Turkmanistonda prezident Gurbanguli Berdimuhamedovning o‘limi haqida mish-mish tarqatganlarni hisbga olish boshlandi. Bu haqda «Xronika Turkmenistana» sayti xabar bermoqda.

Kamida uch kishi qamalgani haqida aniq ma’lumot bor. Berdimuhamedovning o‘limi haqidagi norasmiy xabarlar u 24-iyulda ta’tilga chiqqanidan keyin urchib ketdi. Mish-mishlarning oldini olish uchun prezidentning matbuot xizmati u imzolagan bir necha hujjatni ko‘rsatdi. Gurbanguli Berdimuhamedovning o‘zi ham ta’tilini barvaqt tugatib, kamera oldiga chiqishga majbur bo‘ldi: Ashxoboddagi yangi qurilishlarni ko‘zdan kechirdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda turkmanistonlik san’atkorlarga prezident Gurbanguli Berdimuhamedovni qo‘llab-quvvatlab, uning o‘limi haqida mish-mish tarqatganlarga qarshi raddiyalar bilan chiqish buyurildi. Bu haqda Tarjumon sayti xabar bermoqda.

«Umid qilamanki, siz bizning hurmatli rahbarimiz haqida internetdagi soxta xabarlarga ishonmaysiz va ishonamanki, ularni qo‘llab-quvvatlamaysiz!», – dedi qo‘shiqchi Selbi Tuvakgilijova. «U tirik va Allohga hamdlar bo‘lsin!» deya qo‘shimcha qildi u va «hurmatli prezident» atrofidagi «xoin va ateistlar»ga qarshi chiqishga chaqirdi.

Aktyor Yagshiy Goshunov «Bu tuhmatchilarning yuzlariga issiq temir bosish kerak» dedi. «Bizning vatanimiz chiroyli qo‘g‘irchoqqa o‘xshaydi. Bizni ushbu baxtli davrga olib kelgan aziz prezidentimiz uzoq umr ko‘rsin! Jahon tarixida Turkmaniston singari bayram va tantanalarga boy davlat yo‘q!» deya qo‘shimcha qildi u.

Musiqachi Begmurod Amanguliyev «dahshatli ma’lumotlar» tarqatuvchilarni «badbasharalar va hasadgo‘ylar» deb atadi. «Qanday qilib ertaklardagidek hayotda yashayotgan bu badbaxtlar bunday nojo‘ya so‘zlarni yozishga qodir! Bizning dono rahbarimiz bor – u butun dunyoga namuna. Odamlar ularning atrofida birlashib, bir jonu bir tanga aylanishdi va o‘zlarining rahbarlariga xiyonat qilishdi! Aziz prezidentimiz uchun biz shirin hayotimizni qurbon qilishga tayyormiz!», – dedi u.

Sharhlardagi ba’zi foydalanuvchilar san’atkorlarni Turkmanistondagi haqiqatni buzib ko‘rsatishda, ko‘zbo‘yamachilikda va laganbardorlikda ayblashdi.