Abituriyentlar Davlat xizmatlari markazlari orqali 15-iyundan 15-iyulgacha doimiy ro‘yxatda turgan joyidan qat’i nazar quyidagi OTMga soddalashtirilgan tartibda hujjat topshirishlari mumkin:

  • Toshkent davlat yuridik universiteti;
  • Qoraqalpoq davlat universiteti;
  • Guliston davlat universiteti;
  • Farg‘ona davlat universiteti;
  • Samarqand davlat universiteti.

Qolgan boshqa oliy o‘quv yurtlariga hujjatlar qabul komissiyalari tomonidan 15-iyundan 15-iyulgacha qabul qilinadi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

DXMning aytishicha, o‘tgan yili hujjatlarni tajriba tariqasida qabul qilish tartibi Toshkent davlat yuridik universitetida sinovdan o‘tkazilgan.

Bir qator hujjatlar uchun qo‘shimcha xarajatlar kamaytirilgani – 086-tibbiy ma’lumotnoma, yashash joyidan ma’lumotnoma, fotosuratlar, shuningdek, poytaxtga kelib-ketish va bu yerda yashash bilan bog‘liq xarajatlar qisqartirilgani evaziga 7 mingdan ziyod oilaning 1,5 milliard so‘mi o‘zining cho‘ntagida qolgan va vaqti tejalgan.

Bugun DXMlar orqali hujjat topshirish uchun faqatgina 2 ta hujjat so‘raladi:

  • fuqarolik pasporti (pasport yoshiga yetmaganlar uchun tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma);
  • umumiy o‘rta ta’lim (11-sinf negizida) yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasini tugatgani haqidagi hujjat (ilovasi bilan).

Imtiyozga ega abituriyentlar imtiyoz huquqini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etishi lozim.

Abituriyentlar Davlat xizmatlari markazlari orqali hujjat topshirganda so‘rovnoma to‘ldiradi.

  • Davlat xizmatini ko‘rsatish uchun joriy yil bitiruvchilaridan va nogiron yoki to‘liq davlat ta’minotidagi shaxslardan to‘lov undirilmaydi.
  • Test sinovlari o‘tkazilayotgan yildan avvalgi yillarda ta’lim muassasasini tugatgan abituriyentlardan eng kam oylik ish haqining 50 foizi (101365 so‘m) miqdorida to‘lov undiriladi.