"Davlat tashkilotlarining axborot siyosati ularni ijobiy namoyish etishga yo‘naltirilgan bo‘lishi kerak: amaldorlar fuqarolik jamiyatiga sifatli xizmatni talab qiladigan mijoz sifatida qarashlari kerak. Jamiyat talablarini inkor etish yoki ularga noo‘rin munosabat bildirish fuqarolarning ishonchi susayishiga va ijobiy qiyofaning butkul yo‘qolishiga olib keladi". Ushbu fikrni CABAR.asia tahliliy maktabi a’zosi, o‘zbekistonlik kommunikatsiyalar mutaxassisi Lira Zaynilova o‘z maqolasida keltirib o‘tadi.


Maqolaning qisqacha bayoni:

  • O‘zbekistondagi oldingi hukumatning amaldorlari ko‘zdan yiroqda faoliyat olib borib, tuzilmalar va idoralarning axborot siyosatini o‘zgartirishga urinmadi;
  • Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan so‘ng rahbarlarga ommaviy axborot vositalariga imkon qadar yaqinroq bo‘lish, fuqarolik jamiyati bilan muloqotni yo‘lga qo‘yish vazifalari topshirildi;
  • o‘tgan uch yil ichida mamlakatning siyosiy hayoti ancha jonlandi, hokimiyatning yuqori qatlami muloqot uchun ancha ochildi;
  • siyosiy elita qarorlar qabul qilishda faolroq bo‘lishi, ularni o‘z obro‘lariga ziyon yetkazmasdan ommalashtirishi, matbuot xizmatlarining faoliyatini yo‘lga qo‘yishi va ijtimoiy munosabatlar strategiyasini to‘g‘ri shakllantirishi kerak.

2019-yil yanvar oyida O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi (O‘zMAA) Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga aylantirildi, agentlik vazifalari mamlakatimizdagi amalga oshirilayotgan islohotlar uchun PRni qo‘llab-quvvatlashni o‘z ichiga oldi. 4-fevral kuni Komil Allamjonov agentlikka direktor etib tayinlandi. Aytish joizki, Allamjonov ilgari prezident matbuot kotibi lavozimini egallagan, o‘z vazifalarini ancha yaxshi bajargan. Biroq yangi agentlikning direktori sifatida ish boshlaganda u vazirlik va idoralarning matbuot xizmatlari faoliyati kerakli darajada taqdim etilmagani haqida gapirdi. Allamjonov davlat tashkilotlari axborot siyosatining rivojlanishiga ijobiy ta’sir qila oladimi? Qanday qiyinchiliklarga duch keladi?

Islom Karimov davri: mansabdorlarning axborot izolyasiyasi

Islom Karimov davridagi davlat boshqaruvi "top-down approach" sifatida tavsiflangan edi, ya’ni qarorlarning hammasi yuqorining tashabbusi bilan qabul qilinar va byurokratik iyerarxiya orqali pastga yetkazilar edi. Bu shundan dalolat beradiki, davlat idoralari faqat ijrochi bo‘lgan, qarorlar bo‘limlarda yoki aholi bilan muhokama qilinmagan, bu esa ma’lum qiyinchiliklarni keltirib chiqardi. Bundan tashqari, qabul qilingan qonun va qarorlarni fuqarolar o‘rtasida yanada ommalashtirish uchun hech qanday choralar ko‘rilmadi, davlat tashkilotlari ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik bilan aloqa qilish zarurligini anglab yetmadi. Bu, o‘z navbatida, davlat institutlarining o‘z taraqqiyot strategiyasini ishlab chiqish va imijini mustahkamlashga qiziqishi yo‘qolishiga olib keldi.

Karimov davrida yozilmagan qonun sifatida yana bir o‘ziga xoslik mavjud edi: mansabdorlar ommaviy axborot vositalarida chiqishni xohlamasdi, chunki bu "tepa"da ma’qullanmas edi. Ular jurnalistlar bilan muloqot qilishdan qochishdi, intervyu va sharh berishdan qo‘rqishdi. Buning yorqin misoli 2011 yilda O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili prezidentlikka nomzod Herman Keynning "Ubeki-beki-beki-beki-stan-stan" haqidagi so‘zlariga javoban reportaj suratga olgan jurnalistdan qochib ketganidir.

Deyarli barcha davlat idoralarining majlislariga jurnalistlar qo‘yilmadi. Aholi hukumatni tanimagan va qiziqmagan, chunki odamlar uchun vazirlar va ayniqsa quyi darajadagi mansabdorlar bir xil massa bo‘lib ko‘ringan.

