Fan olimpiadalari g‘olibi bo‘lgan, xalqaro olimpiadalarga o‘quvchilar tayyorlayotganlar Xalq ta’limi vazirligining Fan olimpiadalari bo‘yicha iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlash departamenti boshlig‘i va mutaxassisi lavozimlariga ishga taklif qilinmoqda.

O‘zbekiston prezidentining “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi Fan olimpiadalari bo‘yicha iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlash departamentining boshlig‘i va boshliq o‘rinbosari, shuningdek, olimpiadalarni tashkil etish, olimpiada nazorat materiallarini tayyorlash, iqtidorli yoshlar bilan ishlash, olimpiada natijalarini monitoring qilish bo‘limlarining har biriga boshliq, bosh va yetakchi mutaxassislar ishga olinadi.

Yuqori tashkilotchilik qobiliyatiga ega, mustaqil fikrlovchi, milliy hamda xalqaro olimpiadalarda sovrindor bo‘lgan, ayni vaqtda jamiyatning turli sohalarida faoliyat yuritayotgan, shu jumladan, pedagogik faoliyati davomida xalqaro olimpiadalarga o‘quvchilar tayyorlayotgan, ilg‘or xalqaro tajribalarni tatbiq qila oladigan, xorijiy tillarni biladigan barcha shaxslar tanlovda ishtirok etishi mumkin.