O‘zbekistonda ilk bor iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimi tashkil etilmoqda.

Bunday tizim nega muhim: O‘zbekistonda so‘nggi o‘n yilliklarda inson kapitali degradatsiyaga uchrayotgani va bu jarayon to‘xtamayotgani sir emas. Bunga sabab "aqllar hijrati" bilan birga mamlakatda iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimi tashkil etilmaganidir. Natijada millatning intellektual elitasi qayta shakllanmayotgan edi. Inson kapitalisiz mamlakat na barqaror iqtisodiy o‘sishi, na kelajak mehnatiga qodir ishchilar kontingentini shakllantirishi, na xalqaro maydonda raqobatlashishi mumkin.

Afsus, bu muammo bilan o‘zbek hukumati so‘nggi yillardagina jiddiy shug‘ullanishni boshladi. Lekin hechdan ko‘ra kech yaxshi.

  • Bu borada ilk qadam yangicha fikrlaydigan, millatparvar intellektual elitani shakllantirishga qaratilgan Prezident maktablari takil etilishi bo‘ldi.
  • Ikkinchi muhim qadam esa prezidentning iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimiga zarurat mavjudligini e’tirof etgan mazkur qarori bo‘ldi.

Istiqbolli yoshlar aynan qanday qo‘llab-quvvatlanadi: Xalq ta’limi vazirligida Fan olimpiadalari bo‘yicha iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlash departamenti tashkil etilayapti. Uning asosiy vazifalari etib

  • iqtidorli o‘quvchi yoshlarni aniqlash,
  • ular faoliyatini (masalan, mahalliy va xalqaro olimpiadalarda qatnashishini) ilmiy, uslubiy va tashkiliy jihatdan ta’minlab borish belgilandi.

Quyidagi xalqaro olimpiadalar g‘oliblari davlat oliy ta’lim muassasalariga test sinovisiz va qo‘shimcha imtihonsiz qabul qilinadi:

  • Xalqaro matematika olimpiadasi – International Mathematical Olympiad (IMO);
  • Xalqaro fizika olimpiadasi – International Physics Olympiad (IPhO);
  • Xalqaro kimyo olimpiadasi – International Chemistry Olympiad (IChO);
  • Xalqaro biologiya olimpiadasi – International Biology Olympiad (IBO);
  • Xalqaro informatika olimpiadasi – International Olympiad in Informatics (IOI).

Bu g‘oliblarga “ustoz-shogird” tizimi asosida sohada yuqori natijalarga erishgan malakali mutaxassislar biriktiriladi.

Xalqaro olimpiadalar g‘oliblari va ularning o‘qituvchilari eng kam oylik ish haqining 500 baravaridan 200 baravarigacha bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanadi.

Xalqaro olimpiadalar g‘oliblarini tayyorlagan o‘qituvchilar va ta’lim muassasasi direktorlariga navbatdagi o‘quv yili uchun direktor jamg‘armasidan oltin, kumush va bronza medallari bo‘yicha tegishincha qo‘shimcha 200, 175 va 150 foizlik ustama to‘lanadi.

Respublika olimpialarida 1 – 3-o‘rinlarni egallagan ishtirokchilarga ixtisoslik fani bo‘yicha davlat oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida maksimal ball olish huquqini beruvchi va uch yil davomida amal qiluvchi sertifikat taqdim qilinadi.

Respublika miqyosida o‘tkaziladigan asosiy fan olimpiadalari g‘oliblarini imtihonsiz OTMga qabul qilish tizimi bekor qilindi.

Maktabga malakali pedagoglarni qaytarish maqsadida o‘qituvchi bo‘lib ishlayotgan:

  • xalqaro olimpiadalar g‘oliblari maoshiga har oy 150 foiz;
  • respublika olimpiadalari g‘oliblari maoshiga har oy 100 foizlik ustama haq to‘lanadi.

OTMni tamomlagan olimpiada g‘oliblari Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan shakllantiriladigan istiqbolli mutaxassislar zaxirasiga kiritiladi.