Agar kichkintoyingiz bog‘chadan birovning qo‘g‘irchog‘ini ko‘tarib kelsa tashvishlanmang, bolam kelajakda o‘g‘ri bo‘lib ketadi deb xavotirlanmang. Odatda bolalar yomonligi yoki yovuzligi uchun narsa o‘g‘irlashmaydi: buning ildizi ko‘pincha oiladagi munosabatlarga borib taqaladi.

Savol. Besh yashar qizim bog‘chadan har xil o‘yinchoqlab olib kelib singlisiga hadya qilayotganini bilib qoldim. Aytishicha, bir-ikkita ertak to‘qib aytib bergani uchun o‘yinchoqlarni unga sovg‘a qilishgan emish. Ilgari hech bunday qilmasdi. Men unga birovning narsasini olish mumkin emasligini tushuntirdim. Bu o‘yinchoqlar bog‘chaniki ekanini, uni hamma bolalar o‘ynashi kerakligini, hamma bitta-bitta o‘yinchoqni uyiga olib ketaversa bog‘chada o‘ynash uchun o‘yinchoq qolmasligini uqtirdim. Lekin u bu qilig‘ini tashlamayapti. Keyin biz o‘yinchoqlarni bog‘chaga qaytarib berayapmiz, ammo bolam buni xohlaasligi yuz-ko‘zidan ko‘rinib turibdi. Uyda o‘zining o‘yinchoqlari ko‘p. Hatto bir qizimizning tug‘ilgan kuni bo‘lsa ikkinchisi ham sovg‘asiz qolmaydi. Maslahat bering, qizim yana o‘g‘irlik qilmasligi uchun nima qilay, unga qanday tushuntiray?

Javob. Bola bog‘chadan biron narsani so‘ramasdan olsa ota-onalar bolam o‘g‘ri bo‘lib ketadi deb tashvishga tushib qolishadi. Bilib qo‘yganingiz yaxshi: aksariyat ota-onalar umrida bir marta bo‘lsa ham shunday vaziyatga duch keladi.

Birovning narsasini so‘ramasdan olish besh yashar bola uchun normal holat. Bu yoshda bolalar o‘z xatti-harakatlari va istaklarini to‘liq nazorat qila olishmaydi. Ularda iroda shakllanmagan bo‘ladi. Lekin bu mazkur holatga e’tibor bermaslik kerak degani emas. Bola ijtimoiy normalarni o‘zlashtirishiga ko‘maklashish uchun bunday xulqning sababini tushunish lozim.

Bolalar o‘g‘irligining bir nechta sababi bo‘lishi mumkin:

1. Qush uyasida ko‘rganini qiladi. Ota-onalar o‘z xulqi bilan o‘rnak bo‘lsalargina o‘g‘irlikning yomonligi haqidagi gaplar, “seniki – birovniki” degan tushunchalar bolaga ta’sir qiladi.

2. Bolaning shaxsiy narsalari bo‘lmaydi. Ko‘pincha narsalar bolaniki bo‘ladi-yu, lekin ularga ota-ona xo‘jayinlik qiladi. Yoki narsa bola bilan uning aka-ukasi yoki opa-singlisiga birday tegishli bo‘ladi. Bu “meniki – birovniki” degan tushuncha shakllanishiga imkon bermaydi. Albatta bolaning tashlab yuboradimi, sovg‘a qiladimi, yashirib qo‘yadimi, teginmaydimi – nima qilsa o‘zi biladigan shaxsiy narsalari bo‘lishi shart. Shuningdek bola unda bu narsalarga nisbatan huquq bilan birga boshqalarga nisbatan majburiyat ham borligini tushunishi lozim. Ya’ni bolaga otasining, onasining narsalari qayerda turishi, uning narsalari qayerda turishini tushuntirish kerak.

3. O‘zini ko‘rsatish. Ba’zi ota-onalar bolasini hadeb kim bilandir solishtiraveradi, koyiydi, kamchiliklarini ko‘rsataveradi. Shuning uchun bola o‘zini ko‘rsatgisi keladi va birovlarning narsasini o‘g‘irlaydi.

4. E’tibortalablik. Ota-onalar ish bilan band bo‘lib, bolaga yetarlicha mehr berolmay, bu aybini uni sovg‘alar bilan siylab yuvishga harakat qilgan holatlar ham bo‘ladi. Mehrga qonmagan bola e’tibor va buyumlar o‘rtasida qanaqadir bog‘liqlik bor deb o‘ylay boshlaydi. Shu bois birovlarning narsasini o‘g‘irlab bo‘lsa ham ota-onaning e’tiborini o‘ziga qaratishga harakat qiladi.

Bola narsa o‘g‘irlamasligi uchun shunday niyat va sabablarga o‘rin qoldirmaslik kerak. Albatta, bola bog‘chadan narsa o‘g‘irlashining yana bir nechta sabablari bo‘ladi, lekin ular bolaning o‘zigagina xos bo‘lib, psixoterapiya jarayonida oydinlashadi.

Shuncha uqtirganingizga qaramay bola baribir yana shu qilg‘iliqni qilgan bo‘lsa u bilan uyda yuzma-yuz, yolg‘iz, xotirjam gaplashish kerak. Hech qachon u bilan bu haqda birovlarning oldida gaplashmang. Suhbat payti sizning oilangizda bunday ishga yo‘l qo‘yilmasligiga urg‘u bering. Bola ham, siz ham xotirjam holatda bo‘lishingiz lozim. Nasihat berishdan tiyiling. Chunki maqsadingiz o‘g‘irlik yomonligi, o‘g‘irlik qilavergan odam bunga o‘rganib ketishi haqida va’z qilish emas, bolaning ko‘ngliga yo‘l topishdir.

Boladan, ayniqsa maktab yoshiga yetmagan boladan nega bunday qilding deb so‘rash mumkin emas. Bolalar “nega?” degan savolga javob bera olishmaydi.

Boladan konkret savollarni so‘rash va uning tuyg‘ulari bilan qiziqish kerak. Undan nima qilganini, narsani kimdan olganini so‘rang.

Keyin unga narsani egasiga qaytarishi va undan uzr so‘rashi lozimligini tushuntiring. Bu paytda bola va narsaning egasi yolg‘iz bo‘lishgani ma’qul. Ota-onalar yoki pedagoglarning bolani hammaning oldida uzr so‘rashga majburlashi kutilgan samarani bermaydi, u o‘zini kamsitilganday his qiladi. Bolaga o‘g‘irlikdan ham kechirim so‘rash og‘ir botadi.

Bola uzr so‘raganidan keyin u bilan bu haqda uzoq gaplashish kerak emas, indinida bo‘lsa u allaqachon o‘ziga kerakli xulosani chiqarib olgan bo‘ladi.

Agar o‘g‘irlik yakkam-dukkam bo‘lmay muntazam takrorlanaversa psixologga murojaat qilishga to‘g‘ri keladi, chunki buning yuqorida sanalganlardan boshqa, chuqurroq sababi bo‘lishi mumkin. Ota-onalar ko‘pincha ta’na eshitishdan qo‘rqib, psixologga borishdan cho‘chishadi. Chunki bola qandaydir nojo‘ya ish qilgan bo‘lsa avvalo ota-ona o‘zini aybdor his qiladi. Lekin yaxshi psixologlar maxfiy ishlashadi va ta’na qilmay, sizga yordam berishga harakat qilishadi. Yaxshi psixolog hamisha sizga dalda bo‘ladi.

Ruhingizni cho‘ktirmang. Bolaning qanday tarbiya topishi bizga bog‘liq, shuning uchun harakat qilish kerak.