O‘zbekiston prezidentining va Vazirlar mahkamasining qarorlari bilan oliy o‘quv muassasalariga qabul jarayoniga bir qator olamshumul o‘zgarishlar kiritilgan edi. Adliya vazirligi o‘tkazgan matbuot anjumanida shu o‘zgarishlar bilan bog‘liq ba’zi mavhumliklarga izoh berildi.

V1 imtiyozi birinchi blok ingliz tili bo‘lgan yo‘nalishlarga ham o‘tadi

2019-yilning 1-yanvariga qadar B1 sertifikatini olganlar imtihonda birinchi blok ingliz tili bo‘lgan yo‘nalishlarga hujjat topshirsa, bu yilgi test sinovlarida B1 imtiyozi saqlanib qoladi. Xorijiy filologiya, Toshkent davlat yuridik universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga kirish uchun bo‘ladigan test sinovlarida (birinchi bloki ingliz tili) bu yil uchun B1 sertifikati o‘tadi.

2020/2021-o‘quv yilidan boshlab B1 sertifikati o‘rniga B2 sertifikati qabul qilinadi. Lekin 2019-yilgacha ushbu darajani olganlar uchun qarorda maxsus band bor: “2019-yilga qadar DTM tomonidan berilgan milliy sertifikatning imtiyozi uning amal qilish muddati davrida saqlanib qoladi”.

Majburiy fanlarga izoh berildi

2020/2021-o‘quv yilidan boshlab test fanlari majmuasiga 3 ta majburiy fanning qo‘shilishi orqali maktabdagi fundamental bilimni oshirish maqsadi ko‘zlangan. Keyingi yildan test fanlari majmuasini ikki bo‘limga ajratib, 1-bo‘limga barcha test topshiruvchilar uchun majburiy 3 ta fan – ona tili, matematika va O‘zbekiston tarixi, 2-bo‘limga da’vogarlik qilinayotgan ta’lim yo‘nalishiga mos ikkita fan kiritiladi.

“Biz ushbu o‘zgartirishga qaror qilishdan avval butun jahon tajribasini o‘rganib chiqdik. Deyarli barcha rivojlangan mamlakatlarda kirish imtihonlarida til va matematikadan sinov bo‘ladi. E’tibor berilsa, adabiyot yo‘q, faqat ona tilining o‘zi. Majburiy fanlardan testlar maktabdagi bilimning sinovi bo‘ladi”, – deydi DTM bosh boshqarmasi boshlig‘i Barno Rajabov.

Testlar qay tartibda tuzilishi aytildi

Bu yilgi test sinovlarida barcha abituriyentlar uchun bir xil testlar bazasi shakllantiriladi. Litsey, kollej va maktab darsliklari farq qilgani uchun umumiy mazmundagi savollar tanlab olinadi. Savollarning murakkablik darajasi har yilgidan osonroq bo‘ladi, 60 foiz abituriyent yecha oladigan darajadagi testlar tuziladi.

Shuningdek, harbiy xizmatchilar, nogironlar va shu kabi imtiyozli toifalarning imtiyozlari uch yo‘nalishdan faqat bittasiga o‘tadi. Sirtqi ta’limga topshirganlarga ham imtiyozlar birdek qo‘llanadi, bunda sirtqi ta’lim faqat to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

2019/2020-o‘quv yili qabulidan boshlab asosiy o‘zgarishlar

  • oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha test sinovlari iyul-avgust oylarida o‘tkaziladi;
  • eng yuqori ballning 30 foizi va undan yuqori ballni to‘plagan abituriyentlarga fanlar bo‘yicha test sinovlari natijalari aks etgan, 3 yil muddatga amal qiladigan sertifikat taqdim etiladi hamda ularga uchtagacha ta’lim yo‘nalishida tanlovda ishtirok etish imkoniyati beriladi;
  • abituriyentlar tomonidan oliy ta’lim muassasalarini tanlashda imtihon fanlari bloki va ketma-ketligining mosligi e’tiborga olinadi;
  • test sinovlari 2018-yildagi tajribadan kelib chiqib, katta sig‘imli bino va inshootlarda hamda zaruriyatga qarab qo‘shimcha binolarda o‘tkaziladi.