Haqorat va tuhmat jinoiy huquqbuzarlikdan ma’muriy huquqbuzarlik turiga o‘tkazilishi mumkin. Bu huquqbuzarliklar bo‘yicha jazoni yengillashtirish haqidagi hujjat loyihasi tayyorlanayotganini Komil Allamjonov aytgan.

AOKA rahbari 10-iyulda OAV erkinligi bo‘yicha Londonda bo‘lib o‘tayotgan Global konferensiya ishtirokchilariga yo‘llagan videomurojaatida aytishicha, jurnalistlar uchun qonunda belgilangan jazolarni yengillashtirish va mutasaddilar tomonidan jurnalist faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun ma’muriy javobgarlikni kuchaytirish ham ko‘zda tutilgan.

Blogerlar huquqi jurnalistlarga tenglashtirilishini ta’minlovchi hujjat loyihasi ishlab chiqilmoqda (blogerlar majburiyati allaqachon jurnalistlarnikiga tenglashtirilib bo‘lgan – tahr.).

Komil Allamjonovning aytishicha, O‘zbekistonda OAVni amalda to‘rtinchi hokimiyatga aylantirish uchun qat’iy yo‘l belgilab olingan va bu yo‘ldan qaytilmaydi.

O‘zbekiston qonunchiligida OAV orqali:

  • tuhmat qilish, ya’ni bila turib boshqa shaxsni sharmanda qiladigan uydirmalar tarqatish jarima, axloq tuzatish ishlari yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi;
  • haqorat qilish, ya’ni shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini beodoblik bilan qasddan tahqirlash jarima, axloq tuzatish ishlari yoxud olti oygacha qamoq bilan jazolanadi.
Bu huquqbuzarliklarni nega dekriminallashtirish kerak: aksariyat postsovet hududida OAV orqali tuhmat yoki haqoratni jurnalistlarning og‘zini yopish va o‘zini senzura qilishiga erishish maqsadida qamoq bilan jazolash amaliyoti kiritilgan.
Bu xalqaro amaliyotga zid bo‘lib, BMT va YXHT kabi halqaro tashkilotlar o‘z a’zolariga (O‘zbekiston ikkisining ham a’zosi) tuhmat va haqoratni jinoiy huquqbuzarlikdan ma’muriy huquqbuzarlik turiga o‘tkazilishni isror bilan tavsiya etadi. Xalqaro tashkilotlarning fikricha, bu moddalarning Jinoyat kodeksida saqlanib qolishi so‘z erkinligini cheklaydi.