Gulnora Karimova 7-10-iyul kunlari o‘z oila a’zolari bilan Zangiotadagi koloniyada uchrashgan. Bu haqida Adliya vazirligining matbuot xizmati xabar berdi.

Taqdir taqozosi bilan Karimovaning uzoq muddatli uchrashuv huquqidan foydalanishi u 47 yoshga kiradigan kuniga to‘g‘ri kelibdi.

Karimova o‘z tug‘ilgan kunini qizi Imon (va ehtimol o‘g‘li Islom Karimov ila, lekin uning nomi xabarda zikr etilmagan) bilan alohida uzoq muddatli uchrashuvlarga mo‘ljallangan yashash joyida kutib olgan.

Adliya vazirligi xabariga ko‘ra uchrashuv bo‘linmagan, shuningdek, oila a’zolari olib kelgan posilka va banderollarni kiritish cheklanmagan.

Xabarda aytilishicha, uchrashuv davomida mahkumning oila a’zolari Karimovaga tibbiy yordam ko‘rsatilmayotgani va unga bosim o‘tkazilayotgani bo‘yicha shikoyat va e’tiroz bildirishmagan.

Lekin 10 iyulda Karimovaning qizi Imon Instagram sahifasida onasi bilan uchrashganini yozib, uning og‘ir ahvolda ekani va jarrohlik amaliyotiga o‘ta muhtojligi haqida yozgan. U Shavkat Mirziyoyevga murojaat yo‘llab, onasini "sog‘lig‘i tobora yomonlashayotgani uchun" ozod qilishni so‘ragan.

"Oliy Majlis har oyda ayollarni ozodlikka chiqarishni, shu bilan birga xiyonat, terrorizm va vahhobiylik kabi og‘ir jinoyat qilgan ayollarning ozodlikka chiqishlarini ko‘rib chiqayapti", – deb onasi ozodlikka chiqmayotganidan taajublanmoqda Imon Karimova.