Parij sudi qo‘riqchisiga Parijdagi saroyini ta’mirlash uchun yollangan fransiyalik usta Ashraf Iydni kaltaklatgani uchun Saudiya Arabistoni qirolining qizi Hassa bint Salmonni sirtdan aybdor deb topdi. Saudiya malikasi shartli ravishda 10 oyga ozodlikdan mahrum etilib, 10 ming yevro jarimaga tortildi. Hassa bint Salmon sudda qatnashmagan.

Javobgarlikka tortish uchun asos bo‘lgan hodisa 2016-yilning sentyabrida sodir bo‘lgan. Saudiya qirolining Parijdagi saroyini ta’mirlash uchun yollangan Ashraf Iyd bir necha xonalarni telefonida suratga olgan. Suratlarning birida qirol qizi aks etib qolgan.

Yollanma usta Hassa bint Salmonni suratga olish niyati bo‘lmaganini, u suratga tasodifan tushib qolganini ta’kidlagan. Parij sudi ishongan ushbu so‘zlarga Saudiya malikasi ishonmagan. Qirol qizining qo‘riqchisi fransuzning telefonini tortib olgan. O‘zini esa urib, malikaning oyog‘ini o‘ptirishga majburlagan.

Ushbu hodisadan ko‘p o‘tmay Hassa bint Salmon hibsga olingan, biroq tez orada so‘roq qilinmasdan qo‘yib yuborilgan. Shundan so‘ng u Saudiya Arabistoniga uchib ketgan. Sud unga sirtdan hukm chiqargan.