Ba’zi xalqaro tashkilotlar 2019-yilning iyun oyini meteokuzatuvlar davridagi eng issiq iyun deb tan olgandan keyin bu yilgi iyul ham tarixda eng issiq oy bo‘lgani aytilmoqda. Bu haqda Euronews kanali ma’lum qildi.

Yer iqlimi va ekologiyasini monitoring qilish dasturi rahbarining so‘zlariga ko‘ra, «parnik gazlari chiqarilishi davom etayotgani va uning harorat ko‘tarilishiga ta’sirini hisobga olsak, bu rekordlar hademay yangilanishiga shubha yo‘q».

Copernicus dasturi doirasida iqlim o‘zgarishini monitoring qiluvchi Yevropa xizmatining olimlariga ko‘ra, iyul oyida o‘rtacha harorat 1981 – 2010-yillardagi o‘rtacha haroratdan 0,56 daraja yuqori bo‘lgan.

Qayd etilgan ma’lumotlarga qaraganda iyulda o‘rtacha harorat 2016-yilgi rekorddan Selsiy bo‘yicha 0,04 daraja oshgan.

O‘tgan oy G‘arbiy Yevropada anomal jazirama kuzatildi, bir qator mamlakatlarda, shu jumladan qutb chizig‘i ichkarisidagi hududlarda ham issiqlik rekordlari qayd etildi.

Iyul oyi O‘rta Osiyo yozi uchun ham juda issiq keldi. Bu yilgi iyul O‘zbekistonda butun meteorologik kuzatuvlar davrida barcha hududlar, xususan Toshkentda ham eng issiq iyul bo‘ldi.

11-iyuldan boshlab o‘rtacha oylik havo harorati me’yordan 5-7 daraja, ayrim joylarda esa undan ham yuqori bo‘ldi. Bu vaqtda harorat 40-43 darajaga, respublikaning shimoli, janubi va cho‘l hududlarida issiq avjiga chiqqanda 44-45 darajaga yetdi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlarining cho‘llarida esa jazirama 46-48 darajaga chiqdi.

Orada harorat biroz pasaygan davrlar ham bo‘ldi. Biroq juda qisqa muddatda o‘tib ketgani uchun deyarli sezilmadi. Shu bois bu yilgi iyulning o‘ziga xosligi yuqori haroratdagina emas, balki jazirama davrining uzoq davom etganidadir. Misol uchun, ko‘pgina viloyatlarda maksimal harorat 40 daraja va undan yuqori bo‘lgan davr 10-17 kunga, janubiy va cho‘l zonalarida esa 20-25 kunga cho‘zildi. Bu o‘rtacha ko‘p yillik ko‘rsatkichlardan ancha yuqori.

5-avgustda taqvim bo‘yicha chilla nihoyasiga yetdi, biroq jazirama saqlanib turadi. Harorat kunduzi 40-43 darajaga, janubiy viloyatlarning ayrim joylarida esa 44-45 daraja bo‘lishi kutilmoqda.

Quvonarlisi, 10-11-avgustga borib harorat pasayadi va 33-38 darajaga tushishi kutilmoqda.