2-iyul kuni O‘zA vebsaytida paydo bo‘lgan «Sahnalashtirilgan qabul» sarlavhali maqolada Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev 28-iyun kuni Farg‘ona shahrida sayyor ommaviy qabul tashkil etgani va bu tadbirda fuqarolarni ishga joylash bo‘yicha ko‘plab ko‘zbo‘yamachiliklarga yo‘l qo‘yilgani iddao qilinadi.

O‘zA maqolasi

Anvar Qo‘chqorov yozgan maqolada qabulning rasmiy natijalariga ko‘ra «11 shahar-tumanda yashovchi 53 fuqaro murojaati tinglanib, ularning 11 nafari ishga joylashtirilgani», ammo ishli bo‘lgan ikki ayolning vazir Kudbiyev yordami bilan «rasman ishga qabul qilingan joyda», ya’ni Marg‘ilon shahridagi 6-maktabgacha ta’lim muassasasida aslida uzoq vaqtdan buyon ishlab kelayotgani borasida so‘z boradi.

Muallif ishli ayollarga rasmiyatchilik uchun vazirning sayyor qabulida «ishga joylashishda yordam so‘rab qilgan murojaati» asosida, go‘yo «ish topib berilgani»ni taxmin qiladi.

Maqolada ayollarning vazir qabuliga qadar ham ushbu bog‘chada mehnat qilib kelganiga ish hujjatlaridan dalillar keltirilgan.

Shuningdek, janob Qo‘chqorovning yozishicha, tumanlardan birining bandlik bo‘limi rahbari «vazir qabuliga ikki-uchtadan odam olib kelasan» degan buyruq olgan.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi maqola e’lonidan so‘ng zudlik bilan unda keltirilgan iddaolar bo‘yicha munosabat bildirdi.

Rasmiy bayonotda sayyor qabul jarayonida kelib tushgan 53 ta murojaatning har biri bo‘yicha vazir o‘rinbosari Bahodir Umurzoqov boshchiligida ichki tekshiruv o‘tkazilishi ta’kidlanadi.

Oradan ikki kun o‘tgach, ichki tekshiruv jarayonida ishtirok etgan Kun.uz nashri muxbiri vazir sayyor qabuli bo‘yicha sust faoliyat yuritgani va ijro intizomiga rioya etmagani hamda berilgan topshiriqlarni yetarli darajada bajarmagani tufayli qator tumanlarning bandlikka ko‘maklashish markazlari direktorlari hayfsan, jarima ko‘rinishidagi jazolarga tortilgani haqida xabar berdi.

Shuningdek, yuqorida tilga olingan ikki ayolning bolalar bog‘chasiga ishga joylashtirilishi yuzasidan ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘yilgani ham tan olingan.

Vazirga qarshi qoralov kampaniyasi boshlandimi?

Biroq maqolaga munosabat bildirgan blogerlar va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari vazir Kudbiyevning Farg‘onaga aslida ommaviy qabul tashkil etish emas, balki «ammasining o‘g‘li o‘tkazayotgan to‘y» uchun kelgani hamda uning choyxonada taomlanishi tasvirlangan jumlalarga tanqidiy munosabat bildirdilar.

Xususan maqolada janob Kudbiyevga hamrohlik qilgan «choyxona xizmatchisi»ning quyidagi so‘zlari keltiriladi:

«Menga vazir va o‘rinbosari keladi, shunga yarasha astoydil xizmat qilasiz deyishdi. 8-xonani yuvib taradik. Dasturxonga keltirib berishgan noz-ne’mat sig‘may ketdi. Rishtoncha osh pishirdik. Lekin... – Choyxona xizmatchisi biroz qizarib oldi. – Uch erkak, bir ayol edi ular. Bittasi – bizga osh buyurgan mezbon – vazirlikning Farg‘onadagi odami ekan. Mehmonlar ichaverishdi-ichaverishdi... Haligi mezbon aroq tashiyverdi... Besh shisha aroq ichishib, oshni tuzuq-quruq yeyishmabdi ham. Keyin vazirmi, o‘rinbosarimi, ikki qo‘ltig‘iga kirib arang mashinaga solishdi. Vazir degani ham shunaqa bo‘ladimi-a?!».

Mazkur holat ayrim bloger va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarida vazir Sherzod Kudbiyevga qarshi ommaviy qoralov kampaniyasi boshlangan degan taxminlarning yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan.

Vazirlik munosabati

Bi-bi-si o‘zbek xizmati bu farazlar bo‘yicha rasmiy munosabat olish maqsadida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga murojaat etdi.

Suhbatda bo‘lgan vazirlik matbuot markazi vakili «sahnalashtirilgan qabul» va obro‘sizlantirish farazlari o‘rganilayotgani, bu borada tez orada rasmiy bildirish berilishini ma’lum qildi.

«Birovni qoralab qo‘yish oson. Aytayotgan narsangizni o‘rganayapmiz… Haqiqatan shu narsa bo‘lganmi, biz tomondan yo‘l qo‘yilgan xatomi yoki haqiqatan sayyor qabulga kimnidir "podstava" qilib kirgizvorishganmi?.. Hammasi o‘rganilayapti», – deydi vakil.

