Kongo Demokratik Respublikasidagi qo‘riqxonalardan birida o‘zini bolaligida qutqarib olgan reynjerlar bilan birga selfi tushgan ikki gorillaning surati dunyoni hayratga solmoqda.

Surat Kongoning Virunga milliy parkida olingan. Ota-onasini brakonyerlar o‘ldirganidan so‘ng ikki maymuncha shu yerda katta bo‘lgan.

Park direktori o‘rinbosari Innosent Mburanumvening Bi-bi-siga ma’lum qilishicha, jonivorlar o‘ziga g‘amxo‘rlik qiluvchi reynjerlar xatti-harakatiga taqlid qilishni o‘rgangan.

"Gorillalar reynjerlarni o‘z ota-onasi deb biladi", – qo‘shimcha qiladi u.

Janob Mburanumvega ko‘ra, ikki gorillaning onalarini 2007-yil iyulida brakonyerlar o‘ldirgan.

Reynjerlar ularni topib olganda maymunchalar atigi ikki va to‘rt oylik bo‘lgan.

So‘ng ular qo‘riqxonaga olib kelingan. O‘shandan buyon gorillalarning umri shu yerda, xavfsizlikda o‘tmoqda.

"Hayotining asosiy qismi reynjerlar yonida kechayotgani sababli ham gorillalar insonga taqlid qilishni ancha o‘rgangan – ular ikki oyoqda ham yura oladi", – deydi janob Mburanumve.

"Bu tabiiy hol emas, – davom etadi u. – Men buni ko‘rganimda, shunchalik qiziqarli manzara ekanidan… hayratda qolgan edim. Gorillaning odamga taqlid qilib, o‘rnidan turib yurishini kuzatish juda qiziqarli".

Biroq reynjerlik faoliyati doim ham qiziqarli kechmaydi – bu kasb hayot uchun o‘ta xavfli hisoblanadi.

  • O‘tgan yili pistirma qo‘ygan isyonchilar Virunga milliy parkining besh nafar reynjerini o‘ldirgan. 1996-yildan beri qo‘riqxonaning halok bo‘lgan reynjerlari soni 130 dan oshgan.
  • Kongo Demokratik Respublikasining sharqida hukumat va qurollangan turli guruhlar o‘rtasidagi ziddiyat hamon davom etmoqda.
  • Qurolli guruhlarning ayrimlari qo‘riqxona hududida izg‘ib yuradi va hayvonlarni ovlaydi.