Sog‘liqni saqlash vazirligi Sanitariya-epidemiologiya nazorati bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Dilorom Tursunovaning aytishicha, hech bir bola shu kungacha emlashdan zarar ko‘rmagan.

Emlash emas, balki ota-onalarning bolani emlatishda zaruriy qoidalarni bilmasligi yoki bilsa-da amal qilmasligi, ayrim hollarda emlanishdan avval bolani ko‘zdan kechirgan shifokorning uquvsizligi turli muammolarga sabab bo‘lishi mumkin. Demak, bolasida ko‘zda tutilmagan muammolar paydo bo‘lgan ota-onalar vaksinani ayblashdan avval nimada xato qilganliklarini tushunishlari kerak bo‘ladi.

1Emlashgacha nima qilish kerak?

  • Emlanayotgan bola sog‘lom bo‘lishi shart. Emlashga olib boriladigan bolaning harorati, kayfiyati, uyqusi, ishtahasi me’yorida bo‘lishi, turli shikoyatlar bo‘lmasligi lozim. Tana haroratining baland bo‘lishi bola organizmida infeksiya mavjudligidan darak, uning immuniteti zo‘riqish holatida bo‘lishi mumkin. Bunday vaziyatda bolaning emlanishi immunitetning yanada zo‘riqishi va qo‘shimcha kasalliklarga sabab bo‘lishi mumkin.
  • Bolaning qorni juda och ham, juda to‘q ham bo‘lmasligi kerak. Tiniqib uxlagan, xotirjam bo‘lishi zarur. Bola bog‘chaga boradigan bo‘lsa, emlashgacha bir necha kun bormay turgani ma’qul. Ayniqsa turli kasalliklar mavsumida bunga alohida e’tibor qaratish lozim.
  • Bola emlangunga qadar, emlanayotganda va emlashdan keyin turli odamlar bilan muloqotda bo‘lmasligi kerak.
    Emlashdan avval ikki-uch kun va emlashdan keyin ikki-uch kungacha bolani odam ko‘p yig‘iladigan joylarga, mehmonga, turli tadbirlarga olib bormagan ma’qul. Bola turli infeksiyalarni yuqtirib olishi mumkin. Umuman, bolaning kasal bo‘lish ehtimoli yuqori bo‘lib turganda, deylik, oilada kimdir yuqumli kasallikka chalinganda emlatishni kechiktirib turish kerak. Emlatish uchun klinikaga olib borilganda ham navbat kutib, yo‘lakda turish kerak emas. Kasallik yuqtirib olish mumkin.
  • Bola emlanayotganda allergiya qo‘zg‘almagan bo‘lishi lozim. Bolada allergiya tez-tez qo‘zg‘ab tursa, oxirgi qo‘zg‘algan vaqtdan 3 hafta o‘tkazib emlatgan ma’qul.
  • Agar bolaga D vitamini berayotgan bo‘lsangiz, uni ham ikki-uch kun to‘xtatib turish kerak. D vitamini organizmda kalsiy so‘rilishida muhim rol o‘ynaydi. D vitaminining me’yordan oshirib yuborilishi allergiya qo‘zg‘alish ehtimolini oshirishi mumkin.
  • Bola oshqozoniga yuk qancha oz bo‘lsa, emlash shuncha oson o‘tadi. Bolaga sun’iy sut yoki bo‘tqa berilayotgan bo‘lsa, emlanadigan kun va keyingi kun miqdorini kamaytirib turish tavsiya qilinadi. Ya’ni bolaning qorni ochmaguncha ovqat bermagan ma’qul. Emiziladigan bolalarda oshqozonga ortiqcha yuk mammosi bo‘lmaydi, aksincha, ona suti bolaning emlashdan keyingi reaksiyadan oson o‘tishiga yordam beradi.
  • Bir kun davomida bolaning ichi kelmayotgan bo‘lsa, emlashni keyinga qoldirish kerak. Bolaning ichi yaxshi kelmasligi, ich qotishi emlashning og‘ir o‘tishiga sabab bo‘ladi.
  • Bolani turli dori-darmonlar bilan emlashga tayyorlab bo‘lmaydi. Ayrim ota-onalar bola emlashdan oson o‘tishi uchun turli antigistaminlar, tinchlantiruvchi dorilar berishadi. Shifokorning ko‘rsatmasisiz bolaga dori berish mumkin emas.
  • Kuchli issiq, sovuq yoki epidemiya sharoitida emlashni qoldirish kerak. Havo haroratidagi bola ko‘nikmagan o‘zgarishlar – yozning jaziramasi, qishning qahratonida emlatishni qoldirib turgan ma’qul.

