«Rus hukumati dastaklaydigan "YouTube"dagi 14 ta kanal dezinformatsiya tarqatib, milliardlab tomoshabinlarni o‘ziga jalb qilmoqda, reklamadan millionlab dollar ishlamoqda», – deydi tadqiqotchilar. «YouTube»ning talabiga zid ravishda bu kanallarga davlat homiylik qilishi ko‘rsatilmagan.

Vashingtonda joylashgan Omelas markazi o‘tkazgan o‘rganishlarga ko‘ra, bu kanallar orasida Rossiyaning NTV, «Rossiya 24» telekanallari ham bor. Ularda inson a’zolari bilan savdo qiluvchi AQSH siyosatchisidan tortib, Skandinaviya davlatlarining iqtisodiy tanazzuli haqidagi uydirmalargacha beriladi. Dezinformatsiya berilishiga qaramasdan bu kanallarning auditoriyasi keng, ularda Yevropa va AQSH kompaniyalari reklama beradi.

«Kreml "YouTube"ga o‘rnashib olgan. Unga qarashli kanallar hozirgacha 30 milliard marta ko‘rilgan», – deyiladi markaz hisobotida.

Masalan, «NTV»ning YouTube kanali 5,08 milliard marta ko‘rilgan va reklamadan 10 million dollar daromad olgan. «Rossiya 24» kanali qariyb 3 milliard (6 mln. dollar daromad), RT kanali 2,7 milliard (5 mln. dollar daromad) marta ko‘rilgan.

«YouTube»ga egalik qiluvchi Google o‘tgan yil fevralida hukumatlar dastaklaydigan axborot kanallari haqida foydalanuvchilarni ogoh qilish tizimini yo‘lga qo‘ygan.