O‘zbek xalqi Rossiya bosh vaziri yoki tashqi ishlar vazirini osongina tanir edi, biroq o‘z hukumati vakillarining nomlarini bilmasdi.

Hatto deputatlarning saylovoldi kampaniyalarida ham zamonaviy aloqa vositalaridan foydalanilmadi. Saylovchilar nomzodlarning dasturlari bilan saylov uchastkalarida ularning fotosurati va takliflari aks etgan plakatlar orqali tanishdilar.

Umuman olganda, ko‘zdan panada bo‘lgan davlat amaldorlari tuzilmalar va idoralarning axborot siyosatini o‘zgartirishga urinmadilar, aksincha, o‘zlariga qulay bo‘lgani uchun status-kvoni saqlab qolishdi.

Mirziyoyev kelishi: xalq bilan muloqot boshlashga urinish

Mirziyoyev davlat rahbari bo‘lganidan keyin davlat idoralarining axborot siyosatini qayta ko‘rib chiqish boshlandi. Siyosiy elita va fuqarolik jamiyati o‘rtasidagi farqni kamaytirish uchun qadamlar qo‘yildi. Shu maqsadda rahbarlarga ommaviy axborot vositalari bilan yaqin aloqa qilish, aholi va fuqarolik jamiyati bilan muloqot qilish topshirildi.

Ushbu siyosatni amalga oshirish jarayonida 2017-yil Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili deb e’lon qilindi. Yil dasturiga hukumat tuzilmalarini isloh qilish va aholi bilan davlat organlari aloqalarini takomillashtirish vazifasi kiritildi. Xalq bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish uchun prezident va barcha ijro etuvchi organlarning virtual qabulxonalari ochildi.

Xalqaro matbuot klubining tashkil etilishi mansabdorlar, jurnalistlar va jamoatchilik o‘rtasidagi muloqot uchun doimiy platforma vazifasini bajaruvchi mexanizmga aylandi. Ta’kidlash joizki, XMK majlislariga nafaqat milliy mutaxassislar, balki xorijiy diplomatik missiyalar va xalqaro ekspertlar ham taklif qilinmoqda. Bu uchrashuvlar siyosiy tizimning ochiqlik va oshkoralik darajasini oshirish bo‘yicha yaxshi misol bo‘la oladi.

Davlat tuzilmalari qiyofasini shakllantirishdagi yangi yondashuvga siyosiy elita va fuqarolik jamiyati o‘rtasida avval mavjud bo‘lmagan ko‘prikni qurishga urinish sifatida qarash mumkin.

Xalq bilan muloqot mansabdorlarga bo‘lgan ishonchni oshirish va jamoatchilikning noroziligini bartaraf etish uchun zarurdir.

Shuningdek, bu muloqot mansabdorlarga fuqarolik jamiyatini mamlakatning siyosiy hayotiga jalb etish imkonini beradi, shu bilan xalqning qaror qabul qilishdagi faolligi oshiriladi. Bundan tashqari, rahbariyat mamlakatda hokimiyat almashganidan keyin jahon hamjamiyati bildirgan ishonchni oqlashi zarurligini tushunadi. O‘zbekistonga jiddiy sarmoyadorlar kelishi yoki kelmasligi ham shunga bog‘liq.

Mirziyoyev kiritgan mexanizmlar samara berdi. Birinchidan, siyosiy jonlanish boshlandi. Aholi rahbarlarni taniy boshladi, ularning hayotiga qiziqish bildirdi. Rahbarlar ham panadan chiqib, izoh va intervyular berib, odamlarga qabul qilingan qarorlarning mohiyatini tushuntira boshladilar. O‘rtadagi aloqa kuchaygani tufayli jamiyat qarorlar qabul qilish jarayoniga ta’sir o‘tkaza boshladi. Masalan, eksport bahosini nazorat qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasiga ekspertlar va tadbirkorlar qarshi chiqishi natijasida hujjat kun tartibidan olib tashlandi.

Bundan tashqari, davlat xizmatchilari yumshoq kuchdan ("soft-power") foydalanishni boshladilar. Buning yorqin namunasi sifatida Navro‘z bayramini nishonlash marosimida Toshkent shahar hokimiyati o‘tkazgan, ilgarigi zerikarli va standart konsertlardan ajralib turadigan bir qator tadbirlarni keltirish mumkin. Bundan tashqari, hukumat vakillari ijtimoiy tarmoqlarda faollashdi. Eng oxirgi misollardan biri yaqinda o‘tkazilgan "book challenge" loyihasidir, unda yuqori mansabdagi shaxslar maktablarga kitoblar berib, o‘z hayotiga eng ko‘p ta’sir ko‘rsatgan asarlar ro‘yxatini taqdim etdilar.

