FSB “Yandeks” kompaniyasidan “Yandeks.Pochta” va “Yandeks.Disk”dan foydalanuvchilarning ma’lumotlarini olish uchun shifrlarning kalitini talab qilgan. Bu haqda RBKga kompaniya xodimlari ma’lumot bergan. Ammo kompaniyaning o‘zi rasman bunday talab bo‘lganini rad etgan.

Bu bir necha oy avval bo‘lgan.

RBKning yozishicha, FSB "Yandeks"dan sessiya kalitini talab qilgan. Foydalanuvchi "Yandeks" serveriga ulanganda sessiya kaliti uning yozishmalari, login va parollarini shifrlaydi. Har bir sessiya uchun alohida shifrlovchi kalit bo‘ladi. Foydalanuvchi tizimdan chiqqanda kalit o‘z ishini to‘xtatadi. Bu kalit orqali nafaqat yozishmalar, login, parol, metama’lumotlarni ham qo‘lga kiritish, foydalanuvchi trafigini kuzatish mumkin.

  • Bu nega muhim: kompaniyaning maxsus xizmatlar bilan hamkorlik qilishi unga bo‘lgan ishonchni kamaytiradi, foydalanuvchilar boykot qilishi, kompaniyaga katta moliyaviy zarar yetishi mumkin.
  • Agar shu hisobga olinsa, "Yandeks" FSB bilan hamkorlik qilgan taqdirda ham buni oshkor qilmaslikka majbur yoki o‘zining obro‘sini saqlash uchun FSB talabini bajarmaganini ma’lum qiladi.

Rossiyada FSBga talab qilingan ma’lumotlarning berilmasligi saytlarning to‘liq bloklanishiga sabab bo‘lishi mumkin. "Yandeks" odatdagidek ishlab turibdi.

2016-yilgi qonunga ko‘ra FSBning Operativ va texnik tadbirlar markazi Axborot tarqatish tashkilotchilari reyestriga kiritilgan barcha internet tuzilmalaridan ma’lumot talab qilishi mumkin.