9-iyul kuni Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi matbuot xizmati e’lon qilgan rasmiy xabarda ichki tekshiruv natijalari keltirilgan, xususan, ko‘zbo‘yamachilik holatlari bo‘yicha O‘zA maqolasida bildirilgan iddaolarning aksar qismi tan olingan.

Biroq rasmiy xabarda ehtimoliy obro‘sizlantirish harakatlariga munosabat bildirilmagan.

O‘zA munosabati

Shundan so‘ng Bi-bi-si o‘zbek xizmati «zakaz maqola» taxmini bo‘yicha maqolani e’lon qilgan O‘zbekiston milliy axborot agentligi bilan bog‘landi.

O‘zA axborot tahririyati bosh muharriri Asliddin Suyunov maqolani «hozirgi demokratik jarayonda ommaviy axborot vositasining o‘z pozitsiyasidan kelib chiqib, erkin bildirgan fikrlari» o‘laroq tasvirlaydi.

Suyunovning so‘zlariga ko‘ra, maqolaning buyurtirilganiga oid taxminlar asossiz va «zakaz» beriladigan davrlar allaqachon o‘tib ketgan, muhimi esa yuqori lavozimli mansabdorlarga doir tanqidiy fikrlarni ochiq bildirishga imkon tug‘ilgani e’tiborga molikdir.

«Ko‘pchilik odamlar har xil munosabat bildiradi. Endi bu erkin jamiyatda bo‘ladigan voqealar-ku. Bir xillar o‘ylaydi, asl mohiyat qolib, shaxsiy tomonlarni yoritib beradi deb. Bu endi ularning fikri. Hozir eng muhim narsa – davlatning rasmiy axborot agentligida vazirlarning ham, hokimlarning ham xato-kamchiliklari bormi, olib borayotgan ishlari qilinayotgan islohotlarga to‘siq bo‘layaptimi – shuning yoritilgani. Avvallari biror marta eshitganmisiz vazirni axborot agentligi "uribdi" yoki davlat gazetalari "urib chiqibdi" degan gaplarni?», – so‘zlaydi Suyunov.

«Nega O‘zA vazirning oddiy fuqaro sifatida choyxonada dam olish holatini ham tilga olgan?» degan savolga muharrir shunday deydi:

«Rahbar odam, xohlaydimi-yo‘qmi, har qanday jamiyatning ko‘zgusi. Hammaning fikri har xil. Turfa fikrlar bilan jamiyat rivojlanadi deydi-ku. Vazirmi, hokimmi – ularning qilgan xatosini ko‘rsata olishimizning o‘zi katta yutuq-da».

Bundan tashqari, Asliddin Suyunov «buni yoritish kerak, buni yoritmaslik kerak» qabilida ish ko‘riladigan bo‘lsa, matbuotning yana eski zamon qoliplariga tushib qolishini ta’kidlaydi.

«Mana hozir ko‘pgina gazetalar, telekanallar hali ham o‘sha eskicha qarash, eskicha senzura bilan o‘tiribdi. Uni yoritsak hukumatdan gap eshitamiz, buni yoritsak islohotlarga to‘siq bo‘ladi, vazir xato qilsa ham uni maqtab turishimiz kerak degan qarashlar bilan hali ham yotibdi», – deydi suhbatdosh.

Muallifning o‘zi nima deydi?

Bi-bi-si o‘zbek xizmati O‘zAda e’lon qilingan maqola muallifi – Anvar Qo‘chqorov taxallusi ostida ijod qiluvchi jurnalist bilan ham bog‘lanishga muvaffaq bo‘ldi.

«Bu maqola voqelik haqida yozilgan. Sherzod Kudbiyevni shaxsan tanimayman, unga nisbatan shaxsiy adovatim ham yo‘q», – deydi jurnalist.

Anvar Qo‘chqorov maqolaning mutlaqo buyurtma emasligi, shunchaki o‘z ishiga mas’uliyatsiz mansabdorlarning qilayotgan ishlaridan kuyunib yozilgan gaplar ekanini ta’kidlaydi.

Holatni batafsil o‘rganganini bildirgan muallifning aytishicha, Sherzod Kudbiyev ammavachchasi o‘tkazayotgan to‘yga borishga bahona topish uchun Farg‘onaga kelishidan bir kun avval – kechki soat 22 da viloyat mas’ullariga zudlik bilan ommaviy qabul tashkillash topshirig‘ini bergan.

Shu sababdan ham shoshib qolgan viloyat va tuman bandlikka ko‘maklashish markazlari mutasaddilari ko‘zbo‘yamachiliklarga yo‘l qo‘yishga majbur bo‘lgan.

Vazirning choyxonadagi maishati tasvirlangan jumlalarni esa Anvar Qo‘chqorov shunday izohlaydi:

«Agar u uyida, restoranda ishdan bo‘sh vaqti yoki dam olish kunlari shunday ish bilan shug‘ullanganda, bu uning shaxsiy ishi edi. Lekin ish vaqtida, kuppa-kunduz kuni choyxonadagi o‘nlab odamlar ichida o‘zini bunday tutishi hukumat a’zosiga nomunosib ish deb o‘ylayman. Bu yerda hukumatning imiji haqida gap ketayapti, Kudbiyevning emas. Bu holat odamlarning vazirlar shunday bo‘lar ekan-da deb o‘ylashiga sabab bo‘ladi».