29-apreldan 4-maygacha Amerikaning "Harlem Globetrotters" jamoasi "T.E.A.M Up at School" dasturi doirasida basketbol o‘yinini yoshlar orasida targ‘ib qilish va bullingga qarshi kurashish maqsadida O‘zbekistonga keladi.

"Harlem Globetrotters" tashrifi Xalq ta’limi vazirligi va AQSH elchixonasining sportni rivojlantirish hamda bullingga qarshi kurashishdagi keng ko‘lamli tashabbusi hisoblanadi.

"Basketbol AQSHning eng mashhur sport turlaridan biri hisoblanadi. Biz ham o‘z navbatida basketbolni O‘zbekistonda rivojlantirishni rejalashtirmoqdamiz. Chunki u jamoada ishlashni o‘rgatadi. AQSHda basketbol o‘yiniga bolalarni jalb qilish orqali jinoyatchilikni kamaytirish dasturlari muvaffaqiyatli amalga oshirilgan. O‘ylashimcha, bu tajriba biz uchun ham foydali bo‘ladi. Ushbu loyiha doirasida prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan beshta tashabbusning ikkinchisini amalga oshirishga o‘z hissamizni qo‘shamiz", - degan xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov.

  • "Harlem Globetrotters" a’zolari Fotima Lister (TNT) va Julius Makklarkin (Zeus) O‘zbekistonda AQSHning Bullingga qarshi milliy kampaniyasi tomonidan yaratilgan T.E.A.M Up at School dasturi doirasida qator mahorat darslarini o‘tkazishadi.
  • T.E.A.M Up at School dasturi o‘quvchilarga bulling bilan kurashishda ko‘mak beradi. T.E.A.M. – gapirmoq (talk), rahm qilmoq (empathize), so‘ramoq (ask) va mobillashmoq (mobilize) ma’nolarini anglatadi.

Ushbu dasturning ochilish marosimi 29-aprel kuni Toshkent shahridagi 211-maktabda bo‘lib o‘tadi. "Harlem Globetrotters" vakillari mazkur tur davomida bullingga oid taqdimotlarini Toshkent shahri, Namangan, Andijon va Farg‘ona viloyatlarida 60 dan ortiq maktabda namoyish etadi. Bir yarim soatlik dastur davomida basketbolchilar turli o‘yinlar orqali o‘quvchi va o‘qituvchilarga zo‘ravonlikka qarshi kurashishni tushuntirib beradi.

Shuningdek, loyiha doirasida amerikalik professor Lori Vulf maktab o‘qituvchilari va psixologlariga ijobiy psixologiya usullari bo‘yicha bir qator seminarlar o‘tkazadi.

  • "Harlem Globetrotters" basketbol jamoasi 1920-yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugunga qadar akrobatik va sirk uslubiga yaqin, shuningdek, unutilmas tomoshalarni namoyish etib kelmoqda.
  • "Harlem Globetrotters" chiqishlarini har yili 1,5 million aholi kuzatib boradi. Basketbol jamoasi va uning asoschisi Eybom Sapersten Basketbol shon-shuhratlari zaliga kiritilgan.

Quyida ular ishtirokidagi tomoshalardan birini ko‘rishingiz mumkin.