Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov sevimli otiga bag‘ishlab rep aytdi. Prezident navbatdagi mahoratini Turkmanistonda milliy bayram sifatida nishonlanuvchi Axaltekin otlari kunida namoyish qildi.

Gurbanguli Berdimuhamedov ham bayramda ishtirok etib, o‘zining sevimli ayg‘iri Rovochni aylantirib keldi, uni sabzi bilan siyladi deb xabar beradi "Turkmaniston bugun" davlat axborot agentligi. Orqadog‘ avvalroq Rovochga bag‘ishlab she’r ham yozgan edi.

Tadbirlarning avji Gurbanguli Berdimuhamedov nevarasi Karimguli bilan birga Rovoch haqida musiqa ijro etgani bo‘ldi. Axborot agentligining aytishicha, prezident rep o‘qidi, musiqani esa nevarasi bastalagan.

Turkmaniston prezidenti ko‘p qirrali iste’dod sohibidir. Mahoratli chavandoz va sportchi bo‘lishdan tashqari, prezident she’r yozadi, musiqa bastalaydi va hatto avtopoygalarda qatnashadi. U, shuningdek, qurol-yarog‘ning barcha turlaridan professional tarzda foydalana oladi.

Turkmanistonda bir necha yildan beri har yil aprel oxirida Axaltekin otlari orasida xalqaro go‘zallik tanlovi o‘tkaziladi. Ko‘rik bilan birga Axaltekin otlarining chiroyini o‘z asarlarida qanchalik mohirlik bilan aks ettirganligini aniqlash uchun gilamdo‘z, zargar, rassom va haykaltaroshlar orasida ham tanlov uyushtiriladi.

Bundan maqsad Axaltekin otlarining asl qadimiy zotlarini asrab qolish, ularning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shish va shuhratini yanada kengroq yoyish ekani aytilmoqda.