Faqatgina o‘zbekistonliklar bundan mustasno.

"Oddiy fuqarolarda ta’til vaqti xorijga uchish imkoniyati yo‘q, sababi monopolist-aviatashuvchi O‘zbekistonga raqobatchilarni qo‘ymaydi. Bizda charter reyslar va mahalliy muqobil aviakompaniyalar yo‘q. Buning o‘rniga suyukli «Havo yo‘llari» o‘zining Antaliyaga reysini «charter» so‘zi bilan ataydi va unga chiptalarni Istanbulga odatiy reys narxida sotadi. Bron qilish esa odatdagidek aniq bir turfirma orqali amalga oshiriladi. Tanish holat, a?".

Aziza Umarovaning yozishicha, Chimkent, Moskva va Chelyabinskda «O‘zbekiston havo yo‘llari»ning «charter»i narxi evaziga ($650 dan boshlanadi) nafaqat to‘ppa-to‘g‘ri dengizgacha eltuvchi charter reys uchun chipta, balki all inclusive (hammasi ichida – tah.) yo‘llanmani ham qo‘lga kiritish mumkin.

"Charter reyslar odatda 150-300 dollar turadi. Arzimagan pul. Shu sababdan ham Turkiyada dam olish – Rossiya, Qozog‘iston, Ukrainada eng mashhur va imkonli tanlov, lekin bizda emas – u bizda hamon hashamat hisoblanadi. Bolalarni dengizga, to‘zib yotgan uch yulduzli mehmonxonaga olib borish mamlakatimizning 95 foiz aholisi uchun ushalmas orzu bo‘lib qolayotganidan afsusdaman…", – deb yozadi Umarova xonim.

«O‘zbekiston havo yo‘llari» esa Aziza Umarovaning posti va boshqa qator tanqidiy munosabatlarni o‘rganib chiqqani va ularni xizmatlar sifatini yaxshilashga yordam beruvchi ijtimoiy fikr in’ikosi o‘laroq qabul qilganini ma’lum qilmoqda.

"Biz xalqaro yo‘nalishlarda monopol emasmiz"

Biroq bayonotda ayrim shaxslar fuqarolik aviatsiyasi va Uzbekistan Airways aviakompaniyasiga oid ba’zi holatlarni noto‘g‘ri talqin etayotgani ham ta’kidlanadi.

Xususan, Aziza Umarovaning «monopolist-aviatashuvchi O‘zbekistonga raqobatchilarni qo‘ymaydi» degan fikriga javob o‘laroq aviakompaniya o‘zining mamlakat osmonidagi yagona monopol birlik emasligini isbotlashga urinadi.

"O‘zbekistonga 2018-yilda parvozlarni amalga oshirgan aviakompaniyalar soni, 2017-yilga solishtirganda, 14 tadan 18 tagacha (28 foiz) ko‘paydi. Xorijiy aviakompaniyalar tomonidan amalga oshirilgan reyslar soni esa 6833 tadan 9657 taga qadar (41 foiz) ortdi. Xalqaro aviatashuvlar bozorida «Uzbekistan Airways»dan tashqari dunyoning to‘qqiz mamlakatidan Toshkent va O‘zbekistonning boshqa aeroportlariga muntazam qatnovlarni yo‘lga qo‘ygan 18 ta xorijiy aviakompaniya faoliyat yuritib kelmoqda".

O‘zbekistonga qatnovlarni yo‘lga qo‘ygan aviakompaniyalarni nomma-nom sanab o‘tgan Uzbekistan Airways reklama va marketing nuqtai nazaridan bu ishning maqbul emasligi, har bir aviakompaniya bozorda o‘zini o‘zi namoyon etishi lozimligini ham iddao etadi.

Bundan tashqari, MAKning da’vosiga ko‘ra, xalqaro aviakompaniyalar va Uzbekistan Airways paritet asosida ishlab kelmoqda. Ya’ni xorijiy aviakompaniyalar va «O‘zbekiston havo yo‘llari» tomonidan amalga oshiriladigan reyslarning soni bir-biriga teng.

