Yozuvchi Hamid Ismoilning “Jinlar bazmi” asari “Hay Festival of Literature and Art” adabiyot va san’at festivalida ishtirok etadi. Muallif bilan birga romanni ingliz tiliga tarjima qilgan ingliz tarjimonlari Donald Reyfild va Jon Farndon ham qatnashadi.

“Hay Festival of Literature and Art” adabiyot va san’at festivali har yili may oyining oxiri va iyun oyining boshida, 10 kun davomida o‘tkaziladigan adabiy festivaldir. Festival kitobxonlikning o‘ziga xos ko‘rinishdagi targ‘iboti hamdir.

Ingliz madaniyatida mashhur bo‘lgan festivalni 2001-yili AQSH prezidenti Bill Klinton “The Woodstock of mind” (“Idrok "Woodstock"i”, ya’ni mashhur musiqa festivali “Woodstock”ni nazarda tutgan) deb ta’riflagan.

Festival 23-maydan 2-iyungacha bo‘lib o‘tadi.

Bundan avval Hamid Ismoil Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining 20 ming yevrolik adabiy mukofotini qo‘lga kiritgandi.

Bu romanni munaqqidlar "O‘zbek taxtlar o‘yini" deb ta’riflagan. “Jinlar bazmi” romani Buyuk Britaniyada ingliz tiliga o‘girilgan. Roman 2017-yili “Akademnashr” nashriyotida “Jinlar bazmi yoxud katta o‘yin” nomi bilan o‘zbek tilida ham nashr qilingan.

  • 1949-yilda tug‘ilgan Hamid Ismoilning “Bog‘”, “Sahro” kabi she’riy to‘plamlari, “Murtad”, “Temiryo‘l” kabi nasriy asarlari chop etilgan.
  • 1992-yilda yozuvchi professional faoliyati deb O‘zbekistondan Buyuk Britaniyaga chiqib ketishga majbur bo‘lgan va shundan beri O‘zbekistonda "istalmagan shaxs" hisoblanadi.
  • Hamid Ismoil BBC teleradiokorporatsiyasida faoliyat yuritadi.