O‘zbekistonlik iqtisodchi Yuliy Yusupovning fikricha, dunyodagi eng qimmat ish o‘rinlaridan biri O‘zbekistonda.

Bu Asaka zavodi.

O‘zbek avtosanoati mayog‘iga milliardlab dollar subsidiya va imtiyozlar ajratilgan.

Shunga qaramay avtomobil ko‘pchilik o‘zbeklar uchun hanuz bir orzu bo‘lib qolmoqda.

O‘tgan yili Rossiyada ishlayotgan o‘zbek migrantlaridan biri "YouTube"da GM Uzbekistan zavodi rahbariga videomurojaat e’lon qilib, undan avtomobillar narxini tushirishni so‘ragan.

"O‘n yildan beri mana shu odamlar sizning mashinangizdan olaman deb Rossiyada umri o‘tib yuribdi", – degan qashqadaryolik migrant o‘zi bilan birga ishlayotgan vatandoshlarini ko‘rsatib.

"Biz bechoralaram bir moshin minaylik, sizning mashinangizni", – degan muhojir.

Yiliga mingta ish o‘rni

Yuliy Yusupov
Foto: Gazeta.uz

Asakadagi avtomobil zavodida o‘tgan 20 yildan ko‘proq vaqt mobaynida 20 ming ishchi o‘rni yaratilgan, xolos.

Bu mamlakatdagi jami ish o‘rinlarining 0,15 foizi degani.

O‘tgan hafta Andijonga safar qilgan prezident Mirziyoyevga ko‘ra, Andijon aholisining 30 foizi ishsiz, 417 ming ish o‘rni kerak.

Bu 20 ta Asaka zavodi degani.

Prezident Asaka zavodi yetarli ishchi o‘rni yaratmaganini aytib, "Bunaqa zavoddan beshta qurib, raqobatbardosh qilish kerak" degan.

"Bunaqa zavoddan beshta qurib, raqobatbardosh qilish kerak. Odamlar o‘zi uchun arzonini tanlab olishi kerak. Biz bitta zavodga hamma sharoitlarni yaratib berdik, boshqa davlatlar ishchilarini boqib yurdik.

Bitta mashina zavodi 3 million aholini boqadimi? Hech qachon boqa olmaydi. Shuning uchun Hyundai zavodlarini ochayapmiz vodiyning boshqa viloyatlarida. Jizzaxda zavod ochayapmiz.

Chunki mashina raqobatbardosh bo‘lishi kerak. Bozor iqtisodiyoti shunday. Bu zavodga esa shuncha yil davomida barcha sharoitlarni berib qo‘ydik, mazza qilib yurishdi, aqlini ishlatmay yurishdi. Qanday qilib 20 yildan beri mashina uchun barcha xomashyo va ehtiyot qismlarni Koreyadan olib kelib yurish mumkin? Biz o‘zimiz eplay olmaymizmi?

Bugun vazifa qo‘ydim, zavod 10 ming ishchi o‘rni yaratishi lozim. Yo‘qsa bunaqa zavod kerakmas. Holbuki, viloyatda 417 ming ishchi o‘rni yaratilishi kerak", – deya prezidentdan iqtibos keltirgan Kun.uz nashri.

Yangi zavod kerakmi?

Foto: Xabar.uz

Ammo iqtisodchi Yuliy Yusupovga ko‘ra, yangi zavodlarni qurish katta xato bo‘ladi.

Uning "Feysbuk"da yozishicha, O‘zbekistonga yangi avtomobil zavodlari kerak emas.

"Avtomobil bozorida monopoliyani yo‘q qilish uchun boj to‘lovlarini kamaytirishning o‘zi kifoya", – deydi iqtisodchi.

Shunda iste’molchilarda tanlov, avtosanoatda raqib, byudjetda esa nihoyat daromad paydo bo‘ladi.

Yuliy Yusupovga ko‘ra, bundan faqat qimmat ehtiyot qismlar va shapkalardan boyigan korrupsioner va raqobatbardosh ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yolmagan besamar menejerlar yutqazadi, xolos.

Ayni paytda Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri mamlakatdagi ishsizlikka doir yangi raqamni e’lon qilgan.

Unga ko‘ra, ishga muhtoj aholi soni – 1 million 391 ming kishi.

Xorijda 2 million 365 ming o‘zbekistonlik ishlamoqda.

Mustaqil tahlilchilar ishsizlar soni kamaytirib ko‘rsatilishini aytadilar.

Jumladan, Yuliy Yusupovning aytishicha, ko‘pchilik o‘zbeklar xorijda ishlayotgan yaqinlariga muammo chiqishini istamaganlari uchun ko‘pincha ularning chetda ishlayotganini yashirishadi.

O‘tgan yillarda hukumat ishsizlar soni va haqiqiy ijtimoiy vaziyatni xaspo‘shlash uchun aholini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazamay kelgani aytiladi.

Shu yil boshida Mirziyoyev 2022-yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish haqidagi farmonni imzolagan.