Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Komil Allamjonov blogerlar nafaqat o‘zlari tarqatgan ma’lumotlar, balki ular ostidagi «soxta akkauntlar yoki trollar tomonidan yozilayotgan» sharhlar uchun ham mas’ul ekanligini aytgan.

Bu haqdagi rasmiy bayonot va video chorshanba kuni ertalab Allamjonovning Instagram va Facebook sahifalarida joylashtirilgan.

Unda agentlik rahbari o‘zbekistonliklarning ijtimoiy tarmoqlardagi faolligini olqishlagani holda, «oxirgi paytda xaqoratli so‘zlar, tuhmatli gaplar, so‘kinishlar, obro‘sizlantiruvchi fikrlar keskin ko‘payib borayotgani»ni qayd etgan.

«Bunday izohlar o‘z navbatida har bir fuqaroga salbiy tasir ko‘rsatib, yolg‘on ma’lumotlar shakllanishi, odamlarimiz orasida turli mishmishlar paydo bo‘lishiga olib kelmoqda. Eng yomoni, bularning aksariyati bir guruh trollar yoki «feyk», ya’ni soxta akkauntlar tomonidan uyushtirilmoqda. Bularning ortida nima maqsad yotgani, bu guruhlar kimga qarashli ekani katta savol tug‘diradi», – deydi Komil Allamjonov.

Bu «nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyoning boshog‘rig‘iga aylangani»ni qayd etgan Allamjonov ommaviy tartibsizliklar xavfidan ham ogohlantirgan.

«Sizga yaxshi ma’lumki, turli ommaviy tartibsizliklarning barchasi ushbu resurslar yordamida amalga oshiriladi. Yaqin qo‘shni davlatlar, umuman, dunyo hamjamiyati ham ushbu muammo bilan qattiq kurashib kelmoqda», – deyiladi bayonotda.

Allamjonovga ko‘ra «har bir jurnalist, bloger OAV orqali aytayotgan gapi, berayotgan ma’lumoti uchun qonun oldida javobgardir».

Mulozim «juda ko‘plab xorijiy davlatlarning yetakchi ommaviy axborot vositalari faoliyati o‘rganilganda aynan shu mezonga qat’iy amal qilinishi ko‘rilgani»ni aytgan, ammo aniq davlatlar tajribasidan misol keltirmagan.

U blogerlarni javobgarlikdan ogohlantirgan

«Bir so‘z bilan aytganda, bundan buyon har bir OAV, blogerlar, ijtimoiy tarmoqlar va mobil messenjerlardagi guruhlar moderatorlari nafaqat o‘zlari yozgan ma’lumotlarda yuqoridagi talabga rioya qilishlari, balki belgilangan qonun asosida ular ostidagi fuqarolar, "feyk" akkauntlar yoki trollar tomonidan yozilayotgan davlat axborot xavfsizligiga tahdid soluvchi buzg‘unchi sharhlar, haqoratli so‘zlar, tahqirlashlar, yolg‘on izohlar uchun ham qonunda belgilangan tartib asosida javobgar bo‘lishlarini esatib o‘tmoqchimiz. Sizdan faqatgina qonunchilikdan kelib chiqqan holda bunday malumotlarni o‘tkazmaslik yoki sahifangiz ostida yozilgan bo‘lsa, uni zudlik bilan o‘chirib tashlash amaliyotini yo‘lga qo‘yish so‘ralmoqda», – deb aytgan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Komil Allamjonov o‘z bayonotida.

Avvalroq u «Ozodlik» radiosini o‘ziga qarshi salbiy axborot kampaniyasi yuritishda ayblagandi.

12-avgust kuni e’lon qilingan bayonotda «Ozodlik» radiosi 48 ta soxta akkaunt yordamida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) rahbariyatiga qarshi qasddan salbiy axborot kampaniyalari tarqatgani» da’vo qilingan.

«Noxush xabar»

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktorining bayonoti mahalliy blogerlar tomonidan «noxush xabar» deya qarshilandi.

«Birovni yemagan somsasi uchun haq to‘lashga majbur qiladigan qonun – bo‘lmag‘ur qonun. Biror tayinli xalqaro tashkilotga ekspertizaga berilsa, o‘sha qonunni ham "OAV to‘g‘risida"gi qonunimiz kabi bir tiyinga qimmat deb baholab beradi», – deb yozdi bloger Muhrim A’zamxo‘jayev o‘zining «Telegram»dagi kanalida.

Uning fikricha, Allamjonovning so‘nggi bayonoti hukumat so‘z erkinligi borasida avvalroq bergan mujdalar ohangiga zid.

«Feysbuk» foydalanuvchilari Allamjonovning bayonoti ostida ko‘plab tanqidiy izohlar qoldirishgan.

«Har burchakdan "so‘z erkinligi, so‘z erkinligi!" deb jar solayapmizu, lekin "kommentatorning yozgani uchun sayt egasi, bloger, admin javob beradi!" degan mana bunaqa signallar – juda noxush va yoqimsiz. Istak bo‘lsa, har qanday anonim va feykning ortidagi odamni topsa bo‘ladi», – deb yozdi A’zamxo‘jayev.

Yana bir bloger Nurbek Alimov esa boshqa davlatlarning blogerlar o‘z bloglari ostida qoldirilgan izohlar uchun mas’ul emasligi nazarda tutilgan qonunchilik tajribasidan misollar keltiradi.

«Germaniya va Rossiyada sud qarori bilan o‘chirishing mumkin sharhni, Finlyandiya o‘chirishni tavsiya etadi va majburlamaydi. AQSH esa demokratiya va so‘z erkinligining ini sifatida bloger yoki saytni unda boshqalar tomonidan qoldirilgan sharhlar uchun umuman javobgarlikka tortmaydi. Taram param pam!», – deb yozgan u Alimoff kanalida.

Bloger Nozim Safari esa «Ushbu telegram kanal postlari ostida yozilgan kommentlarga Safari javobgarlikni o‘z bo‘yniga olmaydi», – deya istehzo qilgan.

Komil Allamjonovning ogohlantirishi uning muovini Saida Mirziyoyevaning «blogerlarni qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq normalar ishlab chiqilayotgani» haqidagi bayonoti ortidan yangragan.

2-avgust kuni «Feysbuk»ka joylashtirgan postida Saida Mirziyoyeva ayni maqsadda «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishini aytgandi.