Davlat soliq qo‘mitasi avtomobil yoki har qanday texnika ishlab chiqaruvchilar o‘z xohishlari bilan narxlarni istagancha oshirmasliklari uchun import bo‘yicha bojlar ko‘rib chiqilishini ma’lum qildi. Iqtisodchilar ushbu xabarni sensatsiya demoqda.

O‘zbekiston davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mubin Mirzayev jurnalistlar bilan uchrashuvda GM Uzbekistan kompaniyasi yillar davomida imtiyoz olganiga qaramasdan, bu avtomobilsozlik sohasini rivojlantirish uchun sharoit yaratishga yordam bermaganini ta’kidlagan.

U kompaniyalar uchun raqobat muhitini yaratish maqsadida import bo‘yicha bojlar qayta ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qilgan.

Bayram tugadi

Soliq va bojxona imtiyozlarini taqdim etish tartibi bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi prezident farmoni loyihasiga ko‘ra 1-oktyabrdan O‘zbekistonda yengil avtomobil ishlab chiqarishda monopol korxona bo‘lgan GM Uzbekistan ham qo‘shimcha qiymat solig‘ini to‘laydi.

QQS bo‘yicha, jumladan, qishloq xo‘jaligi texnikasi, avtotransportlar, butlovchi qismlar, avtotransport ishlab chiqarishda foydalaniladigan materiallar va texnologik uskunalarga nisbatan bir qator imtiyozlarni bekor qilish rejalashtirilgan.

Mubin Mirzayev Andijonga tashrifi vaqtida mahalliy avtomobil ehtiyot qismlari ishlab chiqaruvchilari bilan uchrashganida import qilinayotgan ehtiyot qismlardan 2-3 barobar arzon turuvchi mahsulotlar mavjudligiga guvoh bo‘lgan.

Biroq unga ko‘ra, GM Uzbekistan mahalliy ishlab chiqaruvchilardan mahsulotlarni sotib olmayapti. Soliq qo‘mitasi mulozimi avtomobil zavodi hech kimga hisob bermasligini aytgan.

"Zavod import qiladi. Biz imtiyozlar berdik, biroq u ichki bozordan 2-3 barobar qimmatga import qilmoqda. Ertaga QQSni joriy etganimizdan so‘ng hujjat bo‘ladi, hisob-faktura bo‘ladi. Unda barcha import narxlari ko‘rsatilgan bo‘ladi. Hozir hech qanday hujjat yo‘q: qayerdan, kimdan, qanchaga? Hech kim tekshirmaydi. Chunki imtiyozlar bor. Soliqchiga bu kerak emas, chunki hatto tekshirgan taqdirda ham u: «Soliqlarni to‘lamasam, bu menga nima uchun kerak?», – deb javob beradi", – deya ta’kidlagan DSQ rahbari o‘rinbosari.

Munosabat: Sensatsiya! Bunaqasi bo‘lmagan!

So‘nggi vaqtlarda O‘zbekistondagi iqtisodiy sohada qabul qilinayotgan qarorlarga o‘ta tanqidiy yondashayotgan iqtisodchi Yuliy Yusupov avtomobil importiga bojlarning tushirilishini sensatsiya deya baholadi.

"Sensatsiya, raqobat muhitini yaratish uchun import avtomobillarining narxi tushiriladi. Shunday qilib biz bozor iqtisodiyotini quramiz. Meni chimchilanglar, bunaqasi bo‘lmagan", – deya hayratini izhor qilgan u.

O‘zbekistonda hozircha yagona yengil avtomobil ishlab chiqaruvchi GM Uzbekistan ko‘plab tanqidlarga nishon bo‘lib keladi.

Xaridorlar zavod mashinalari boshqa davlatlar bilan solishtirganda qimmatligi va uni sotib olishda pora talab qilish hollaridan noliydi.

Avtomobil zavodi prezident Shavkat Mirziyoyevning ham tanqidlariga sabab bo‘lgan.

Prezident "10 ming ishchi o‘rni yaratmasa bunday zavod bizga kerakmas" degan.

Import avtomobillariga qo‘yilgan bojlarning balandligi gohida kulgili holatlarga sabab bo‘lgani ham aytiladi.

O‘zAning xabar berishicha, farg‘onalik kishi Qirg‘izistondan ikkita "Neksiya" avtomashinasini 1300 dollarga sotib olgan va 600 dollar sarflab O‘zbekistonga olib o‘tgan. Ayni shu mashinalar 5200 dollarga baholanib davlat foydasiga musodara qilingan.