Kecha Toshkent, Nukus, Namangan va Xivada 2019/2020-o‘quv yilida faoliyatini boshlaydigan Prezident maktablariga ilk saralash imtihonlari bo‘lib o‘tdi.

Imtihonga kuzatuvchi sifatida jalb etilgan jurnalistlar va ko‘ngilli ota-onalar jarayon shaffof va adolatli o‘tganini, hech qanday tanish-bilishchilik yoki qaysidir bolaga yordam berish holatlari bo‘lmagani, barchaga birday sharoit yaratilganini ta’kidlashdi.

Ularning e’tiroficha, imtihonlarning bu tarzda tashkillashtirilganini ko‘rgan odam Prezident maktablariga eng bilimli o‘quvchilar saralab olinishiga amin bo‘ladi.

Ilk saralash imtihonlaridan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda o‘quvchilar javob varaqalariga javob variantlarini qalam bilan belgilashgani, bu ish natijalarni soxtalashtirish, javoblarni istalgan vaqtda ӯzgartirish uchun qilinayotgani haqida gap-so‘zlar tarqaldi.

Minbar vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Prezident maktablariga qabulni shaffof va adolatli tashkil etishga mas’ul tashkilot sifatida tanlangan Cambridge Assessment tashkiloti ekspertlari bilan bog‘landi:

“Maktab yoshidagi bolalar testlarni yechayotganda xato qilishi mumkin. Yosh bolalar odatda bitta javobni belgilab keyin uning xato ekanini bilib qolgach, javobini o‘zgartirmoqchi bo‘ladi, ammo ruchka ishlatilganda javoblar varaqasidagi javobni to‘g‘rilashning iloji yo‘q. Testlarni tekshiradigan uskuna ruchkada ikkita javob belgilangan javobni inobatga olmaydi. Shu sababli bolalarga oson bo‘lishi uchun ham javoblarni qalamda belgilashni taklif qilganmiz. Bu butun dunyoda qo‘llanadigan tajriba”, – deydi Cambridge Assessment eksperti Grem Beyjes.

“Javob varaqalari imtihon tugashi bilan konvertlarga solinib, xolis kuzatuvchilarning ko‘z o‘ngida muhrlandi, – deydi Cambridge Assessment eksperti Jessika Kop. – Javob varaqalari shu kunning o‘zida Buyuk Britaniyaga olib ketildi. Javoblar Cambridge Assessment tomonidan tekshiriladi va bu jarayonga mahalliy mutaxassislar aralashtirilmaydi. Shunday ekan, javob varaqalarini soxtalashtirish, javoblarni o‘zgartirib qo‘yish haqidagi xavotirlar asossiz”.

Eslatib o‘tamiz, Prezident maktablariga iqtidorli o‘quvchilarni qabul qilish jarayonini adolatli, ishonchli va shaffof o‘tkazish Kembrij universitetining mutaxassislariga ishonib topshirilgan.

Imtihonlarning to‘g‘ri va xolis o‘tishini Cambridge Assesment tashkiloti nazorat qiladi. O‘zbek ekzamenatorlaridan farqli o‘laroq, xorijiy ekzamenatorlarni sotib olib yoki ularga ta’sir ko‘rsatib bo‘lmaydi.

Xalq ta’limi vaziri O‘zbekiston prezidenti imtihon jarayonini xolis va to‘g‘ri tashkil qilishni eng asosiy vazifa etib topshirganini ma’lum qilgan edi.

1858-yilda tashkil etilgan Cambridge Assessment Kembrij universitetining notijorat kafedrasi hisoblanib, 170 dan ortiq mamlakatdagi 10000 ta maktabda 8 milliondan ziyod o‘quvchining bilimini baholashda ko‘mak beradi. Kompaniyaning tajribasi Oxford, Stanford, Harvard, Yale, Columbia kabi sara universitetlar, Yevropa ittifoqi davlatlari, Kanada, Avstraliya, Yangi Zelandiya va boshqa ko‘plab mamlakatlar universitetlari tomonidan tan olingan.