Finlyandiya migratsiya xizmati (Migri) xabariga ko‘ra, yil boshidan beri o‘zbekistonlik 139 quruvchi ma’lumoti bo‘yicha hujjatlar qalbaki bo‘lgani uchun mamlakatdan deport qilingan.

Finlyandiyada ishlamoqchi bo‘lgan quruvchilarning hujjatlarida "Tuyamo‘yingidrostroy" kombinati o‘quv kurslarini tugatgani aks etgan. Migri bu ma’lumotga aniqlik kiritish uchun O‘zbekistonning Latviyadagi elchixonasiga so‘rov yuborgan. Elchixonadagilar kombinat 1993-yilda yopilib ketganini aytgan. Qalbaki hujjatlarda esa quruvchilar kombinat kurslarini 1997 – 2016-yillari tugatgani ko‘rsatilgan.

Finlyandiya chegara xizmati qalbaki hujjatlarni tekshirishni 2018-yil oktyabrda boshlagan. Migri ma’lumotiga ko‘ra, jami 400 taga yaqin qalbaki hujjat aniqlangan.

Finlyandiya qurilish sanoati ittifoqining aytishicha, mamlakatdan deport bo‘lgan o‘zbekistonliklar asosan bo‘yoqchi va suvoqchi bo‘lib ishlashgan.

"Bunday ishlarni faqat o‘zbekistonliklar qiladi. Agar Migri ularni deport qilishda davom etsa, butun boshli soha xavf ostida qoladi", – degan LTU Group qurilish kompaniyasi bosh direktori Malik Bentoyib.

Qoidaga ko‘ra Migri Yevropa ittifoqiga kirmaydigan davlatlardan kelgan odamlarning hujjatlarini qalbaki deb topsa, ular darhol deport qilinadi va ikki yilga Shengen vizasiga taqiq qo‘yiladi.