Agentliklar yangi, qarorlar esa eski

Shu bilan birga, ushbu yo‘nalishda islohotlarni amalga oshirishda muayyan qiyinchiliklarga duch kelinmoqda.

Birinchidan, davlat tashkilotlarining tashabbus ko‘rsatish darajasi pastligicha qolmoqda. Yuqorida aytilgan "book challenge" ham Shavkat Mirziyoyevning aholi o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini yaxshilash bo‘yicha topshirig‘idan so‘ng o‘tkazildi. Davlat tuzilmalari yana prezident tashabbusining ijrochisiga aylanishdi, bu qaror qabul qilishda “top-down approach” yondashuvi saqlanib qolganini ko‘rsatadi.

Fuqarolarning siyosiy elitaga yaqinlashuvining soddalashtirilgan mexanizmi o‘rniga navbatdagi byurokratik tizim paydo bo‘ldi.

Ikkinchidan, virtual qabulxona ishidagi dastlabki ko‘tarinkilikdan so‘ng ularning samaradorligi asta-sekin pasaydi, chunki aholining aksariyati shaxsiy so‘rovlar (masalan, "uy sotib olishga, uylanishga yordam bering" kabi) bilan murojaat qila boshladi. Bundan tashqari, virtual qabulxona tashkil qilish urf bo‘lib, ular kerak bo‘lmagan joyda ham tashkil etildi. Shunday qilib, fuqarolarning siyosiy elitaga yaqinlashuvining soddalashtirilgan mexanizmi o‘rniga navbatdagi byurokratik tizim paydo bo‘ldi (onlayn bo‘lsa ham). Bundan tashqari, biron muassasa ustidan berilgan shikoyatlar xuddi shu tashkilotning virtual qabulxonasiga yuborildi. Bunday yopiq doira bu mexanizmning samaradorligi keskin pasayishiga olib keldi.

Uchinchidan, aholi bilan muloqot qilishga o‘rganmagan mansabdorlar ularning jamiyatdagi xatti-harakatlari natijalari haqida kam qayg‘uradilar. Hamma ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Sherzod Qudratxo‘jayev bilan bog‘liq videoni yaxshi eslaydi, unda Qudratxo‘jayev rus tilida so‘zlashuvchi ayoldan o‘zbek tilida gapirishni talab qilgan edi. Yana bir misol – Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev bilan yuz bergan voqea, u ayolning pastki qavatdan kvartira ajratish haqidagi iltimosi yuzasidan noo‘rin hazil qilgan edi. Keyinchalik ayol Ortiqxo‘jayevning va uning atrofidagilarning qo‘pol munosabati haqida shikoyat qilgan (videoda hokimning sigaret chekib turgani ko‘rsatilgan). Rahbarlarning salbiy qiyofasi ular faoliyat ko‘rsatadigan barcha tuzilmalarning obro‘siga ta’sir qiladi.

To‘rtinchidan, aholining davlat idoralari bilan muloqot qilishi va taqdim etilayotgan xizmatlarning sifatiga talabning ortishi yuqori doiralarda o‘zgarishlar boshlanishidan kelib chiqdi. Ehtimol, Mirziyoyev Karimovning boshqaruv uslubini butunlay qabul qilganida jamoat passiv bo‘lar edi. Ko‘rib turganimizdek, yuqoridan keladigan impuls hisobidan har qanday chora-tadbirlar qabul qilinadigan tizim nafaqat mansabdorlarga, balki hukumat va xalq o‘rtasidagi munosabatlarga ham xosdir.

Shuning uchun davlat xizmatlari iste’molchilarining tashabbussizligi katta muammoligicha qolmoqda, chunki siyosiy institutlar hali ham odamlar tomonidan faqat rasmiyatchilik sifatida qabul qilinadi.

Shunday qilib, so‘nggi uch yil ichida mamlakatning siyosiy hayoti sezilarli darajada jonlandi, hokimiyatning oliy qatlami muloqotga yanada ochiq bo‘ldi, zamonaviy aloqa kanallaridan foydalanishni boshladi. Shu bilan birga, odamlar bilan muloqot yaxshi bo‘lishi uchun siyosiy elita qarorlar qabul qilishda faolroq bo‘lishi, fikrlarini o‘z obro‘lariga ziyon yetkazmasdan ommalashtirishi, matbuot xizmatlarining ishini va piar-strategiyasini to‘g‘ri tashkil etishlari kerak.

Muloqotni qanday tashkil etish zarur?

