Yevropa chempionlar ligasi (YCHL) yarimfinal javob o‘yinida Angliyaning "Liverpul" jamoasi Ispaniyaning "Barselona" klubini 4:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Birinchi o‘yinda 3:0 hisobida yutgan "Barselona" javob o‘yinida yaqqol favorit sanalayotgan edi.

Qizig‘i, "Liverpul"da muammolar yetarlicha edi. "Barselona"dan farqli o‘laroq ingliz klubi Angliya chempionatida birinchilik uchun kurashni davom ettirmoqda. Kataloniyaliklar esa bu muammoni hal qilib bo‘lgan. Bundan tashqari, jamoaning eng asosiy o‘yinchisi Muhammad Saloh milliy chempionatdagi o‘yinda jiddiy jarohat olgandi va "Barselona"ga qarshi o‘yinga tusholmasligi aniq edi.

Shunday qiziq holatlardan biri "Barselona"da ham bor. Birinchi o‘yindan (3:0) keyin Lionel Messi 4:0 hisobida g‘alaba qozonish kerak edi deya yirik g‘alabadan ko‘ngli to‘lmagandi. O‘shanda u hazillashganmidi yoki bashorat qilganmidi? Boshqa variant ham bor: u o‘yin oxirida Usmon Dembele ko‘kka sovurgan vaziyatlarga ishora qilgan bo‘lishi mumkin. Dembele "Barselona" tarixidagi ikkinchi qimmat futbolchi bo‘lib, 105 million yevroga sotib olingan va hozirgacha jamoaga kirishib keta olmayapti.

Bu nega muhim?

"Barselona" ketma-ket ikki yildirki, 3:0 hisobida oldinda borayotib, yakunda yutqazib, YCHLdan chiqib ketayapti. O‘tgan yili chorak finalda o‘z maydonida "Roma"ni 4:1 hisobida yutgan, lekin javob uchrashuvida mehmonda 0:3 hisobida imkoniyatni boy berib musobaqani tark etgan.

Bu yil ham xuddi shu holat qaytarildi. Ko‘pchilik "Liverpul"ning g‘alabasiga ishonmagan edi. Ammo mutaxassislar mersisaydliklar haqli g‘alabaga erishganini ta’kidlamoqda.

Tarixiy ikkinchi kambek

"Liverpul" tarixida "buyuk qaytish" oldin ham kuzatilgan. 2005-yilgi YCHL finalida inglizlar Italiyaning "Milan" jamoasiga qarshi maydonga tushgan. Milanliklar birinchi taymda uchta gol urgan. Ikkinchi taymda esa uchta gol o‘tkazgan va yakunda penaltilar seriyasida inglizlar g‘alabani ilib ketishgan. Kechagi o‘yin ham shunday kambek sifatida tarixga kiradigan bo‘ldi.

"Barselona" ham 2017-yilda tarixiy kambek qilgan. O‘shanda birinchi o‘yinda "PSJ" (Fransiya) klubiga 4:0 hisobida yutqazgan. Biroq o‘z uyida o‘tgan javob o‘yinida 6:1 hisobida g‘alaba qozongan.

Finalda ingliz derbisi bo‘ladimi?

2008-yildan beri futbol muxlislari YCHL finalida yana ingliz derbisini ko‘rishlari mumkin. Buning uchun bugungi o‘yinda "Tottenhem" Hollandiyaning "Ayaks" jamoasini 1 ta to‘p farqi bilan yutishi kerak. O‘tgan haftadagi o‘yinda "taqachilar" o‘z uyida 0:1 hisobida yutqazishgan. "Tottenhem"ning asosiy futbolchisi Harri Keyn yana jamoasiga yordam bera olmaydi.

Chempionlar ligasi finalida ikkita ingliz jamoasi oxirgi marta 2008-yilda to‘qnash kelgan. Moskvada o‘tgan final o‘yinida "Chelsi" va "Manchester Yunayted" maydonga tushgan va dramatik uchrashuvda mankunianliklar g‘alaba qozongan.

Alohida qayd etish kerak, "Tottenhem" shu paytgacha YCHL finaliga chiqmagan.