    2Emlash vaqtida nima qilish kerak?

  • Emlangunga qadar shifokorning savollariga to‘g‘ri, aniq javob bering. Bolani emlatishga olib borishdan avval uning sog‘lig‘ini sinchkov kuzating. Har qanday emlashdan avval bola shifokor ko‘rigidan o‘tkaziladi. Shifokor bolaga sizning beradigan javoblaringizsiz to‘liq baho berolmasligi mumkin.
  • Emlangach bola organizmida bo‘ladigan o‘zgarishlar haqida shifokordan batafsil bilib oling. Bola emlangandan keyin uning immun tizimida o‘zgarishlar bo‘la boshlaydi. Bolaning kayfiyati, tanasida o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin. Kutiladigan o‘zgarishlarni avvaldan bilib olish turli xavotirlarning oldini oladi.
  • Bola emlangach, klinikadan uyga ketishga shoshilmang. Klinikadan tashqari chiqib, yarim soatcha o‘sha yerda aylanib turing. Bolada kutilmagan biror nojo‘ya o‘zgarish kuzatilsa, shifokorga murojaat qilishingiz oson bo‘ladi.
  • Emlangan bolani ma’lum muddat kuzating. Og‘ir kasalliklardan himoya qiluvchi vaksinalar bolaga noqulayliklar tug‘dirishi mumkin.

3Bola bezovta bo‘lib qoldi. Nima qilish kerak?

Vaksina olgan bola yuqori harorat va og‘riq sababli vaqtincha qiynalishi mumkin.

  • Bunday vaziyatlarda shifokor bilan maslahatlashib, harorat tushiruvchi, og‘riq qoldiruvchi dorilardan foydalanish mumkin.
  • Bolaga aspirin bermaslik kerak.
  • Agar bolada bezovtalik bir sutkadan ortiq davom etsa, shifokorga murojaat qilish kerak.

Emdan so‘ng bolaning oyoq yoki qo‘lida shish paydo bo‘lsa, qizarsa, nima qilish kerak?

  • Zarur bo‘lganda bolaning shishgan joyiga toza, ho‘l mato qo‘yiladi. Bunda ham bir sutka qaraladi.
  • Agar ahvol yaxshilanmasa, shifokorga murojaat qilinadi.

Bolaning harorati oshsa nima qilish lozim?

Tana haroratini tushirish uchun:

  • bolaga ko‘proq suyuqlik bering;
  • bolani o‘rab-chirmab tashlamang;
  • bola badanini gubkada iliq suv bilan arting;
  • harorat tushiruvchi va og‘riq qoldiruvchi dorini bolaning vazniga mos miqdorda bering. Aspirin bermang;
  • bolada uch kungacha og‘riq va harorat sababli bezovtalik bo‘lishi mumkin.

Bolada ich ketishi kuzatilsa, nima qilish kerak?

Bolaning oshqozon-ichaklari nozik, o‘zgaruvchan bo‘ladi. Vaksina ovqat hazm qilishda vaqtincha noqulayliklar keltirib chiqarishi mumkin. Buning ikki sababi bor:

  • vaksina tarkibidagi zararsizlantirilgan mikroblar oshqozon ishiga ta’sir qiladi. Emlashdan avval bolada ich qotishi, qorin dam bo‘lishi, hazm muammolari bo‘lsa, vaksina ich ketishiga sabab bo‘lishi mumkin;
  • emlash vaqtida bola me’yordan ortiq to‘ydirilgan bo‘lsa.

Agar ich ketishi turli biodorilar (lineks, bifeform, enterol va h.) berilgach kamaysa, xavotirga o‘rin yo‘q. Agar bolaning axlati yashil, qon aralash kelsa, ich ketishi bir sutkadan ortiq davom etsa, shifokorga murojaat qilish lozim.

Bola qayt qilsa, nima qilish kerak?

Emlangan bolaning bir sutka ichida bir marta qayt qilishi normal holat hisoblanadi. Agar bir necha kun o‘tib ham bola qayt qilsa, bu mutlaqo boshqa kasallikning oqibati bo‘lishi mumkin.

Bola betobdek ko‘rinayapti, shifokor chaqirish kerakmi?

Bola betob ko‘ringanda shifokorga murojaat qilgan ma’qul. Ammo alohida holatlarda bunga ayniqsa e’tiborli bo‘lish kerak. Masalan, bola bir sutkadan ortiq bezovta bo‘laversa, ukol qilingan joydagi qizarish ko‘payib borsa, uzoq vaqt davomida harorati tushmasa, bolaning axlati yashil rangda yoki qon aralash kelsa, ich ketishi bir sutkadan ortiq vaqt to‘xtamasa.