Kadrlar siyosatiga aloqador bir qator muammolar hal qilinmasa, siyosiy elita va fuqarolik jamiyati o‘rtasida muloqot o‘rnatishga, shuningdek, davlat institutlarining obro‘sini mustahkamlashga harakat qilish samara bermaydi. Siyosiy tizimni isloh qilish uning yopiq doirasi buzilmaguncha amalga oshmaydi. Darhaqiqat, deyarli barcha davlat idoralarida boshqaruv eskicha fikrlovchi siyosatchilarning qo‘lida qolmoqda va kadrlar almashinuvi esa mansabdorlarning bir lavozimdan ikkinchisiga o‘tishi orqali yuz bermoqda.

Davlat muassasalarining obro‘sini oshirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligi pastligicha qolmoqda, chunki tizimga chetdan vaziyatga boshqacha baho beradigan va muammolarni hal qilishning yangi yo‘llarini taklif qiladigan kadrlar kelayotgani yo‘q. Bundan tashqari, davlat idoralari aholi bilan tushunarsiz tilda muloqot qilib, murakkab va balandparvoz so‘zlarni ishlatib, o‘zlari va oddiy odamlar o‘rtasida to‘siq paydo qilib, ularning ishonchini yo‘qotadilar.

Davlat organlarining matbuot xizmati fuqarolik jamiyati bilan muloqotning yangi sharoitiga moslashmagan, hozir aholining taqdim etilayotgan axborot mazmuni va sifatiga bo‘lgan talabchanligi ancha oshgan. PR strategiyasini aniq tushunishning yetishmasligi sababli matbuot xizmatlari bir qolipda, eskicha ishlaydi, shuning uchun idoralarning boshliqlari va xodimlari ommaviy axborot vositalari bilan yoki oddiy odamlar bilan muloqot qilishga tayyor emaslar, bu esa turli tushunmovchiliklarga olib keladi.

Davlat tashkilotlari qiyofasini yangilashga qaratilgan islohotlarning muvaffaqiyati u yerda qanday kadrlar ishlashiga bog‘liq

Avlodlar almashuvi fuqarolik jamiyati bilan aloqa o‘rnatish usullariga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, biroq ayni paytda yangi xodimlar boshqaruv tizimiga moslashish o‘rniga uni yangilashi kerak.

Bugungi kunda davlat idoralari xalq bilan muloqot o‘rnatishiga yordam beradigan bir qator tadbirlarni ajratib ko‘rsatish mumkin.

Birinchidan, tuzilmalarga yosh kadrlarni jalb etish davlat organlarining ochiqligini oshirishga yordam beradi, chunki ular amalga oshirilayotgan islohotlarning mohiyatini yaxshi tushunadilar. Yosh mutaxassislar tashabbus ko‘rsatishdan qo‘rqmaydi va o‘z takliflarini zamon talabiga moslashtira olishadi.

Ikkinchidan, davlat muassasalari o‘z ifodalash usullarini (tone of voice) shakllantirishlari zarur, matbuot xizmatlari har qanday media platformadan foydalanishni o‘rganishlari kerak. O‘z imijini targ‘ib qilishning zamonaviy usullaridan foydalanish nafaqat tashkilotni tanitadi (visibility), balki jamiyatning munosabatini ham kuzatib borish imkonini beradi.

Uchinchidan, mavjud aloqa kanallaridan foydalangan holda, qayta aloqa haqida unutmaslik kerak. Bugungi kunda fuqarolik jamiyati davlat idoralaridan amalga oshirilgan harakatlar to‘g‘risida tushuntirish va izohlarni kutmoqda. Jamoatchilikning izohlariga javob berish davlat idoralarining muloqotga ochiqligini ko‘rsatadi, bu esa ijobiy imij yaratish uchun muhimdir.

To‘rtinchidan, har bir davlat idorasi o‘z PR strategiyasini belgilab olishi shart. Shu bilan birga, matbuot xizmati o‘z faoliyatiga siyosiy konsultatsiya konsepsiyasini kiritishi kerak, bu nafaqat xodimlar uchun, balki idora rahbarlari uchun ham tavsiyalarni o‘z ichiga oladi. Bu idoralarga tanlangan strategiya bo‘yicha rivojlanishga yordam beradi.

Davlat tashkilotlarining axborot siyosati ularni ijobiy namoyish etishga yo‘naltirilgan bo‘lishi kerak: amaldorlar fuqarolik jamiyatiga sifatli xizmatni talab qiladigan mijoz sifatida qarashlari kerak. Jamiyat talablarini inkor etish yoki ularga noo‘rin munosabat bildirish fuqarolarning ishonchi susayishiga va ijobiy qiyofaning butkul yo‘qolishiga olib keladi.