Xalq ta’limi vazirligi Bosh prokuraturadan Namanganda maktablarning 80 xodimiga beton quydirgan mansabdorlarga nisbatan chora ko‘rishni so‘ramoqda.

Kosonsoy tumani xalq ta’limi bo‘limi mudiri ishdan olingan. XTV tarqatgan xabarda "xodimlar majburiy mehnatga jalb etilgani uchun mansabdor shaxslarga nisbatan chora ko‘rilishini" so‘ragan, lekin bu "mansabdor shaxslar" mahalliy hokimiyat mansabdorlarimi yoki XTB rahbarlarimi, bunga aniqlik kiritilmagan.

Kosonsoy tumani markazida “Yashil xiyobon” tashkil etilayapti:

  • 28-iyunda har bir maktabga shu qurilishdan 10 metrdan joy ajratilib, direktorlarga beton quyish va obodonlashtirish ishlarini bajarish topshirilgan.
  • 29-iyunda tuman XTBning 80 nafar texnik xodimi “shanbalik” niqobi ostida eni 1,5-2 metr, uzunligi 410 metr joyga beton quyish va obodonlashtirish ishlariga majburan jalb etilgan.
  • 2018-yildan beri ta’lim muassasalari o‘qituvchilari va xodimlarini faoliyatiga tegishli bo‘lmagan ishlarga, ya’ni obodonlashtirish, dala ishlari, paxta yig‘im-terimi, majlislarda qatnashish, obuna, uyma-uy yurish va boshqa tadbirlarga jalb etish taqiqlangan.

Xalq ta’limi vazirligi o‘qituvchilarning shikoyatlarini qabul qiluvchi virtual inspektorni ishga tushirgan. O‘qituvchilar majburiy mehnatga jalb etilganida, huquqlari buzilganda yoki turli to‘lovlarga majburlangan holatlarda ovoz.uzedu.uz sayti yoki +998 99 988 10 06 telefoni va telegram raqamiga murojaatlarini yuborishlari mumkin.