Shuning uchun ham «yo‘lovchilarda tanlov mavjud» deb ta’kidlaydi aviakompaniya.

MAK Aziza Umarovaning «o‘zbekistonliklarning 95 foizi» Uzbekistan Airways monopoliyasi tufayli Turkiyaga borish imkonidan mahrum degan so‘zlariga quyidagicha raddiya bildirgan:

"Bu yerda muallif so‘zlariga qo‘shila olmaymiz. Bu yo‘nalishda Turkish Airlines bilan juda jiddiy raqobatdamiz. Ular nafaqat Toshkentdan(ga), balki Samarqanddan(ga) ham reyslarni amalga oshiradi".

"Odamlar chiptalarni vaqtliroq olishi kerak"

MAKning iddao etishicha, mahalliy yo‘nalishlar narxlari qimmat emas, faqat odamlar chiptalarni vaqtliroq xarid qilishi lozim.

«Tabiiyki, aviachipta qancha vaqtliroq xarid qilinsa, shuncha arzon tushadi. Reysga oz qolganda, samolyotning to‘lishiga qarab, tariflar ham qimmatlasha boradi».

MAKka ko‘ra Toshkent – Nukus yo‘nalishidagi eng arzon chipta 404391 so‘m (taxminan $47), eng qimmati esa 924322 so‘m ($107) va bu narxlar odamni u qadar «chaqib olmaydi».

Uzbekistan Airways viloyatlardagi aeroportlar bo‘shab qolmagani, 2019 yilning birinchi yarim yilligining o‘zida mamlakatdagi 11 ta aeroportda 9302 reys amalga oshirilib, 969427 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatilganini ham ta’kidlaydi.

Qo‘shimcha ravishda, MAK Qozog‘iston dashtida avtobusda tiriklayin yonib ketgan 52 o‘zbekistonlik fojiasida o‘zini ayblash noo‘rin ekanini iddao qiladi.

Aksar ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari agar «O‘zbekiston havo yo‘llari» Rossiyaga aviachiptalar narxini tushirganda edi, bu yigitlar shuncha uzoq va xatarli masofani avtobusda emas, samolyotda tez va xavfsiz bosib o‘tgan bo‘lardi degan fikrlarni o‘rtaga tashlab keladi.

"Bo‘lib o‘tgan hodisa – oilalar boshiga tushgan ulkan g‘am, ammo bu voqeaga aviakompaniyani aralashtirmaslik lozim. Bunday ko‘rgilik har qanday trassada, har qanday yo‘nalishda, nafaqat xalqaro avtobus marshrutida, balki istalgan mamlakatdagi ichki qatnovlarda ham sodir bo‘lishi mumkin edi. Ko‘plab davlatlarda (AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Rossiya va boshqalar), hatto loukosterlar bo‘lsa ham, odamlar avtobus tashuvlaridan juda faol foydalanadi", – deyiladi bayonotda.

So‘nggi so‘z o‘rnida, ushbu bayonotni tayyorlash ustida o‘zining asl vazifalaridan chalg‘ib bo‘lsa ham, ko‘plab mutaxassislarning mehnat qilganini ta’kidlagan Uzbekistan Airways aviakompaniya tomon so‘z hujumlari va ayblovlarga nisbatan sukut saqlashi mumkinligi, ammo bunday qilishni lozim topmaganini aytadi.

«Aviakompaniya va aeroportlar faoliyati yuzasidan kelib tushayotgan barcha ma’lumot qayta ishlanadi va agar bizning ayb bo‘lsa, uni to‘g‘rilaymiz. Biroq qasddan qoralov faoliyati ketayotgan bo‘lsa, biz javob berish va to‘g‘ri ma’lumotni yetkazishga majburmiz», – deb yozadi MAK matbuot xizmati.

«Biz postlar mualliflari bilan uchrashuv o‘tkazish va har qanday savolga javob berishga tayyormiz».